O‘zbekiston | 12:12 / 17.10.2019
14688
9 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning yangicha tartibi joriy etiladi

Foto: Fotolia

O‘zbekistonda ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Bu haqda “Huquqbuzarlikka qarshi kurash hamda xabeas korpus tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasida aytilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi “Elektron ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish” axborot tizimini joriy etish loyihasi doirasida ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish tartibini bosqichma-bosqich raqamlashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinishi mumkin:

ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yurituvni elektron shaklda yuritish va protsessual harakatlarni amalga oshirish vaqtida ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzishga vakolatli organlar, sudlar va Majburiy ijro byurosi, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan ma'lumotlar almashinuvi imkonini beruvchi himoyalangan tizimni, jumladan axborot tizimlari va ma'lumotlar bazalarini integratsiya qilish, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha statistika yuritishni avtomatlashtirish orqali joriy qilish;

ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yurituv amaliyotida protsessual hujjatlarning yagona elektron shakllarini ishlab chiqish;

ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuritish jarayonlarini, jumladan bu turdagi ishlar bo‘yicha elektron ish yurituvda tartib-taomillarni qisqartirish va ortiqcha bosqichlarni chiqarib tashlash orqali optimallashtirish;

protsessual harakatlarni amalga oshirish tartiblarini, jumladan elektron shaklda dalillarni to‘plash, ekspertizalar, sud muhokamasi o‘tkazish va sud qarorlarini ijro etish orqali soddalashtirish.

“Elektron ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish” loyihasini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha idoralararo komissiya tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Idoralararo komissiyaning ishchi organi etib belgilanadi.

Idoralararo komissiya (P. Bobojonov):

“Elektron ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish” dastlabki loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ish rejasini hamda idoralararo komissiya o‘rtasidagi ish taqsimotini tasdiqlaydi;

2021 yil 1 yanvarga qadar Toshkent shahrida dastlabki loyiha amalga kiritiladi;

2021 yil 1 iyunga qadar dastlabki loyihaning sinovlari natijalaridan kelib chiqib, ma'muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinishi munosabati bilan ma'muriy huquqbuzarlikka oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq Toshkent shahri hududida 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

vakolatli mansabdor shaxs huquqbuzarlikni aniqlashi bilan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish uchun elektron tizim o‘rnatilgan planshetlari orqali ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzadi va huquqbuzarga ushbu bayonnomaning elektron shaklini yoki qog‘oz shaklini taqdim qiladi;

vakolatli mansabdor shaxs tomonidan tuzilgan bayonnomada ko‘rsatilgan huquqbuzarlik o‘zi tomonidan sodir etilganligiga e'tiroz bildirmagan huquqbuzar bayonnomani planshetdagi maxsus barmoq izlarini skanerlovchi uskunasi orqali barmoq izlarini tushirish yo‘li bilan tasdiqlaydi. Huquqbuzar o‘zining jismoniy nuqsoni tufayli bayonnomani o‘qib, imzolay olmasa, bayonnomani dasturiy ta'minot o‘qib eshittiradi. Bu haqda bayonnomaga belgi qo‘yiladi;

bayonnomani tuzuvchi mansabdor shaxs huquqbuzarning yuz tuzilishini rasmga olib yoki planshetga barmoq izlarini tushirish orqali, elektron tizim planshetlari orqali real vaqt rejimida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bazasidan uning shaxsini aniqlaydi;

o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalari orqali aniqlangan huquqbuzar hamda qidiruvdagi shaxslar va ularning joylashgan joyi haqidagi ma'lumot hududdagi vakolatli mansabdor shaxslarga yuboriladi.

Huquqbuzarga tayinlangan jarimani elektron to‘lov tizimlari orqali joyida to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Huquqbuzar bayonnomada ko‘rsatilgan jarima summasini ixtiyoriy tarzda to‘laganligi haqidagi ma'lumot elektron bazaga bayonnoma topshirilgan sanadan boshlab o‘n besh sutka ichida kelib tushmagan taqdirda, elektron bazaga kiritilgan bayonnoma avtomatik tarzda tegishli vakolatli organlar yoki sudga jo‘natiladi.

Tegishli vakolatli organlar yoki sud elektron tarzda kelib tushgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni umumiy asoslarga ko‘ra ko‘rib chiqadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi loyihaning amalga oshirilishi va yuritilishiga mas'ul bo‘lgan vakolatli organ hisoblanadi;

b) “Elektron ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish” yuritish uchun zarur bo‘lgan texnik uskunalar, server planshet va boshqa moddiy texnika ashyolari va dasturlari “Xavfsiz shahar” loyihasini amalga oshirish doirasida sotib olinadi, idoralararo komissiya tomonidan tegishli axborot tizimlari va resurslarining integratsiya qilinishi ta'minlanadi.

Soddalashtirilgan tartibda yuritilgan ishlar yuzasidan jarimalar Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimni yaratish bo‘yicha investitsion loyihasi shartlari doirasida taqsimlanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “Elektron ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish” loyihasi xavfsiz shahar loyihalari doirasida amalga oshiriladi.

Belgilanishicha, 2019 yil 1 dekabrdan shaxs o‘ziga nisbatan vakolatli mansabdor shaxs tomonidan tuzilgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomada ko‘rsatilgan huquqbuzarlik sodir etganligini rad qilmasa, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Mazkur tartibga ko‘ra:

ish ma'muriy huquqbuzarlikka oid bayonnoma rasmiylashtirish vakolatiga ega mansabdor shaxs tomonidan qaror chiqarish orqali ko‘riladi;

vakolatli mansabdor shaxs tomonidan tuzilgan bayonnomaga asosan huquqbuzarga O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam miqdordagi jarimaning 85 foizi miqdorida jazo tayinlanadi;

ma'muriy jarima huquqbuzar tomonidan unga bayonnoma topshirilgan sanadan boshlab o‘n besh sutka muddatda ixtiyoriy ravishda to‘lanmagan taqdirda, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritish umumiy tartibda davom ettiriladi.

Quyidagi ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha soddalashtirilgan tartibda ish yuritish qo‘llanilmaydi:

ma'muriy huquqbuzarlikka oid ish soddalashtirilgan tartibda yuritilishiga huquqbuzar yoki jabrlanuvchining e'tirozi bo‘lgan ishlar;

sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jarima jazosidan boshqa turdagi ma'muriy jazo qo‘llanilishi nazarda tutilgan ishlar;

chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 29-1-moddasida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarlikka oid ishlar;

ish bo‘yicha o‘zgaga moddiy yoki ma'naviy zarar yetkazilgan bo‘lib, zarar ko‘rgan taraf yoki uning vakili zararni undirishni talab qilgan ishlar;

ma'muriy huquqbuzarlik bir necha shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lib, ularning loaqal bittasi huquqbuzarlik sodir etganini rad etgan ishlar;

Bir yil davomida takroran sodir etilishi oqibatida jinoiy javobgarlik kelib chiqishi nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha soddalashtirilgan tartibda yuritilayotgan ma'muriy huquqbuzarlikka oid ish bo‘yicha shaxsning muqaddam ma'muriy huquqbuzarlikka oid javobgarlikka tortilganligi haqidagi ma'lumotni darhol olishning imkoni bo‘lmasa, ish yuritish shu ma'lumotni olingunga qadar umumiy tartibda davom ettiriladi.

Soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilgan ish yuzasidan chiqarilgan qaror, ishni umumiy tartibda ko‘rish natijalari bo‘yicha chiqarilgan qaror bilan teng huquqiy kuchga ega bo‘ladi.

Soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilgan ish yuzasidan chiqarilgan qaror taraflarning talablari va e'tirozlarini asoslaydigan holatlarning mavjudligi yoki mavjud emasligi haqida faktik ma'lumot hisoblanadi.

Mavzuga oid