Jahon | 15:36 / 12.12.2025
3331
8 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda yomonlashayotgan ahvol, Donbassda «erkin iqtisodiy zona» taklifi va Yaponiyaning Xitoyga «javobi» – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

G‘azoda ahvol yomonlashmoqda

G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida ikki yillik Isroil genotsidi ortidan ko‘chirilgan oilalar sovuq tufayli yomon sharoitlarga duch kelmoqda. Xususan, payshanba kuni sakkiz oylik chaqaloq kuchli sovuqdan vafot etgani ma’lum qilindi.

O‘limni tasdiqlarkan, G‘azo sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari Munir al-Bursh yomg‘ir suvi bilan to‘lgan chodirlar ichida yana ko‘plab bolalar, qariyalar va bemorlar halok bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Uning aytishicha, chodirlar ichidagi namlik va turg‘un suv – pnevmoniya va nafas yo‘llari infeksiyalari uchun «mukammal muhit» yaratmoqda. Bemorlar esa dori yoki tibbiy yordam topa olmayapti.

G‘azo Fuqaro mudofaasining aytishicha, butun boshli lagerlar yomg‘ir suvi ostida qolgan, jumladan, Xon Yunusdagi al-Mavasi hududi, Deyr al-Balahdagi maydonlar, Nuseyratdagi Markaziy bozor hududi ham.

Qutqaruvchilar so‘nggi kunlarda bo‘ron vaqtida chodirlari suv bosgan ko‘chirilgan oilalardan 2 500 dan ortiq shoshilinch murojaat olgan. Janubdagi o‘nlab chodirlar to‘liq suv bosgani sababli evakuatsiya qilingan.

Ayni vaqtda G‘azo bo‘ylab ko‘chirilganlar lagerlaridagi 250 mingdan ortiq oila eskirgan chodirlarda sovuq havo va yomg‘ir suvi xavfi ostida qolmoqda.

Donbassda «erkin iqtisodiy zona» yaratish taklif qilindi

Prezident Volodimir Zelenskiyning aytishicha, Ukraina urushni tugatish bo‘yicha AQShga yangilangan 20 banddan iborat reja taqdim etgan. Kiyevda jurnalistlarga murojaat qilarkan, Zelenskiy – AQSh murosaviy variant sifatida sharqiy Donbass hududlarida «erkin iqtisodiy zona» yaratishni taklif qilayotganini aytdi.

«Ular buni Ukraina qo‘shinlari Donetsk viloyatidan chiqib ketishi deb ko‘rishyapti. Murosa go‘yoki shundan iboratki, Rossiya qo‘shinlari Donetsk viloyatining ushbu qismiga kirmaydi. Ular bu hududni kim boshqarishini bilishmaydi», dedi u. Unga ko‘ra, Rossiya buni «demilitarizatsiya qilingan zona» deb atamoqda.

Shu bilan birga, yer masalasida hali umumiy tushuncha yo‘q va ukrainaliklar har qanday hududiy imtiyozlar bo‘yicha referendumda ovoz berishlari kerak.

Zelenskiyning bildirishicha, Xarkiv va Sumi viloyatlarida, Dnepropetrovsk viloyatlaridagi kichik hududlardan Rossiyaning chiqib ketishi ham muhokama qilinmoqda.

Qisman bosib olingan janubiy Zaporojiye va Xerson viloyatlaridagi front chizig‘i esa hozirgi joyida «muzlatiladi», dedi u.

AQSh shuningdek, Yevropadagi eng yirik obekt — hozir Rossiya tomonidan egallab turilgan Zaporojiye atom elektr stansiyasini birgalikda boshqarish variantini ham taklif qilgan. Rossiya esa stansiya ustidan nazoratni o‘zida saqlab qolmoqchi.

Shu kunlarda Donald Tramp Ukrainaga tinchlik rejasini qabul qilish uchun Rojdestvogacha muddat qo‘ygan degan xabarlar tarqalgan edi. Zelenskiy esa Vashington Kiyevga qat’iy muddat qo‘ymaganini aytdi.

Kiyev janglar tugagach ham kuchli armiya saqlab qolmoqchi. Zelenskiyning aytishicha, so‘nggi loyihada armiya soni 800 ming deb belgilangan.

Yaponiya va AQShning javob parvozlari

11 dekabr kuni AQShning yadro qurolini tashishga qodir bombardimonchilari Yaponiya qiruvchi samolyotlari bilan birga Yapon dengizi ustidan parvoz qildi. Bu harakat — Xitoy va Rossiyaning Yaponiya va Janubiy Koreya atrofida o‘tkazgan mashqlaridan so‘ng kuch namoyishi bo‘ldi.

Yaponiya va AQSh «kuch bilan holatni bir tomonlama o‘zgartirishga urinishlarning oldini olish»da qat’iyat ko‘rsatdi, deyiladi rasmiy Tokio bayonotda.

Mashg‘ulotda AQShning ikkita B-52 strategik bombardimonchisi, yaponlarning 3 ta F-35 qiruvchisi va uchta F-15 qiruvchilari qatnashgan. Yaponiya ham, Janubiy Koreya ham o‘z hududiga AQSh kuchlarini joylashtirgan. Xususan, Yaponiyada AQShning xorijdagi eng yirik harbiy kontingenti bor.

Biroq AQSh rasmiysi bombardimonchilar parvozi ahamiyatini kamaytirib, ularning Xitoy-Rossiya mashqlaridan ancha oldin rejalashtirilganini aytdi.

Oq uy so‘zchisi Karolin Levitning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy bilan «ishchan munosabatlarni» ham, Yaponiya bilan «juda kuchli ittifoqchilikni» ham ushlab turishi mumkin. Garchi Tokio va Pekin o‘rtasida tanglik oshgan bo‘lsa ham.

Yaponiya hukumati rasmiylariga ko‘ra, Tramp o‘tgan oyda — Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichiga Tayvan yuzasidagi ziddiyatning yanada avj olishini istamasligini bildirgan. Chunki u kelasi yili savdo muzokaralari uchun Xitoyga bormoqchi.

Myanmada kasalxonaga zarba berildi

11 dekabr kuni Myanma g‘arbidagi Raxayn shtatida hukmron xunta tomonidan kasalxonaga havo hujumi uyushtirildi. Natijada kamida 30 kishi, jumladan, bemorlar halok bo‘ldi, yana 70 dan ortiq kishi yaralangan.

Ma’lum bo‘lishicha, «Mrauk U» kasalxonasi chorshanba kuni kechqurun harbiy samolyotdan tashlangan bombalar bilan urilgan. Reuters’ning yozishicha, 300 o‘rinli kasalxona hujum paytida bemorlarga to‘lib toshgandi. Chunki janglar davom etayotgani sabab Raxayn shtatining boshqa qismlarida tibbiy xizmatlar to‘xtab qolgan.

«Kasalxona butunlay vayron bo‘lgan. Halok bo‘lganlar sonining yuqori bo‘lishi sababi kasalxona to‘g‘ridan to‘g‘ri nishonga olingani», dedi hukumatga qarshi kurashayotgan qurolli guruh vakillaridan biri.

2021 yilda saylangan hukumat to‘ntaruv bilan ag‘darilgach, harbiylar namoyishlarni kuch bilan bostirgan. Shundan beri Myanma mojarolarga botgan.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha bosh komissari Folker Turk bunday hujumlar «urush jinoyati»ga teng bo‘lishi mumkinligini aytib, tergov o‘tkazishga chaqirdi. AQSh Davlat departamenti vakili bu xabarlarni «tashvishli» deb atadi va harbiy hukumatni tinch aholiga qarshi zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqirdi.

AQSh yana tankerlarni musodara qilmoqchi

AQSh ushbu hafta bir tanker musodara qilinganidan so‘ng yana Venesuela neftini tashiyotgan kemalarni to‘xtatishga tayyorlanmoqda. Reuters manbalariga ko‘ra, so‘nggi harakatlardan keyin ko‘plab kompaniyalar Venesuela suvlaridan rejalashtirilgan chiqishlarini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Oq uy so‘zchisi Karolin Levitdan Tramp ma’muriyati yana kema musodara qilishni rejalashtiryaptimi, deb so‘rashganda, u kelajakdagi harakatlar haqida gapirmasligini aytdi. Biroq AQSh — sanksiya siyosatini davom ettirishini qo‘shimcha qildi.

Levitning aytishicha, musodara qilingan kema AQSh portiga olib kelinishi kutilmoqda, u yerda hukumat neft yukini rasmiy huquqiy jarayon orqali musodara qiladi.

Manbalardan birining aytishicha, AQSh sanksiya ostidagi tankerlarning yana bir ro‘yxatini tuzgan, ular musodara qilinishi mumkin bo‘lgan kemalar hisoblanadi. Venesuela neft eksportining kamayishi yoki to‘xtashi — Maduroning asosiy daromad manbaiga bosimni yanada kuchaytiradi.

Xususan, Skipper tankerining musodara qilinishi — uchta yangi yuklangan partiya, jami 6 million barrel Venesuelaning nefti reyslarini vaqtincha to‘xtatishga majbur qilgan.

Mavzuga oid