Jahon | 14:59
2354
8 daqiqa o‘qiladi

Isroilga qarshi da’voga qo‘shilgan Belgiya, Kimning atom suvosti kemasi va Moskva osmonidagi dronlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroilga qarshi xalqaro da’volar

Belgiya Xalqaro jinoiy sudda Janubiy Afrika tomonidan ochilgan, Isroilning G‘azo sektorida genotsid sodir etayotgani haqidagi da’vo ishiga rasman qo‘shildi.

Seshanba kuni e’lon qilingan bayonotda BMTning Haagada oliy sudi Belgiya bu ish bo‘yicha aralashuv deklaratsiyasi topshirganini bildirdi. Avvalroq Braziliya, Kolumbiya, Irlandiya, Meksika, Ispaniya va Turkiya kabi boshqa davlatlar ham bu jarayonga qo‘shilgan.

Janubiy Afrika bu ishni 2023 yil dekabrida ochgan. Unda Isroilning G‘azodagi urushi «Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risida»gi BMT konvensiyasini buzayotgani ta’kidlangan.

Yakuniy qaror yillarga cho‘zilishi mumkin bo‘lsa-da, XJS 2024 yil yanvarida vaqtinchalik choralar belgilab, Isroil G‘azoga humanitar yordamning to‘siqsiz kirib kelishini ta’minlashni buyurgan. Ushbu sudning qarorlari huquqiy jihatdan majburiy hisoblanadi, biroq ularni bevosita ijro ettirish mexanizmi mavjud emas.

Isroil bu ayblovlarni rad etib, ishni tanqid qilgan. Shuningdek, Isroil sud qarorlari va ortib borayotgan xalqaro tanqidlarga qaramay, G‘azo va G‘arbiy Sohilda hujumlarini davom ettirmoqda. AQSh va uning bir qator ittifoqchilari esa Isroilga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.

AQSh bundan tashqari, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga nisbatan hibsga olish orderlari chiqargan Xalqaro jinoiy sud a’zolariga qarshi sanksiyalar joriy qilgan.

Isroilning G‘azoda ikki yil olib borgan genotsid ko‘rinishidagi urushi oqibatida qariyb 71 ming kishi vafot etgan.

Kimning yangi suvosti kemasi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In o‘zining ehtimoliy vorisi bo‘lgan qizi bilan birga suvosti kemasi qurilishi hamda yer-havo raketalari sinovini kuzatdi. Ushbu kadrlar KXDR davlat OAVlarida e’lon qilindi.

Sharqiy sohil yaqinida o‘tkazilgan raketa sinovi — yangi turdagi baland parvoz qiluvchi raketani baholashga qaratilgan bo‘lib, 200 kilometr masofada havodagi nishonlarni yo‘q qilgani aytilmoqda.

Janubiy Koreya Birlashgan shtabi raketa sinovi soat 17:00 da bo‘lib o‘tganini tasdiqladi. Yonhap ma’lumotiga ko‘ra, Janubiy Koreya harbiylari uchirishga tayyorgarlikdan xabardor bo‘lgan va bunga tayyor turgan.

Bundan tashqari, Kim boshqa bir hududda 8,7 ming tonnalik, yer-havo raketalarini uchira oladigan yadroviy dvigatelli suvosti kemasi qurilishini ham ko‘zdan kechirgan. Tashrif joyi va sanasi maxfiy bo‘lgan.

Bu suvosti kemasi loyihasi Shimoliy Koreya flotini modernizatsiya qilishga qaratilgan harakatlarining bir qismidir. Kim suvosti kemasi qurilish maydonchasida ham qizi Ju Ae bilan birga borgan.

Yetakchining aytishicha, Shimoliy Koreya tezlashtirilgan tartibda bir nechta hujumchi esminetslar va yadroviy suvosti kemalarini qurmoqda.

Davlat OAV xabarida Kim — Janubiy Koreya va AQShning yadroviy dvigatelli suvosti kemasini ishlab chiqish rejasi uni chora ko‘rishga majbur qilishini aytgan.

Moskva osmonidagi dronlar

24 dekabr kuni Rossiya havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Moskvaga yo‘naltirilgan 25 ta Ukraina dronini urib tushirgan.

Bu haqda xabar bergan Moskva meri Sergey Sobyaninga ko‘ra, dronlar taxminan 23 soatlik vaqt oralig‘ida qaytarilgan. Favqulodda xizmatlar dron bo‘laklari yerga tushgan joylarni tekshirayotganini, biroq hech qanday zarar qayd etilmaganini bildirdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa uch soatlik davr ichida mamlakat bo‘ylab Ukrainaning 29 ta droni yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Ular Moskvaga yo‘nalgan dronlarni ham o‘z ichiga olgan-olmagani ma’lum emas. Bir kun avval ham havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari 172 ta Ukraina dronini yo‘q qilganini aytgandi.

Ukraina harbiylari esa tunda ularning dronlari Tuladagi sintetik kauchuk zavodiga hamda Qrimdagi dengiz dronlari uchun mo‘ljallangan omborga zarba berganini aytdi.

Shuningdek, Ukraina Xavfsizlik xizmati Yeysk aerodromida Rossiyaning dengiz patrul samolyoti Il-38N nishonga olingan videosini e’lon qildi. SBUga ko‘ra, u Qora dengizda Rossiya armiyasining shunga o‘xshash yagona mashinasi bo‘lgan va usiz Moskva dengiz dronlarini ushlab qololmaydi.

Ukraina Moskvaning urush olib borish salohiyatini izdan chiqarish maqsadida Rossiya ichkarisida harbiy, energetika va logistika obektlarini nishonga olishni kuchaytirgan.

Xususan, bir necha kun oldin Moskvada General Fanil Sarvarov o‘ldirilgan joy yaqinida yo‘l-patrul xizmati mashinasi portlatildi. Rossiya tergov qo‘mitasi versiyasiga ko‘ra, «portlovchi qurilma harakatga keltirilishi» oqibatida ikki politsiyachi va ularga yaqin turgan shaxs halok bo‘lgan.

Nigeriyadagi masjidda portlash

24 dekabr kuni kechki payt Nigeriyaning shimoli-sharqidagi masjidda portlash sodir bo‘ldi.

Guvohlarning OAVga aytishicha, portlash chorshanba kuni soat taxminan 18:00 da Borno shtatining Maiduguri shahrida sodir bo‘lgan. Politsiya hujum oqibatida yetti kishi halok bo‘lganini va 35 kishi jarohatlanganini aytdi.

Bu — ehtimoliy xudkushlik hujumi bo‘lgani aytilmoqda. Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, voqea joyidan xudkushlik kamari bo‘laklari topilgan. Biroq aniq sabab va holatlarni aniqlash uchun tergov davom etmoqda.

Bu hudud qariyb yigirma yildan beri Boko Haram va IShIDning mintaqadagi bo‘linmalari olib borayotgan qurolli isyon markazida bo‘lgan shahar hisoblanadi. Lekin hujum uchun hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.

Venesuelaga bosim ortmoqda

Oq uy AQSh harbiylariga kamida keyingi ikki oy davomida Venesuela neftiga «karantin» joriy etishga butun e’tiborini qaratishni buyurdi. AQSh rasmiylarining Reuters'ga aytishicha, bu — Vashington hozircha iqtisodiy vositalardan foydalanishga qiziqayotganini ko‘rsatadi.

«Harbiy variantlar hanuz mavjud, biroq asosiy e’tibor Oq uy erishmoqchi bo‘lgan natijaga yetish uchun avval iqtisodiy bosimdan foydalanishga qaratilgan», — degan manba.

Xabarga ko‘ra, prezident Donald Tramp Venesuela bo‘yicha aniq maqsadlari haqida omma oldida ehtiyotkor bo‘lib kelayotgan bo‘lsa-da, yopiq tarzda prezident Nikolas Maduroni mamlakatdan chiqib ketishga undagan. Tramp dushanba kuni Maduroning hokimiyatdan ketishi «aqlli qaror bo‘lar edi», dedi.

Shu paytgacha ko‘rilgan choralar Maduroga nihoyatda katta bosim o‘tkazdi. Rasmiylarda agar Venesuela AQShga jiddiy yon berishlarga rozi bo‘lmasa, yanvar oxiriga borib jiddiy iqtisodiy falokatga duch keladi, degan ishonch bor.

Venesuelaning BMTdagi elchisi Samuel Monkada esa aslida «tahdid Venesuela emas, balki AQSh hukumati» dedi.

Pentagon hozirda Karib dengizida 15 mingdan ortiq askar bilan ulkan harbiy kuch jamlagan. Bu tarkibga bitta aviatashuvchi, yana 11 ta harbiy kema va o‘ndan ortiq qiruvchi samolyotlar kiradi. 

Mavzuga oid