Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eronga yangi hujumlarni to‘xtatdi, Belorusda Rossiya yadro qurollari bilan mashg‘ulotlar boshlandi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp Eronga rejalashtirilgan yangi hujumni to‘xtatdi
AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni – Tehron tinchlik taklifini yuborganidan so‘ng Eronga qarshi rejalashtirilgan hujumni to‘xtatib turganini bildirdi. Uning aytishicha, hozirda Eron yadro dasturini cheklovchi bitimga erishish uchun «juda yaxshi imkoniyat» bor.
«Biz ertaga Eronga rejalashtirilgan hujumni amalga oshirmaymiz. Biroq maqbul kelishuvga erishilmagan taqdirda, harbiylarimizga istalgan daqiqada Eronga jiddiy, keng ko‘lamli hujumni boshlashga tayyor turishga buyruq berdik», dedi Tramp. AQSh bunday hujum haqida avval e’lon qilmagandi.
Tramp o‘z postida Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA rahbarlari undan hujumni kechiktirishni so‘raganini aytdi. U AQSh va Yaqin Sharqdagi barcha mamlakatlar uchun «juda maqbul bo‘ladigan kelishuv» tafsilotlarini ochiqlamadi.
«Agar biz buni ularni butunlay bombardimon qilmasdan uddalay olsak, juda xursand bo‘lardim», dedi Tramp.
Trampning posti Eron tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Ismoil Baqoiy ularning javobi «Pokiston orqali yetkazilganini» tasdiqlaganidan keyin e’lon qilindi. Biroq Baqoiy ham tafsilotlarni keltirmadi.
Pokistonlik manbaga ko‘ra, kelishuvlarda siljishga erishish qiyin bo‘lmoqda. Chunki tomonlar «o‘yin qoidalarini, talablarini tinmay o‘zgartirmoqda».
Shuningdek, Reuters manbalari Vashington pozitsiyasi biroz yumshaganini ta’kidlamoqda. Bu Eronning muzlatilgan pullari va sanksiyalarga aloqador.
Pokiston Saudiyaga katta harbiy kuch yubordi
Eron urushida asosiy vositachi rolini o‘tayotgan Pokiston o‘zaro mudofaa pakti doirasida Saudiya Arabistoniga 8 000 nafar harbiy xizmatchi, qiruvchi samolyotlar eskadrilyasi va havo mudofaa tizimini joylashtirdi.
Bu haqda Reuters nashri uch nafar xavfsizlik mulozimi va hukumatdagi manbalariga tayanib yozdi.
Xususan, Pokiston aprel oyida Saudiyaga – Xitoy bilan birgalikda ishlab chiqarilgan JF-17 qiruvchi samolyotlaridan iborat, taxminan 16 ta havo kemasini o‘z ichiga olgan to‘liq eskadrilyani yuborgan. Shuningdek, dronlarning ikki eskadrilyasi ham bor.
Joylashtirilgan kuchlar tarkibiga yana 8 000 ga yaqin askar va Xitoyning HQ-9 havo mudofaa tizimi kiradi. Ushbu texnika va jihozlar Pokiston harbiylari tomonidan boshqariladi va Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalashtiriladi.
Pokiston harbiylari va Saudiya hukumatining media idorasi qo‘shin joylashtirilishi bo‘yicha izoh bermadi.
Ikki davlat o‘tgan yili imzolangan mudofaa bitimiga ko‘ra, har ikki tomon ham hujum uyushtirilgan taqdirda bir-birini mudofaa qilishi shart. Pokiston mudofaa vaziri oldinroq Saudiya Islomobodning yadroviy soyaboni ostida ekaniga shama qilgandi.
Xavfsizlik mulozimi so‘zlariga ko‘ra, yangi safarbarlik – qirollikda allaqachon jangovar vazifani o‘tayotgan minglab pokistonlik askarlar safiga qo‘shiladi. Mudofaa kelishuvi qirollikka 80 minggacha askar yuborish imkoniyatini nazarda tutadi.
Aslida Pokiston uzoq vaqtdan beri Saudiya Arabistoniga harbiy yordam ko‘rsatib keladi. Ar-Riyod esa o‘z navbatida iqtisodiy qiyinchiliklar davrida Islomobodni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan.
AQShdagi masjidda otishma
Dushanba kuni Kaliforniya shtatining San-Diyego shahridagi Islom markazida o‘smir yoshdagi ikki qurollangan shaxs o‘t ochdi. Oqibatda masjid tashqarisida bir qo‘riqchi va yana ikki erkak halok bo‘ldi. Shundan so‘ng gumondorlar o‘lik holda topilgan, ular o‘ziga o‘q uzib halok bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
San-Diyego politsiyasi okrugdagi eng yirik masjidga qilingan ushbu hujumni «nafrat zaminida sodir etilgan jinoyat» sifatida tekshirmoqda.
Biroq ushbu qurolli zo‘ravonlikka nima sabab bo‘lgani yoki unga turtki bergan biror aniq voqea haqida ma’lumot yo‘q. Otishmadan so‘ng masjid majmuasidagi kunduzgi maktab bolalari xavfsiz joyga ko‘chirilgan, ularga zarar yetmagan.
«Biz ilgari hech qachon bunday fojiani boshdan kechirmagan edik. Bu juda mudhish va qabih ishdir», dedi Islom markazi imomi va direktori Toha Hasan.
Politsiyaga ko‘ra, gumondorlardan birining onasi otishmadan taxminan ikki soat oldin politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan. Ona o‘z o‘g‘lining joniga qasd qilishga moyil bo‘lib qolganini va unga tegishli bo‘lgan uchta qurol va mashinani olib qochib ketganini aytgan.
Politsiya yoshlarni qidirishga tushgan hamda ehtiyot chorasi sifatida yaqin-atrofga patrul guruhlarini jo‘natayotgan bir paytda, masjiddagi otishma haqida qo‘ng‘iroqlar kela boshlagan. Rasmiylarning qayd etishicha, halok bo‘lgan xavfsizlik xodimi katta ehtimol bilan yanada dahshatliroq qon to‘kilishining oldini olishga yordam bergan.
G‘azoga kelayotgan yana bir flotiliya to‘xtatildi
Isroil kuchlari O‘rta Yer dengizining sharqiy qismida G‘azoga yo‘l olgan insonparvarlik yordami flotiliyasining 39 ta kemasini to‘xtatdi. Qolgan kemalar esa anklav tomon suzishda davom etmoqda.
Isroil tashqi ishlar vazirligi «G‘azoga nisbatan joriy etilgan dengiz blokadasining har qanday tarzda buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligini» bildirdi.
«Global Sumud» flotiliyasi tarkibidagi kemalar o‘tgan hafta Turkiya janubidan uchinchi bor yo‘lga chiqqandi. Bundan oldingi G‘azoga yordam yetkazish urinishlari ham Isroil tomonidan xalqaro suvlarda to‘sib qo‘yilgan.
To‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatilgan videotasvirlarda dushanba kuni harbiy kemalar flotiliyaga yaqinlashayotgani ko‘ringan. «Biz qonuniy, zo‘ravonliksiz insonparvarlik missiyamiz uchun xavfsiz o‘tish yo‘lagi berilishini talab qilamiz» deyiladi tashkilot bayonotida.
Guruhning ma’lum qilishicha, 39 ta davlatdan kelgan 426 kishi 54 ta kemada flotiliya tarkibida ishtirok etmoqda. To‘sib qo‘yilgan kemalar bortida Turkiyaning 44 nafar fuqarosi ham borligi aytildi.
Turkiya tashqi ishlar vazirligi Isroilning ushbu aralashuvini «yangi qaroqchilik harakati» deb qoraladi va fuqarolari xavfsiz qaytarish choralarini ko‘rmoqda.
Anqarada nutq so‘zlagan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham flotiliyaga qilingan ushbu hujumni qoraladi va xalqaro hamjamiyatni Isroilning harakatlariga qarshi chora ko‘rishga chaqirdi.
Belarusda Rossiya yadro qurollari ishtirokida mashg‘ulotlar
Dushanba kuni Belarusda Rossiya yadro qurollari ishtirokida harbiy mashg‘ulotlar boshlandi.
Belarus mudofaa vazirligi mashg‘ulotlar – mamlakatning turli hududlarida yadro qurolini joylashtirishga bo‘lgan shaylikni sinovdan o‘tkazishini ma’lum qildi. Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, mashg‘ulotlar «maxfiylikni saqlash, sezilarli masofalarga harakatlanish hamda kuch va vositalardan foydalanish hisob-kitoblarini amalga oshirishga» qaratadi.
Shuningdek, vazirlik ushbu mashg‘ulotlar hech bir boshqa davlatga qarshi qaratilmaganini ta’kidladi.
Ukraina tashqi ishlar vazirligi ushbu mashg‘ulotlarni keskin qoralab, g‘arblik ittifoqchilarni Rossiya va Belarusga nisbatan sanksiyalarni yanada kuchaytirishga chaqirdi.
O‘tgan haftada Zelenskiy Moskva Belarusni urushga yanada chuqurroq tortishga urinayotgani haqida aytgandi. Kreml bu ayblovlarni inkor etgan.
2023 yilda Aleksandr Lukashenko Rossiyaning taktik yadroviy raketalarini o‘z hududida joylashtirishga rozi bo‘lgan. Vladimir Putin ushbu raketalardan foydalanish ustidan nazorat Moskva qo‘lida ekanini bir necha bor ta’kidlagan.
2024 yilda Kreml Belarusning Rossiyaning yadroviy soyaboni ostiga oluvchi yangilangan doktrinasini e’lon qildi. Belarus Rossiya, Ukraina va NATO alyansining uchta a’zosi bilan chegaradosh hisoblanadi.
Mavzuga oid
16:19
Putin Xitoyga keldi, Ebola tarqalishi ko‘paydi, AQSh Yevropadagi harbiylarini qisqartiradi – kun dayjesti
14:41 / 18.05.2026
Moskvaga eng yirik dronlar hujumi va Eron atrofida keskinlashayotgan vaziyat – kun dayjesti
15:30 / 16.05.2026
Isroil Hamas qo‘mondoni o‘ldirilganini aytdi, AQSh Raul Kastroga ayblov e’lon qilmoqchi – kun dayjesti
15:26 / 15.05.2026