Jahon | 15:30
1276
8 daqiqa o‘qiladi

Isroil Hamas qo‘mondoni o‘ldirilganini aytdi, AQSh Raul Kastroga ayblov e’lon qilmoqchi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Isroil Hamas qo‘mondoni o‘ldirilganini ma’lum qildi

Isroil G‘azo sektoridagi havo hujumi natijasida Hamas qo‘mondoni Izz ad-Din al-Xaddodni o‘ldirganini ma’lum qildi. Isroil rasmiylari uni «7 oktyabr hujumi tashkilotchilaridan biri» deb ta’riflagan.

Guvohlarning BBC’ga ma’lum qilishicha, «Al-Mo‘’taz» deb nomlanuvchi turar joy binosiga ikki xil yo‘nalishdan bir vaqtning o‘zida uchta raketa zarbasi berilgan. Shundan so‘ng voqea joyidan qochishga uringan avtomobil nishonga olingan. Ushbu hujum Hamas bilan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, Isroil tomonidan G‘azoga uyushtirilgan so‘nggi zarbalardan biri bo‘ldi.

Mahalliy manbaga ko‘ra, voqea joyidan uzoqlashayotgan avtomobilni nishonga olgan ikkinchi havo zarbasi natijasida uch kishi halok bo‘lgan. Transport vositasi birinchi zarbada og‘ir yaralangan Xaddodni olib ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Isroil xavfsizlik xizmatining yuqori martabali mulozimi dastlabki ma’lumotlar — Xaddod «muvaffaqiyatli nishonga olingani»dan dalolat berishini bildirdi.

Hamasning harbiy qanoti — «Al-Qassam brigadalari» o‘z qo‘mondoni o‘ldirilgani haqidagi da’volarni hozircha tasdiqlamadi. Shuningdek, inkor ham etmadi.

Ayni vaqtda G‘azoda sulh ekaniga qaramay, Isroil hujumlari davom etmoqda. Qurolsizlanish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Binyamin Netanyahuning aytishicha, Xaddod «Hamasni qurolsizlantirish va G‘azo sektorini demilitarizatsiya qilish to‘g‘risidagi kelishuvni bajarishdan bosh tortgan».

Zelenskiy: Belarus urushga qo‘shilishi mumkin

Prezident Volodimir Zelenskiyning aytishicha, Belarus Ukrainadagi urushga yanada chuqurroq jalb etilishi mumkin. Xususan, Rossiya Belarus hududidan Ukrainaning shimoliga yoki NATO davlatiga hujum qilish rejalarini ko‘rib chiqmoqda.

«Rossiya Belarus hududining janubi va shimolida operatsiyalar o‘tkazish rejalarini ko‘rib chiqmoqda. Bular — yo Ukrainaning Chernigov-Kiyev yo‘nalishiga qarshi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri Belarus hududidan NATO davlatlaridan biriga qarshi qaratilgan», dedi Zelenskiy harbiy va razvedka rasmiylari bilan uchrashuvdan so‘ng. Lekin u boshqa tafsilotlarni keltirmadi.

Belarus janubda Ukraina bilan, shimol va g‘arbda esa NATO a’zolari bo‘lgan Polsha, Litva va Latviya bilan chegaradosh.

Zelenskiyning ushbu bayonotiga Moskva va Minskdan hozircha hech qanday munosabat bildirilmadi. Moskva Ukrainadagi harbiy rejalarini oshkor qilmaydi, ular davlat siri sifatida tasniflangan.

Putinning eng yaqin ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Lukashenko 2022 yilda Rossiyaning o‘z qo‘shnisiga bostirib kirishi uchun o‘z hududidan foydalanishga ruxsat bergandi. Biroq u yerda jang qilish uchun Belarus qo‘shinlarini yubormagan.

Shuningdek, Minsk o‘z hududida Rossiyaning taktik yadro qurollari va «Oreshnik» gipertovushli raketalarini joylashtirishga rozi bo‘lgan.

Kubada keskinlik kuchaymoqda

AQSh Kubaning sobiq rahbari Raul Kastroga qarshi bundan o‘ttiz yil muqaddam humanitar samolyotlar urib tushirilishi bo‘yicha ayblov e’lon qilishni rejalashtirmoqda.

94 yoshli inqilob timsoliga nisbatan ayblov e’lon qilinishi – Tramp ma’muriyati tomonidan Kubaga bosim kampaniyasi jiddiy kuchayishini anglatadi.

AQSh Adliya vazirligidagi manbalarga ko‘ra, Kastroga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan ayblov – Kubaning 1996 yilda humanitar guruh tomonidan boshqariladigan ikkita samolyotni urib tushirishi bilan bog‘liq. Raul Kastro o‘shanda Kuba mudofaa vaziri edi.

Kuba hozircha ayblov xavfi borasida to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh bermadi, biroq tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges o‘zining qat’iy qarshiligini bildirdi.

Reuters agentligi Havanadagi kubaliklar bilan suhbatlashgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ayblov e’lon qilinishi AQSh bilan muzokaralarni faqat orqaga qaytaradi va ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik inqirozni yanada chuqurlashtiradi.

Tramp ma’muriyati yanvar oyidan beri Kubani qamalga olib, amalda yoqilg‘i blokadasini joriy etdi, harbiy harakatlar bilan tahdid qildi va sanksiyalarni kuchaytirdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, 94 yoshli Raul Kastroga ayblov qo‘yilishi — uni qo‘lga olish yoki o‘ldirish bo‘yicha har qanday harbiy operatsiyalar uchun «qonuniylik niqobini» yaratdi.

Fidel Kastroning ukasi Raul Kastro hozirda rasmiy lavozimga ega bo‘lmasa-da, hamon orolning eng nufuzli hayot bo‘lgan yetakchisi va Kuba inqilobi timsoli sifatida ko‘riladi.

Eron boyitilgan uranini Rossiyaga berishi mumkin

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehron Moskva bilan boyitilgan uran zaxiralarini Rossiya tomoniga topshirish bo‘yicha dastlabki maslahatlashuvlar olib borganini tasdiqladi.

Eron bosh diplomati so‘zlariga ko‘ra, Tehron Moskvaning hamkorlikka tayyorligini yuqori baholagan. Biroq bu masala yakuniy tarzda faqat AQSh bilan Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarning keyingi bosqichida hal qilinadi.

«Biz ushbu bosqichga yetib kelganimizda, shubhasiz, Rossiya bilan qo‘shimcha maslahatlashuvlar o‘tkazamiz va Rossiya taklifi yordam bera olish-olmasligini ko‘rib chiqamiz», dedi Aroqchi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron uranini qabul qilishga tayyorligini 9 maydayoq ma’lum qilgandi. Rossiya 2015 yilgi Eron bilan yadroviy kelishuv doirasida ham ushbu sxemadan foydalangan. Ammo Donald Tramp ma’muriyati o‘zining birinchi prezidentlik muddati davrida ushbu kelishuvdan bir tomonlama tartibda chiqqandi.

Shu bilan birga, Islom inqilobi muhofizlari korpusi G‘arb matbuotida Tehron uranni olib chiqib ketishga prinsipial jihatdan rozi bo‘lgani haqida tarqalgan xabarlarni yolg‘on deb atadi.

Isroil–Livan sulhi 45 kunga uzaytirildi

Isroil va Livan rasmiylari Vashingtondagi muzokaralar davomida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini yana 45 kunga uzaytirishga kelishib oldi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti vakili Tommi Pigot ma’lum qildi.

Amaldagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimining muddati 17 may kuni tugashi kerak edi. Pigot ma’lumotlariga ko‘ra, Davlat departamenti vositachiligida muzokaralar 2-3 iyun kunlari qayta tiklanadi. Bundan tashqari, 29 may kuni Pentagonda har ikki davlat harbiylari o‘rtasida maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tadi.

14 aprel kuni Vashingtonda 1993 yildan buyon ilk bor Isroil va Livan vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularni ikki davlatning AQShdagi elchilari olib bormoqda.

Ammo Isroil sulh Livan janubiga taalluqli emasligini aytib, zarbalar berishda davom etmoqda. «Hizbulloh» ham Isroilga qarshi dronlardan keng foydalanmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid