Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangi eskrou tizimi. Bu uy-joy narxini yanada qimmatlashtiradimi?
Qurilish sektorida firibgarlik holatlarining avj olib ketishi fonida O‘zbekistonda ham eskrou tizimiga o‘tildi. Bu amaliyot iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishdagi katta bo‘shliqni to‘ldirishi kerak. O‘z navbatida uy-joy narxining yanada tez oshib ketishi bilan bog‘liq xavotirlar ham yo‘q emas. Bu qanchalik asosli?
2025 yil 1 iyuldan boshlab, ulush kiritish asosidagi qurilishlarda quruvchi va xaridor o‘rtasidagi oldi-berdining shakli va mazmuni o‘zgardi. Bunda, hali bitmagan uydan kvartira sotib olmoqchi bo‘lganlar quruvchining o‘ziga emas, bankka to‘lov qiladi. Quruvchilar va banklar o‘zaro kelishuv asosida bankda eskrou hisobvarag‘ini ochadi, ulushdorlar to‘lagan pullar shu hisobvaraqda yig‘iladi. Uy bitmaguncha quruvchi kompaniyalar bu pullardan foydalanolmaydi. Bu tartib 31 dekabrgacha ixtiyoriy bo‘ladi va agar kerakli qonunlar vaqtida qabul qilinsa, 2026 yil 1 yanvardan majburiy kuchga kiradi.
Eskrou tizimi nega joriy etildi?
Ko‘p hollarda uylarni topshirish muddati kechikib, aholi to‘lagan pullar «muzlab» turgani, shartnomalar asosan quruvchi manfaatiga xizmat qilayotgani oxirgi yillarning eng og‘riqli muammolaridan biridir. Bunda to‘gridan to‘g‘ri bitimlar deyarli sug‘urtalanmayapti. Mijozlar qurilish korxonasining «chin so‘ziga» ishonib, katta miqdordagi mablag‘larni ularning qo‘liga topshirib qo‘yyapti. Ya’ni bu borada iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishda katta bo‘shliq bor edi. Aynan firibgarlik bilan bog‘liq holatlardan mijozlarni himoya qilish usuli bor – eskrou tizimidir. Bu dunyo amaliyotida sinovdan o‘tgan yaxshi tajriba.
Masalan, 2019 yil yozidan boshlab Rossiya qurilish sohasida ham ushbu tizimga o‘tildi. Qurilish korxonalari ulush kiritish asosidagi shartnomalardan eskrou hisobraqami asosidagi moliyalashtirishga o‘tdi. Chunki Rossiyada ham quruvchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolab, keyinchalik, kompaniyaning o‘z majburiyatini bajarmasligi oqibatida minglab odamlar puliga kuyib qolayotgan holatlar falokatli darajada ko‘payib borayotgandi. Eskrou tizimi joriy etilgach, bu holatlarga deyarli barham berildi.
Uy narxlari oshib ketadimi?
Eskrou tizimi bilan bog‘liq eng katta xavotir – uy-joy narxining yanada tez oshib ketishi bilan bog‘liq. Xususan, 17 iyul kuni tashkil etilgan qurilish sohasi vakillari bilan ochiq muloqotda Quruvchilar assotsiatsiyasi raisi Mansur Niyozmuhamedov eskrou hisoblari ommaviy joriy etilganidan keyin quruvchilar aylanma mablag‘ yetishmovchiligi muammosiga duch kelishi mumkinligini kun tartibiga olib chiqdi. Yuqori talab saqlanib qoladigan sharoitda bu bozorda taklif hajmining kamayishiga va natijada uy-joy narxining oshishiga olib kelishi mumkin.
U quruvchilarga banklardagi eskrou hisoblarida saqlanayotgan ulushdorlarning mablag‘lari hisobidan foizsiz yoki past foizli stavka bilan mablag‘ berishni taklif qildi. Niyozmuhamedovga ko‘ra, quruvchilarda loyihaviy moliyalashtirish qiymati borasida xavotirlar bor.
Shuningdek, Assotsiatsiya raisining ta’kidlashicha, hududlarda quruvchilarning rentabelligi past bo‘layotgani sababli ular aylanma mablag‘larni to‘ldirish yoki loyihaviy moliyalashtirish uchun banklardan mablag‘ olishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Banklar garov ta’minoti yo‘qligi yoki past rentabellik tufayli kredit berishdan bosh tortish ehtimoli bor. Bu esa qurilish ishlari to‘xtab qolishi va ish o‘rinlari qisqarishiga olib keladi.
O‘z navbatida Qurilish vazirligi narx oshishini inkor etyapti. “Eskrou-hisobvaraqlardagi jamlangan mablag‘lar ko‘payishi natijasida developer tashkilotlariga loyihaviy moliyalashtirish doirasida amaldagi stavkalarga nisbatan ancha pastroq stavkada mablag‘lar ajratiladi. Bu esa eskrou tizimi joriy etilgach yangi uy-joylarning narxi keskin oshib ketadi degan ma’lumotlarni inkor etadi”, — deyilgandi vazirlik xabarida.
Shuningdek, Qurilish vazirligi bo‘lim boshlig‘i Davron Meliyev ham narx 1-2 foizgagina farq qilishi mumkinligini aytib o‘tgandi.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish mumkinki, O‘zbekistonda xaridorlar qurib bitkazilmagan loyiha va noinsof quruvchilar ustidan himoyaga ega bo‘lishlari lozim edi. Chunki ushbu sektordagi firibgarlik va aldovlar oxirgi yillarda nihoyatda ko‘payib ketdi. Yangi tizimning paydo bo‘lishi dastlabki bosqichda quruvchilar daromadlarining ma’lum darajada pasayishi, uy-joy qurilishi umumiy hajmining biroz qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo keyinchalik bozorda faqat ishonchli firmalar qoladi va o‘rta muddatli istiqbolda barqaror va ishonchli ko‘chmas mulk bozorini yaratishga yordam berishi kerak.
Mavzuga oid
11:42 / 03.01.2026
Ko‘p xonadonli uy-joylar maydoni bosqichma-bosqich oshiriladi
16:45 / 02.01.2026
Har yili kamida 140 ming xonadonli uy-joy barpo etiladi
20:59 / 29.12.2025
Oxirgi yetti yilda 38 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar noqonuniy qurilgan
15:15 / 24.12.2025