Jahon | 10:10 / 01.10.2025
7158
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada koloniyadan qochgan O‘zbekiston fuqarosi 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Rossiya sudi Lipetsk oblastidagi koloniyadan qochgan va qo‘lga olish vaqtida politsiya xodimiga qarshilik ko‘rsatgan O‘zbekiston fuqarosini 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U hokimiyat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llashda aybdor deb topildi.

Foto: Aleksandr Podgorchuk / Kommersant’

Ushbu shaxs 2024 yil oktyabr oyida 2-sonli jazoni ijro etish koloniyasidan qochgan olti mahbusdan iborat guruh tarkibida bo‘lgan. Qochganlarning barchasi Markaziy Osiyo davlatlaridan bo‘lgan, ulardan to‘rt nafari o‘zbekistonlikdir.

Qochganlar 2024 yil oktyabr oyi oxirida Tambov oblastida qo‘lga olingan. O‘shanda politsiyachi qidiruvdagilarning tavsifiga mos keladigan erkaklarni payqagan. Ayblanuvchi qo‘lga olishda qarshilik ko‘rsatgan, natijada politsiyachining o‘ng qo‘li singan. Ushbu jarohat o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati sifatida tasniflanadi.

«Sud sudlanuvchini jinoyat sodir etishda aybdor deb topdi va uni qattiq tartibli koloniyaga 10 yil qamoq jazosiga hukm qildi», — deyiladi Tambov oblasti prokuraturasi xabarida.

O‘zbekiston fuqarosi Rossiya Jinoyat kodeksining 318-moddasi 2-qismi (hokimiyat mansabdor shaxsiga xizmat vazifalarini bajarishi chog‘ida hayot yoki sog‘liq uchun xavfli zo‘rlik qo‘llash) bo‘yicha sudlangan.

Mavzuga oid