O‘zbekiston | 19:20 / 16.01.2024
19453
7 daqiqa o‘qiladi

Payariqda advokat qaynukasini pichoqladi. Jabrlanuvchi tomon u qamoqqa olinishi kerak deb hisoblamoqda

Kasbi advokat bo‘lgan, o‘zini “Payariq yo‘lbarsi” deb ataydigan bu shaxs ayoli va farzandlarini yillar davomida kaltaklab kelgan. Agar bu haqda kimgadir shikoyat qilsa, akasi yoki ukasini yo‘q qilish bilan tahdid qilgan. U bu mudhish niyatini amalga oshirishiga oz qoldi, qaynukasini pichoqladi. Biroq ushbu qilmishidan keyin ham u ochiqda qolmoqda.

Kun.uz’ga shu mazmunda murojaat kelib tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil 29 dekabr kechasi eri tomonidan kaltaklangan ayol ukasini yordamga chaqirgan. Opasi va jiyanlarini olib ketishga borgan yigit esa kutilmaganda pochchasining hujumiga uchragan: advokat uning qorin, bo‘yin va bosh qismiga pichoq urgan.

M. biz bilan suhbatda turmushiga o‘n yildan oshgani, uch nafar farzandi borligini bildirdi. Yillar davomida kaltaklanib kelgani, unga himoya orderi ham foyda bermayotganini aytmoqda.

“Kasbim o‘qituvchi, uyimizga yaqin bo‘lgan maktabda dars beraman. Turmush o‘rtog‘imning xususiy advokatlik firmasi bor. U sobiq ichki ishlar xodimi. Avvalgi ish joyidan ham kasb etikasiga amal qilmagani uchun haydalgan. Muntazam ichadi va hech qanday sababsiz meni, bolalarimni kaltaklaydi. Ko‘p bor ajrashmoqchi bo‘lganman, ammo qo‘rqitib kelgan.

“Organda tanishlarim ko‘p, ukangning mashinasiga “dori” tashlab, yo‘q qilib yuboraman. Prokuraturaga aytaman, akangi ishidan kamchilik topadi, qamatib yuboraman”, deb keladi. Otam vafot etgan, onam betob, onamdan ham ajralib qolmaylik deb, sabr qilib keldim.

Ikki yilcha avval o‘g‘limning boshiga kapgir bilan urdi. Bolam boshidan og‘ir jarohat olib, ancha vaqt davolandi. Bo‘ynimga pichoq tirashi, o‘ldirish bilan qo‘rqitishiga, ayovsiz kaltaklashiga o‘rganib ham ketgandim. Biroq o‘g‘limga chidolmadim. Ish sudgacha bordi, yalinib keldi, boshqa takrorlamayman, deb va’da berdi. Sudda bizni yarashtirishdi.

Ko‘p o‘tmay yana shu odatini boshladi. Uyga ichib keladi va ayamay uradi. Ba’zan ichmagan vaqtda ham o‘zini bilmay qoladi. Giyohvand modda qabul qilsa kerak, deb o‘ylayman. Chunki o‘sha paytda ko‘ziga hech narsa ko‘rinmaydi.

Himoya orderi ham olib ko‘rganman, zarracha foydasi bo‘lmagan. Order ma’lum muddatga beriladi, bu vaqt davomida o‘zini biroz tutishi mumkin. Muddat tugagandan yana eski ishini boshlaydi. “Himoya ordering bo‘lsa ham bilganimni qilaman, nari borsa 15 sutkaga qamalib chiqaman. Lekin seni qo‘ymayman”, deydi.

29 dekabr kuni kechasi yana asossiz janjal boshladi. Ichib olgandi. Bu safar chidolmay, ukamga telefon qildim. U yetib keldi. Qizlarim bilan ukamning mashinasiga chiqdik. Shu paytda darvoza yonida o‘g‘limni kutib turgan ukamning oldiga erim chiqib keldi. Yoqalashib ketishdi, deb o‘yladim. Ukamni oshxona pichog‘i bilan pichoqlagan ekan”, deydi ayol.

Shundan so‘ng ichki ishlar xodimlari chaqirilgan. Ayolning aytishicha, uka shifoxonaga olib ketilgan, eri esa uyda qolgan. IIB xodimlari advokat eriga o‘sha vaqtda hech qanday ta’sir chorasi ko‘rmagan. Ariq ichida yotgan oshxona pichog‘i va boshqa dalillar shundoq qoldirib ketilgan.

“Ertasi kuni IIB xodimlari kelib, voqea joyini ko‘zdan kechirishganda, pichoq ariqdan tashqarida edi. Unda qon izlari ham artib tashlangandi”, deya ta’kidlaydi ayol.

Opasini olib ketish uchun borib, pichoqlangan uka ayni vaqtda Samarqand viloyat shifoxonasida davolanayotgan ekan.

“Pochchamga shu vaqtgacha yomon gapirmaganman. O‘sha kuni ham ortiqcha gapirmadim, jiyanimning chiqishini kutib turgandim. Pochcham qarshimga keldi. Hali hech narsani anglamasimdan qornimga urdi. Keyin bo‘yin qismimga urayotganda, qo‘limni tutdim. Nimadir qo‘limga sanchilganda bildim, pochchamning qo‘lida pichoq bor ekan. Ko‘zoynagimni urib sindirdi, engashgan paytimda boshimga pichoq urdi. Keyin qo‘lini ushlab oldim, yordamga kelishguncha shu holatda qo‘lini qo‘yib yubormadim. Qon ketayotgandi, qo‘rqib qoldim, qolgan narsalarni uncha anglolmayman”, deydi F.

F. dastlab Payariq tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan va unga dastlabki yordam ko‘rsatilgan, qon to‘xtatilgan. 2024 yil 9 yanvarga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida davolangan. Unga bosh miyaning yengil darajali lat yeyishi, o‘ng tepa suyagining yorilib sinishi tashxisi qo‘yilgan.

Markazga yotqizilganda qo‘l kaftida tikilgan jarohat, ko‘krak qismida tirnalish bo‘lgan. Shifoxonadan chiqqach, nevrolog nazoratida davolanish tavsiya qilingan.

Unga 2024 yil 4 yanvar kuni ekspertiza tayinlangan.

“Ukamni Payariq tumanida erim bilan o‘n yillardan buyon hamkorlikda ishlab keladigan Vohid ismli mutaxassis ekspertiza qildi. Men u odamning xolisligiga umuman ishonmayman. Erim advokat bo‘lgani uchun ham ular bir-birini juda yaxshi taniydi. Ish yuzasidan tez-tez uchrashib turishadi.

Tergovni ham tuman prokuraturasi olib boryapti. Ular bu ishda aslo xolis bo‘lisholmaydi. Sababi, erim ko‘p marta “bugun falon tergovchi bilan o‘tirdim, saunaga bordik, falon sudya bilan ziyofatda edim”, degan gaplarni aytgan. Shu sababli bu ishni boshqa xolis hudud o‘rganishini iltimos qilardim”, deydi ayol.

Samarqand viloyat prokuraturasi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “m” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Mazkur moddada ko‘rsatilgan jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki shuncha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

“Erim Payariq tumanida unga hech kimning “tishi o‘tmasligini” aytib kelgan. O‘zini Payariq yo‘lbarsiman, deb ataydi. O‘zim uchun hech narsani qizig‘i qolmadi, jonimdan ham qo‘rqmay qo‘ydim. Biroq farzandlarim, ukalarim, oilam uchun juda xavotirdaman. Ish tumanda ko‘rilmasligini so‘rayman”, deydi M.

Ayolning aka-ukalari ham “ko‘cha qoidalarini” yaxshi biladigan advokat kuyovning keyingi niyatlaridan xavotirda: ular holatni viloyat prokuraturasi nazoratga olishini so‘rab, kuyovning qasddan sodir etgan jinoyati og‘irroq qilmish sifatida qayta malakalangan holda o‘zi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinishi lozim deb hisoblashmoqda.

Holat aks etgan videotasvir tahririyatga taqdim qilingan.

Mavzuga oid