O‘zbekiston | 00:18 / 02.12.2020
3726
3 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar o‘rtasida to‘rt bosqichli sport musobaqalari tashkil qilinadi

Umumta'lim maktablarida “Biz bilan bajar, bizdek bajar, bizdan yaxshiroq bajar!” shiori ostida sinflararo sport musobaqalarining tashkil qilinadi.

Foto: iStock

Vazirlar Mahkamasining “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, “Pandemiyani sport orqali yengamiz!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Respublikasida 2021-2022 yillarda sport siyosatini jadallashtirish dasturi; 

“Sog‘lom ayol - buyuk kelajak” g‘oyasini hayotga tatbiq etishga qaratilgan xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan ommaviy tarzda shug‘ullanishga jalb qilish chora-tadbirlari dasturi;

2020-2022 yillarda O‘zbekistonda sport va ekstremal turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;

O‘zbekiston Respublikasida milliy sport turlarini va xalq o‘yinlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari rejasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan birgalikda 2020 yil 1 dekabrdan boshlab sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan ijtimoiy videoroliklarni “Praym-taym” vaqtida bepul namoyish etish tavsiya etildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Xalq ta'limi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2021 yildan boshlab:

a) yil davomida aholi, shu jumladan yoshlar o‘rtasida to‘rt bosqichli (mahalla, tuman (shahar), viloyat, respublika) yurish va yugurish, badminton, stritbol, mini futbol, velosport, “Workout” bo‘yicha sport musobaqalarining tashkil qilinishini;

b) “Otam, onam va men — sog‘lom oilamiz!” shiori ostida televizion oilaviy sport musobaqalarining mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlarini o‘tkazish orqali barcha oila a'zolarini sport bilan shug‘ullanishga jalb qilinishini;

v) umumta'lim maktablarida “Biz bilan bajar, bizdek bajar, bizdan yaxshiroq bajar!” shiori ostida sinflararo sport musobaqalarining tashkil qilinishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid