O‘zbekiston | 18:15 / 23.08.2025
23896
10 daqiqa o‘qiladi

Kissavur sarroflar: Farg‘onada dollarni qorabozorda maydalayotganlar chuv tushyapti

Farg‘ona shahridagi markaziy bozor yonida valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanuvchi guruh bor. Buni farg‘onaliklar yaxshi bilishadi. Bankdagi navbatlardan bezgan odamlar shu yerga borishadi va qanday qilib qopqonga tushganlarini o‘zlari ham sezmay qolishadi. Bu qorabozorda aldanib qolgan bir nechta hamyurtimiz boshidan o‘tganlarini Kun.uz'ga so‘zlab berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Deylik, o‘sha qorabozordan 100 dollar maydalamoqchisiz. “Valyutchiklar” atrofingizni o‘rab olishadi va 4-5 kishi bir bo‘lib go‘yoki ichki ishlar xodimlari ko‘rib qolmasin qabilida sizni perashkaxona ichkarisiga olib kirishadi. Sheriklaridan biri eshik yonida qorovul vazifasida turadi. 100 dollarni 1 mln 250 mingga kelishsangiz, ular atay kelishilgan puldan 50 ming so‘m kam, ya’ni 1 mln 200 ming so‘mni qo‘lingizga tutqazadi. Siz uni sanaysiz. Tabiiyki, 50 ming so‘m kam. Ularga bu haqda aytasiz.

Sarroflardan biri qo‘lingizdan pulni olib sanaydi va haqiqatan 50 ming kamligiga iqror bo‘ladi. Sanayotgan paytda u pullar orasidan pulning yarmini ustalik bilan sug‘urib olib, boshqa cho‘ntagiga yashirgan bo‘ladi. Boshqa bir cho‘ntagidan esa sizga 50 ming so‘m chiqarib beradi. Bu orada eshik yonida qorovul vazifasida turgan sheriklaridan biri: “Tezroq qochish kerak, melisa kelyapti”, deb qo‘rqitadi. Tabiiyki, hamma qochsa, siz ham qochishga harakat qilasiz. Tashqariga chiqib sanasangiz, sizga berilgan pul 1 mln 250 ming so‘m emas, balki 600 ming so‘m chiqadi. Qaytib bozorga borsangiz, aynan o‘sha odamni topa olmaysiz. Topgan taqdiringizda ham, u buni tan olmasligi mumkin.

Birinchi murojaatchi:

— Adashmasam, haftaning yakshanba kuni edi. Qarindoshim kasalxonada yotgani uchun, uning holidan xabar olmoqchi bo‘ldim. Yonimda 100 dollar bor, so‘mim qolmagan ekan. Farg‘ona shahrida bozorning yonida “Ixlos” degan do‘kon bor. Shu do‘kon qarshisidagi qorabozorda dollar maydalaydi ko‘pchilik. Buni Farg‘ona shahrida yashaydiganlar yaxshi biladi.

Dollarfurushlar perashkixona yonida o‘tirishadi. Ular yoniga yaqinlashib: “Dollar maydalashim kerak” deganimni bilaman, birdaniga oldimga uchta odam yugurib keldi. Tinchlikmi desam, ha qog‘oz maydalaysizmi deyishdi. Yo‘q, menda bitta bor xolos desam, savdolashishga o‘tishdi. Qisqasi, 1 mln 260 ming so‘mga kelishdik. Keyin perashkixonaga kiradigan bo‘ldik, chunki u yerda kamera yo‘q. Ulardan biri zinaning pastida, eshik yonida qo‘riqchi vazifasida turdi.

1 mln 250 mingni qo‘limga tutqazishdi. Ha mayli, 10 mingga roziman dedim. Pulni sanadim. 1 mln 200 ming so‘m chiqdi. Kam-ku desam, bering-chi deb pulni qo‘liga olib sanashga tushdi. Sanagan vaqtda rostdan 50 ming kam chiqdi. Ko‘zimning oldida 50 mingni ustiga qo‘shdi va menga berdi. Keyinchalik bu hiylani tushunib yetdim: u ataylab 50 ming so‘m yoki qanchadir miqdor kam berar ekan, mijoz qaytarib berganida o‘zi takroran sanab, shu paytda yarim pulni buklab yashirar ekan. Qolganini ustiga 50 ming so‘m qo‘shib, xuddi to‘liq qilib berayotganday berar ekan. O‘sha vaqtda ikkinchi odam ro‘parada turib olib, sanashimdan oldin tezroq harakat qilinglar, qo‘lga tushib qolmaylik deb baqirib qo‘rqitib turardi. Ortiqcha tashvish bo‘lmasin deb, pulni olib cho‘ntagimga tiqdim. 100 dollarni olib unga berdim.

Tashqariga chiqib 50 metrcha yurdim. Negadir ko‘nglim g‘ash bo‘lib, pulni qayta sanadim, shunda pul 650 ming so‘m chiqdi. Dollarchilar oldiga qaytib keldim. Ular g‘oyib bo‘lgan edi. Birozdan keyin men bilan savdoda qatnashganlardan birini tanib qolib, yoniga bordim. U esa: “Pulingizni maydalab bergan odam narkoman, firibgar bola edi” dedi.

“Ichki ishlarga xabar beraman, tanishlarim bor, hal qilib beradi” deb to‘polon qildim. Shu gapimdan keyin zina pastida turgan bola, ya’ni ularning kattasi oldimga kelib: “Aka, sizga pul yig‘ib beramiz, janjal ko‘tarmang” deyishga tushdi. “Erta-indin kelsangiz, qolganini yig‘ib beramiz” deb, qo‘limga 300 ming so‘m berishdi. Lekin umumiy hisobda 300 ming so‘mimni baribir urib qolishdi.

Keyin bilsam, boshqa tanishlarim ham o‘sha valyutchiklarga chuv tushgan ekan. Pulni qaytarib olish uchun ichki ishlarda tanishingiz bo‘lsa, aralashib, olib beradi. Ya’ni bunday holatda oddiy odam pulini ololmaydi. Sababi ular qo‘rqitishadi. Kattaroq lavozimda ishlaydigan tanishingiz bo‘lsa yoki ko‘cha bolalaridan og‘ayningiz bo‘lsa, pulni olasiz. Bo‘lmasa yo‘q. Men ham IIBda tanishim borligi uchun qolgan pulni olishga muvaffaq bo‘ldim.

Ikkinchi murojaatchi:

— Odatda dollar maydalamoqchi bo‘lsam, bankka borardim. Lekin o‘sha kuni yakshanba edi. Cho‘ntagimga qarasam, naqd pulim oz qolgan ekan. 100 dollar pulim bor edi. Noilojlikdan bozor yonidagi “Ixlos” do‘koni oldida valyutchiklar yoniga bordim. Borishim bilanoq qog‘oz bormi, dollar maydalaysizmi deb, atrofimni beshtasi o‘rab oldi.

100 dollar maydalash kerak desam, bittasi bo‘ldi, yuring deb perashkixonaga olib kirib ketdi. O‘sha paytda kurs 1 mln 245 ming so‘m edi. Qo‘limga pulni berdi. To‘xtang, shu yerda sanab olaman deb aytdim. Dollarni hali berganim yo‘q edi qo‘liga. Shunday sanadim. 1 mln 200 chiqdi. 50 ming kam-ku dedim. Keyin bering-chi, men sanab ko‘ray-chi dedi. Keyin o‘zi sanadi. Haqiqatda 1 mln 200 chiqdi. Keyin: “E, uka, uzr, charchabman” deb, 50 ming qo‘shayotgan vaqtida, u qo‘lini tagidan 500 ming pulni shunday olib qo‘ygan ekan. Menga o‘sha olib qo‘ygan pulidan 50 ming chiqarib, qo‘shib bergan. Keyin sheriklari tezlashinglar, tezlashinglar, “PPS” kelyapti deb shoshirtirishdi. Men ham endi shoshilib, o‘zi sanadi-ku, to‘g‘ri bo‘lsa kerak deb, cho‘ntagimga pulni soldim. 100 dollarni akaga berdim. Keyin yugurib tashqariga chiqib ketdim.

Bozorga borib, ro‘zg‘orlik qilayotib, pulni qarasam, kam ko‘rindi. Sanadim, 500 ming kam chiqdi. Darrov qaytib bordim. Borsam, u odam yo‘q. Militsiyaga beraman, qamataman deb to‘polon qilishni boshladim. Ikkita-uchtasi oldimga kelib: “O odam o‘zi firibgar edi, ertaga keling, u odam ketdi uyiga, uyini ham bilmaymiz” deyishdi. Bor pulimga ro‘zg‘orlik qilib, uyga qaytdim. Ertasi kuni yana keldim. U odam yana yo‘q. Sheriklari aldab-aldab yana uyimga jo‘natib yuborishdi. Uchinchi kuni yana keldim. Yana aldab-aldab jo‘natishdi. To‘rtinchi kuni kelsam, sheriklari u odam qamalib ketdi deyishdi. Xullas pulimni ololmadim.

Hayron bo‘layotganim, kunduz kuni ular shu ishni qilyapti-da. O‘sha joyda PPX, ichki ishlar xodimlari yuradi. Ular firibgarlarga chora ko‘rishmasmikan?! Ular bilmasmikan shu holatni? Bu valutachilar necha yildan beri shu ishni qilar ekan? Surishtirsam, nechta tanishlarim ham ularga aldangan ekan. Bularga chora ko‘radigan tashkilot yo‘qmi? Qachongacha oddiy xalq aldanishi kerak?

Uchinchi murojaatchi:

Rossiyaga ketishimdan oldin dollar maydalashim kerak edi. Ko‘pchilik qorabozorda maydalaydi dollarni. 300 dollar almashtirmoqchi edim. Perashkixonaga olib kirishib, qo‘limga bir dasta pul tutqazishdi. Sanadim. Bergan pullari 3 mln so‘m edi. Yana 300 ming qo‘shib berasizlar desam, qani sanaychi avval dedi-da, qo‘limdan pulni olib sanashga tushdi. Sanayotgan paytda 3 mln orasidan anchagina pulni sug‘urib olgan ekan.

Tashqariga chiqib sanasam, jami summadan 600 ming so‘m kam chiqdi. Pul bergan odamlarni qidirishga tushdim. Ular yo‘q edi. Xullas, men ularni topa olmadim. Shu bilan pulim qolib ketdi. Bu voqea men uchun bir umrlik dars bo‘ldi. To‘g‘risi, men o‘zimni aqlliman, deb hisoblardim. Lekin meni ham chuv tushirib qo‘yishdi. Keyin boshqa pulimni u yerda maydalatmaydigan bo‘ldim.

Hayron qolganim, hech kim bu firibgarlarga chora ko‘rmayapti. Ular yillar davomida qanchadan qancha odamni chuv tushirib kelishyapti...

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Mavzuga oid