Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Urush boshi berk ko‘chada: Tramp nimani «g‘alaba» deb ko‘rsatishni bilmayapti
Bugun Amerika va Isroil Eronda urush boshlaganiga 25 kun bo‘ldi. 3 kunda tugamagan urush 23 kunda ham tugagani yo‘q. Eronda Amerikaga nisbatan ritorika 27 fevraldagidan yaxshilanmadi, qaytaga nafrat karrasiga oshdi, muxolif kayfiyatdagi eronliklar ham Amerikani yomon ko‘rib qoldi. Tramp urushdan qanday chiqishni, nimani «g‘alaba» deb e’lon qilishni bilmayapti. Bir so‘z bilan aytganda, urush chinakam boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.
Tushunarsiz sulh
Kecha Donald Tramp «amerikaliklar Eron bilan muloqot qilgani», «bu muloqotdagi ohang unga yoqqani uchun» 5 kun davomida Eronga zarba berilmasligini e’lon qildi. Bu energetik sulhdek ko‘ringandi, lekin Trampning bu postidan keyin amerikaliklar chindan zarbalarni to‘xtatdi. Eronda uradigan nishonning o‘zi qolmadi axir, amerikaliklar raketasi bir vaqtlar bizning Ulug‘bek Baqoyev jimlikka mahkum qilgan «Ozodiy» stadionigacha yetib bordi.
Va Trampning sulh haqida postidan ko‘p o‘tmay Eron «AQSh bilan hech qanday muloqot bo‘lmayotgani» haqida bayonot berdi. Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bu haqda rasman ma’lumot berdi. Vaholanki Tramp aniq qilib uning vakillari Tehron bilan gaplashgani, eronliklarning ohangi o‘zgargani, hatto Eron yadro quroliga ega bo‘lish g‘oyasidan voz kechishga tayyorligi haqida gapirdi. Keyinroq Amerika nashrlari Tramp vakillari Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof bilan muloqot qilgani haqida yozdi. Ko‘p o‘tmay G‘olibof ham muloqot o‘tkazilganini rad etdi. Eron tomoniga ko‘ra, Tramp qo‘rqqanidan shunday bayonot berayotgan ekan.
Isroil nashrlariga ko‘ra, Stiven Uitkoff (ha, o‘sha Ukrainadagi urush haqida Putindan ma’lumot oladigan quruvchi) Abbos Araqchi bilan 19 mart kuni telefonda gaplashibdi. Suhbatda Araqchi Eron oliy rahbari Mujtaba Xominaiy AQSh bilan muzokaraga rozilik bergani haqida xabar qilibdi.
Qizig‘i, 19 martdan keyin Tramp bir necha marta «Xominaiyni hech kim ko‘rmayotgani, u qayerdaligi noma’lumligi, AQSh kim bilan gaplashishni bilmayotgani» haqida gapirdi. Xullas, bayonotlar juda chalkash. Bilasizmi, menda bir variant ham bor. Balki Uitkoffga rossiyalik prankerlar Vovan va Leksus telefon qilgandir? Axir ular qaysi siyosatchilarni chuv tushirmagan deysiz. Yaqinda Rizo Pahlaviyni ham yomon tushirishdi. Bu hazil, albatta. Oq uydagilar bu masalada xato qilmasligini bilaman, lekin bayonotlar chindan bir-biriga zid kelmoqda yoki kimdir yolg‘on gapiryapti.
Isroil nashrlariga ko‘ra, Eron mamlakatdagi boyitilgan uranni Rossiyaga yuborish bo‘yicha muzokara o‘tkazishga tayyor ekan. Qiziq variant, yadro quroli yo‘q Eronda atom bomba yasash uchun uran bo‘lmasligi kerak, lekin dunyoda eng ko‘p yadro kallagiga ega Rossiyaga yana o‘nlab atom bombasiga yetarli uran borsa, mayli ekan. Ajoyib.
Tramp Eron bilan sulh e’lon qilgani, Tehron Amerika bilan muloqotni rad etgani, lekin Oq uy rahbari «ular bilan gaplashdik» deyotgani — bularning hammasi bir narsadan darak beradi: Tramp urushdan chiqib ketish uchun chora izlayapti. Chunki amerikaliklar Eronda tuzumni o‘zgartira olishmadi. Boshqaruv xuddi avvalgiday davom etmoqda. Hozirgi oliy rahbar ham bir necha o‘rinbosar tayyorlab qo‘ygani aniq. Odam o‘ldirish bilan ish bitmas ekan.
Urush boshlanishi xato bo‘lganini borgan sari ko‘proq odamlar tushunib yetmoqda. NATO davlatlari Amerikaga 2001 yildagi kabi yordamga yugurmadi. Amerika jamiyatida milliardlab dollar sarflanib bo‘lgan mantiqsiz urushga savollar paydo bo‘lmoqda. Trampning Taker Karlson kabi ashaddiy tarafdorlari ham «Nima bo‘lyapti o‘zi?» deb savol bera boshladi. Oraliq saylovlarga ko‘p qolmadi, tez orada jahon chempionati boshlanadi, mamlakatni urush holatidan chiqarish kerak. Lekin nimani g‘alaba deb ko‘rsatishadi? Tramp shu savolga javob topolmayapti.