O‘zbekiston | 17:25 / 31.03.2020
35934
3 daqiqa o‘qiladi

Shov-shuv bo‘lgan kuni Toshkentda kartoshkaga bo‘lgan talab 3 barobarga ortgan

Toshkent shahri aholisi bir kunda 100 tonnagacha kartoshka iste'mol qiladi. 29 mart kuni uch kunlik iste'mol qilinadigan kartoshka bir kunda xarid qilingan.

Foto: KUN.UZ

Bu haqda Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Hotambek Shokirov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Toshkent shahri aholisi bir kunda 100 tonna atrofida kartoshka iste'mol qiladi. Bu maksimal ko‘rsatkich. Bu 80-90 tonna atrofida o‘zgarib turadi. Koronavirus masalasi ko‘tarilgach, bozorlar yopiladi, degan shov-shuv chiqqanidan keyin, talab kuniga 50 tonnaga oshdi. Kuniga 150 tonnadan kartoshka yetkazib berib turildi.

29 mart kuni [Toshkent shahrida] uch kunlik iste'mol qilinadigan kartoshka bir kunda xarid qilindi. [Shu kuni] 338 tonna kartoshka sotildi.

Uch kunlik kartoshkani bir kunda iste'mol qilgan bo‘lsak, kartoshka qolmaydimi, degan tabiiy savol tug‘ilishi mumkin. 30 mart kuni dehqon bozorlariga 143 tonna kartoshka chiqarib sotilgan bo‘lsa, yana shu kuni kechqurunga 153 tonna kartoshka bor edi.

Bu – Rossiya, Belarusdan keltirilgan import kartoshka. U kelib turibdi. Kartoshka bo‘yicha muammo bo‘lishi mumkin emas.

Mish-mishlar kartoshka savdolarining ortishiga sabab bo‘lgan. Bundan buyog‘iga vahima qilmasdan keragicha xarid qilinsa, hech qanday muammo yo‘q», – dedi Hotambek Shokirov Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasida.

Toshkent hokimining birinchi o‘rinbosari poytaxtdagi go‘sht iste'moli bo‘yicha statistikani ham keltirdi.

«Toshkent shahrida kuniga o‘rta hisobda mol go‘shti 30 tonna, qo‘y go‘shti 10 tonna, tovuq go‘shti 10 tonna, jami 50 tonna go‘sht mahsuloti iste'mol qilinadi.

Raqamlar dinamikasi bo‘yicha ma'lumotlar bor: go‘sht kelishi ham, savdoga chiqarilishi ham kamaygani yo‘q. Birinchi vahima bo‘lgan kuni bozorga keltirilgan go‘shtning hammasi xarid qilindi.

Odatda, 10 tonna go‘sht kelsa, kunning oxirida hammasi sotilmagan bo‘lsa, omborxonalarga qaytarilardi. O‘sha kunlari qaytarish holatlari bo‘lmadi. Go‘sht bo‘yicha ham hozir normal, kundalik rejimga tushib oldik.

Bozorlar nazoratsiz qolmagan, kundalik monitoring olib borilyapti», – deya Hotambek Shokirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 30 martdan shaxsiy avtomobillardan foydalanish cheklanishi e'lon qilingach, 29 mart kuni poytaxt bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlariga navbatlar yuzaga kelgan edi.

Mavzuga oid