Jahon | 09:03 / 07.03.2026
8993
2 daqiqa o‘qiladi

Tehron markazidagi yerosti bunkeri Isroil hujumiga uchradi

Isroilning qariyb 50 ta jangovar samolyoti Eron poytaxtidagi hukumat binolari ostida joylashgan yerosti majmuasiga hujum qildi. Guvohlar Tehronda kuchli portlashlar bo‘lganini xabar qilmoqda.

Foto: Getty Images

Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) 6 mart, juma kuni, halok bo‘lgan Eron oliy rahbari Ali Xominaiyning yerosti bunkeri yo‘q qilinganini bildirdi. Isroil harbiylari bayonotida aytilishicha, ushbu yerosti majmuasi Tehron markazidagi hukumat binolari ostida joylashgan bo‘lgan. Bunkerning yo‘q qilinishi “Eron rahbariyatiga berilgan navbatdagi zarba” bo‘ldi, dedi TSAHAL matbuot kotibi Effi Defrin.

Ali Xominaiy deyarli bir hafta avval Isroil—AQSh havo zarbalari chog‘ida o‘ldirilgan edi — Isroil armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, u bunkerdan foydalanishga ulgurmagan. Oyatulloh halok bo‘lganidan keyin ham mamlakatning yuqori lavozimli rahbarlari ushbu bunkerdan foydalanishda davom etgan. “Chunki ular bu yerni xavfsiz joy, u yerga kirib borishning iloji yo‘q deb o‘ylagan. Ular adashgan. Hozir biz zarba natijalarini kutmoqdamiz”, — dedi Defrin.

Isroil armiyasi bayonotida aytilishicha, taxminan 50 ta Isroil jangovar samolyoti hujum qilgan bunker hukumat uchun “harbiy faoliyat bazasi” bo‘lib xizmat qilgan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, u bir nechta ko‘chalar ostigacha cho‘zilgan va ko‘plab kirish yo‘llariga ega bo‘lgan. Defrin so‘zlariga ko‘ra, bunker turar joy hududi ostida ham joylashgan.

Isroil harbiylari ta’kidlashicha, ushbu majmuaga berilgan zarba rejimning “qo‘mondonlik va nazorat imkoniyatlarini” yanada zaiflashtiradi. Tehrondagi guvohlar ko‘plab uy-joylarda sezilgan kuchli portlashlar va silkinishlar haqida xabar bergan.

Hozircha qurbonlar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Avvalgi kunlarda Isroil havo kuchlari, taxminlarga ko‘ra, bunker ustida joylashgan muhim hukumat binolariga ham zarbalar bergan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid