Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eron neftini o‘zlashtirishni xohlashini yashirmadi
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron neftini qo‘lga kiritmoqchi ekani va mamlakatning asosiy daromad manbayi bo‘lgan neftning 90 foizi eksport qilinadigan Xark orolini egallab olishni istisno qilmasligini aytdi.
Foto: Getty Images
AQSh prezidenti Financial Times uchun bergan intervyusida Erondagi «neftni qo‘lga kiritmoqchi»ligi va Eron nefti eksport qilinadigan Xark oroli egallab olinishi mumkinligini aytdi.
Tramp Venesuelada bo‘lgani kabi neftni to‘liq va cheksiz nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlamoqda.
«To‘g‘risini aytsam, menga eng ko‘p yoqqani Erondagi neftni olib qo‘yish g‘oyasi, ammo AQShdagi ayrimlar nega bunday qilayotganimni so‘raydi, chunki ular ahmoq», – deydi Amerika prezidenti.
Bunday reja Eron nefti eksporti markazi hisoblangan Xark orolini egallab olishni talab etadi.
«Balki Xark orolini ishg‘ol qilarmiz, balki yo‘q. Bizda ko‘plab variantlar mavjud. [Ishg‘ol qilsak], bu u yerda biroz vaqt qolishimizni ham anglatadi», – deydi u.
Trampning fikricha, orolda qandaydir mudofaa borligi dargumon va shuning uchun AQSh u yerni osonlik bilan egallab olishi mumkin.
Shu bilan birga, Amerika prezidenti pokistonlik «emissarlar» orqali o‘tkazilayotgan muzokaralarda oldinga siljish borligini aytgan.
U qisqa vaqtichida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish mumkinligi haqida gapirgan.
«Bizda 3 mingga yaqin nishon qoldi. Biz 13 ming nishonni bombaladik va yana bir necha mingini yo‘q qilish qolgan. Juda tez fursatda kelishuvga erishishimiz mumkin», – deydi Tramp. Avvalroq u Eronga ultimatum muddatini 6 aprelga qadar uzaytirgandi – agar Tehron shu muddat ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochmaydigan va o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga rozilik bermaydigan bo‘lsa, Eron energetika obektlari zarba ostida qolishi mumkin.