Rossiyada general Surovikin hibsga olingani haqida xabar tarqaldi
U bir necha kundan buyon oilasi bilan aloqaga chiqmagan. O‘rinbosari ham u hozirda qayerda ekanini bilmasligini aytgan.
Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlari bosh qo‘mondoni o‘rinbosari, Rossiya havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni general Sergey Surovikin hibsga olingan, deb xabar bermoqda The Moscow Times RF mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan ikki manbaga tayanib. Bu ma’lumot boshqa manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
Nashr manbalari so‘zlariga ko‘ra, Surovikinning hibsga olinishi «Vagner» XHKning qurolli isyoni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
«Prigojin kontekstida yangiliklar bo‘ladi. Aftidan, u [Surovikin] [isyon vaqtida Prigojinning] tomonini olgan va uni ushlashgan», — degan nashr manbasi. Jurnalistning general ayni vaqtda qayerdaligi haqidagi savoliga u shunday javob qaytargan: «Bu ma’lumotni bizda hatto ichki kanallar bo‘yicha ham izohlashmaydi».
Bundan avvalroq Ukrainadagi urushda Rossiya tarafdori bo‘lgan telegram-kanallarda ham Surovikin qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalgandi. Xususan, harbiy muxbir Vladimir Romanov generalni 25 iyun kuni, ya’ni «Vagner» XHK isyoni tugaganidan keyingi kuniyoq ushlashganini aytgan.
Xabarda Surovikinning o‘rinbosari, general-polkovnik Andrey Yudin ham qo‘lga olingani aytilgandi. Yudin o‘zi bu ma’lumotni rad etib, ta’tilga chiqqani va ayni vaqtda uyda ekanini, Surovikin qayerdaligi to‘g‘risida bilmasligini aytib chiqdi.
«Exa Moskva»ning sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktov general Surovikin oilasi bilan gaplashmaganini yozdi.
«Armiya generali Surovikin uch kundan buyon o‘z oilasi bilan aloqaga chiqmayapti. Uning tansoqchisi ham javob bermayapti. Menda faqat shu faktlar bor», — deya yozdi u o‘z telegram-kanalida 28 iyun kuni general qo‘lga olingani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan.
- 23 iyun kuni «Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojin RF mudofaa vazirligiga qarshi «adolat marshi» boshladi, uning doirasida yollanma jangchilar Moskvaga kirishi ko‘zda tutilgandi. Keyingi kun tongda vagnerchilar Rostov-Donni egalladi va Lipetsk oblastiga qadar yetib borishdi. «Marsh» Prigojin va Rossiya hukumati o‘rtasidagi kelishuv bilan tugadi, unga ko‘ra, «Vagner» XHK safida qolishni tanlagan yollanma jangchilar «Belarusga ketishi mumkin».
- The New York Times gazetasi Amerika razvedkasiga tayangan holda xabar berishicha, Prigojin agar yuqori martabali harbiylar o‘z tomonida turishiga ishonchi bo‘lmaganida isyonni boshlamagan bo‘lardi. Xususan, nashrning AQSh maxsus xizmatlaridagi manbasi general Sergey Surovikin «Vagner» XHK rahbarining rejalaridan xabardor bo‘lganini aytgan.
- Isyon boshlanganidan keyin Surovikin «Vagner» XHK yollanma jangchilariga videomurojaat qilib, «to‘xtash»ga va doimiy dislokatsiya manzillariga qaytishga chaqirdi. Rolik «voyenkor» Andrey Rudenkoning telegram-kanalida 24 iyunga o‘tar kechasi paydo bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay shu kanalda Bosh shtab bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, general-leytenant Vladimir Alekseyevning ham vagnerchilarga videomurojaati paydo bo‘ldi. Katta ehtimol bilan, bu ikki rolik bitta xonada yozib olingan.
Mavzuga oid
22:12 / 25.09.2024
FT: Yevgeniy Prigojin pullarni yashirin ravishda g‘arb banklari orqali o‘tkazgan
20:33 / 18.09.2024
Armanistonda davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olindi
13:16 / 11.09.2024
“Jangda ortga chekingan sheriklarimizni otib tashlash topshirig‘i berilgandi” – yana bir o‘zbekistonlik vagnerchiga hukm o‘qildi
14:37 / 05.08.2024