Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moskvadan Qrimga ketayotgan yo‘lovchi avtobus zarbaga uchradi
Donetsk oblastining okkupatsiya ostidagi qismiga Moskva tomonidan tayinlangan hukumat ukrain harbiylari Yenakiyevo shahrida Simferopol tomon ketayotgan yo‘lovchi avtobusga dron orqali zarba berganini ma’lum qildi. Hujum oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi «tajovuzkor davlat tomonidan berilgan bayonotlar yuzasidan izoh bermasligi»ni bildirgan.
Chorshanba kuni tongida o‘zini o‘zi e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasi rahbari Denis Pushilin «Moskva – Simferopol» yo‘nalishidagi avtobusga berilgan zarba oqibatida yetti kishi halok bo‘lib, 11 kishi jarohat olgani haqida xabar berdi.
Keyinroq u aniqlik kiritib, qurbonlar soni sakkiz nafarga yetganini, shuningdek, avtobus dastlabki xabarda aytilganidek Moskvadan emas, balki shahar tashqarisidagi Podolskdan kelayotgan bo‘lganini ma’lum qildi.
Yana nimalar ma’lum?
Yenakiyevo shahri front chizig‘idan taxminan 40 km masofada joylashgan.
Anneksiya qilingan Qrim rasmiylarining aytishicha, avtobus mahalliy tashuvchiga tegishli bo‘lgan. «Bolshoy mir» kompaniyasi bosh direktori Elmaz Ablyakimov «Vot tak» nashriga aytishicha, Rossiya markazidan Qrimga reyslar uchun ikkita yo‘nalish bor: Donetsk oblastining shimoliy qismidan yoki janubroqdagi Mariupol hududidan o‘tuvchi «Novorossiya» trassasi orqali.
RBK nashri yozishicha, reys uchun jami 53 kishi ro‘yxatga olingan, ammo zarba vaqtida ulardan qanchasi avtobusda bo‘lgani ma’lum emas, mahalliy rasmiylar yo‘nalish davomida qaysi yo‘lovchilar qaysi bekatlarda avtobusdan tushib qolgani yoki kimlar avtobusga qayerda chiqqani bo‘yicha surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
DXR sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlashicha, jabrlanganlarning barchasi tinch aholi vakillari bo‘lib, ular orasida harbiy xizmatchilar bo‘lmagan.
Jarohatlanganlar Horlivkadagi shifoxonaga olib borilgan. Halok bo‘lgan yo‘lovchilarning shaxslari ochiqlanmagan.
Ukraina tomoni nima dedi?
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi har kungi hisobotida Yenakiyevo hududidagi obektlarga hujumlar haqida xabar bermagan.
Bosh shtabning BBC so‘roviga javobida «Ukraina qurolli kuchlari tajovuzkor davlat tomonidan berilgan bayonotlarni izohlamasligi» bildirilgan va ijtimoiy tarmoqlarda berib boriladigan hisobotlarni kuzatish tavsiya qilingan.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko esa avtobusga berilgan zarbani to‘g‘ridan to‘g‘ri rad etmagan.
«Rossiya muntazam ravishda dronlar bilan tinch aholiga hujum qilmoqda. Albatta, hamma bu haqda gapirganda, rossiyaliklar tomonidan bunday harakatlarning dalillari mavjud bo‘lganda, ular asosiy propaganda qurolidan foydalanadi: parallel reallikni yaratishadi», – degan u BBC nashriga.
«Tinch aholimizga qilingan bu hujumlar fonida ular Ukraina xuddi Rossiya kabi harakat qilishi haqidagi hikoyalarni o‘ylab topmoqda. Bu bizning harakatlarimizga javoban ularning terroriga ko‘niktirish uchun qilinmoqda», – deya qo‘shimcha qilgan Kovalenko.
Rossiya tomoni nima dedi?
Rossiya hukumati turli darajalarda zarbani qoraladi. Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov buni «Kiyev rejimining navbatdagi jinoyati» deb atadi. Rossiya Tergov qo‘mitasi terakt moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi.
1 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kiyevdagilar o‘smirlarga qarshi «og‘ir jinoyatlar» sodir etib, «mojaroga yangicha sifat berishni xohlayotgani»ni haqida gapirgandi. Misol tariqasida u Starobelskdagi kollejga qilingan hujumni (u yerda 21 kishi halok bo‘lgan) va Xerson oblastining bosib olingan qismidagi Genichesk shahriga qilingan hujumni keltirdi (buning oqibatida voyaga yetmagan bir bola halok bo‘lgan).
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Starobelskka hujum yuzasidan izohida u yerda Rossiya harbiy obektlariga zarba berilganini ma’lum qilgan. Ukraina harbiylari «xalqaro gumanitar huquq normalariga, urush qonunlari va odatlariga qat’iy rioya qilishlari»ta’kidlangan.
Moskva o‘z hududiga qilingan hujumlarga javoban Ukrainaga «tizimli zarbalar» berishi haqida ogohlantirgan. Rossiya hukumati muntazam ravishda faqat harbiy obektlarni nishonga olayotganini ta’kidlamoqda, biroq muntazam ravishda tinch aholi vakillari qurbon bo‘lmoqda.
Mavzuga oid
14:39 / 31.05.2026
Ukraina Taganrog portida tanker, ikki samolyot va «Iskander» tizimini yo‘q qildi
11:05 / 31.05.2026
Ukraina Rossiyani Qrim bilan bog‘lovchi trassaga hujum qilmoqda
21:08 / 22.05.2026
Bloomberg: Putin urushni yil oxirigacha yakunlamoqchi, ammo o‘z shartlari asosida
21:30 / 17.05.2026