Jamiyat | 14:30 / 12.10.2021
12262
5 daqiqa o‘qiladi

Fermer boy bo‘lishi mumkinmi? Asakadagi “Obod turmush orzusi” xo‘jaligi faoliyatiga nazar

5 gektar yeri va 4 nafar ishchisi bilan faoliyat boshlagan “Obod turmush orzusi” fermer xo‘jaligi 6 yil davomidagi samarali faoliyati sabab ko‘p tarmoqli va eksportchi yirik xo‘jalikka aylandi.

Kun.uz O‘zbekistonda muvaffaqiyatli ish olib borayotgan korxona va fermer xo‘jaliklari bilan tanishtirishda davom etadi.

Navbatdagi manzilimiz – Andijon viloyati Asaka tumanida meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash sohasida faoliyat yuritayotgan “Obod turmush orzusi” fermer xo‘jaligi.

Mazkur xo‘jalikning “Andijan golden fruits” brendi ostidagi mahsulotlari Yevropaning uch davlati va qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan fermer boy bo‘la olishini isbotlagan tadbirkorlar o‘z daromadidan don mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi va tibbiyot muassasalari bunyod etib, kichik ishlab chiqarish va umumiy ovqatlanish sohalarini ham yo‘lga qo‘ydi.

5 gektar yer maydonida ish boshlagan xo‘jalik rahbari Husniddin Karimov Asaka tumanining meva-sabzavot, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgani tumanda poliz va mevani qayta ishlash zavodiga zarurat tug‘ilganini his eta oldi. U o‘z loyihasi bilan tuman va viloyat hokimligiga murojaat qildi. Mutasaddilar ko‘magi bilan xo‘jalik tashlandiq holatga kelib qolgan sanoat obekti binosida ish boshladi.

Tez fursatda Turkiya, Xitoy va Rossiyadan uskunalar olib kelinib, mevani qayta ishlash zavodi bunyod etildi.

Ayni paytda xo‘jalik o‘z tasarrufidagi 180 gektar maydonda yetishtirilgan dehqonchilik hosilidan tashqari, Asaka va qo‘shni tumanlarning 400 taga yaqin fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini ham qayta ishlash quvvatiga ega. Korxonada doimiy ishchilar 200 nafarga, mavsumiy ishchilar soni esa 1500 nafarga yetgan.

Korxona bir yilda 15 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga erishdi. Eksport salohiyati – 2 million AQSh dollari.

“Bir paytlar mahsulotlarimizni chet elga eksport qilish orzu edi. Yurtimizda fermerlar uchun yaratilgan sharoitlar biz uchun yangi-yangi imkoniyatlarni ochib berdi. Ayni paytda bizning “Andijan golden fruits” brendi ostidagi mahsulotlarimiz Belgiya, Polsha, Makedoniya kabi Yevropa davlatlariga yana Rossiya, Qozog‘iston kabi ko‘plab qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

Korxonamizda o‘zimiz va boshqa fermer xo‘jaliklari tomonidan keltirilgan mahsulotlar saralanib, yuvilib, quritilib qadoqlanadi.

Ishonsangiz, hozir dalaga ekilayotgan bulg‘or qalampiri yoki sarimsoq piyozimizning qaysi davlatga eksport qilinishi aniq. Biz chet elliklar bilan shartnoma tuzib, keyin ish boshlaymiz. Va endi mas'uliyat bizga tushadi. Mahsulotimizni ular talab qilgan standart kattalikda va sifatli qilish yetishtirib berishimiz kerak,” – deydi xo‘jalik ish yurituvchisi Ilhomjon Rahmatov.

Klasterning mavjud yer maydonlarida ekin tizimli ravishda ekiladi. Biz borgan paykalda sabzi yetilib qolgan ekan.

“Siz ko‘rib turgan sabzini 20 gektar g‘alladan bo‘shagan joyga ikkinchi hosil sifatida ekkanmiz. Yaqin 20 kunlarda yig‘ishtirib olamiz. Hosil mahalliy bozorlarga va chetga eksport qilinadi. Bundan tashqari, 15 gektar maydonga to‘qsonbosti piyoz va sarimsoqpiyozlarni ham ekdik. Tokzorlardagi uzumlarimiz ham yaxshi hosilga kirdi. Uzumlarni uzib saqlash joylariga olib kirib harakatidamiz”, – deydi xo‘jalik menejyeri Muhiddin G‘ofurov.

“Obod turmush orzusi” fermer xo‘jaligi o‘z daromadlarini yangi sohalarni rivojlantirishga sarflayotgani e'tiborga molik. Xo‘jalik 2021 yil boshida donni qayta ishlash zavodini ishga tushirdi. 600 ming AQSh dollari evaziga Turkiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan zavod yiliga 30 ming tonna donni qayta ishlash quvvatiga ega.

Bundan tashqari, xo‘jalik shu yilda 200 nafar bemorni davolash uchun sharoit mavjud bo‘lgan davolash va diagnostika markazini ham ishga tushirdi. Mazkur tibbiyot markazi Asaka aholisiga xizmat qilib kelmoqda.

Xo‘jalik tasarrufida umumiy ovqatlanish shoxobchasi va shirinlik ishlab chiqarish sexi ham ish boshlagan.

“Biz yetishtirayotgan mahsulotni Yevropa davlatlari aholisi iste'mol qilayotganidan juda xursand bo‘lamiz. “Obod turmush orzusi” fermer xo‘jaligining bir yarim ming nafardan iborat katta oilasi yangi loyihalar, rejalar ustida izlanmoqda.

Maqsadimiz – mahsulotlar hajmi va sifatini oshirib, ko‘proq daromad topib, ishchilarimiz farovonligini oshirish”, – deydi xo‘jalik ish yurituvchisi Ilhomjon Rahmatov.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid