Jahon | 18:00 / 21.04.2020
48298
6 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In qayerda? Seul va Pekin uning ahvoli og‘irligi haqdagi xabarlarni rad etdi

Kim Chen In 12 aprel kunidan buyon ommaga ko‘rinish bermayapti, Janubiy Koreyadagi nashrlar esa KXDR rahbarining sog‘ligi yuragidagi jarrohlik amaliyotidan keyin keskin yomonlashgani va u hozirda og‘ir ahvolda qolayotgani haqida xabar tarqatdi. Janubiy Koreya hukumati esa bu xabarlarni rad etgan.

Foto: Reuters

Qayd etish kerakki, bu Kim Chen Inning sog‘ligi bo‘yicha birinchi marta mish-mishlar to‘lqini tarqalishi emas, o‘tmishda tarqalgan shunday xabarlarning barchasi rad etilgan.

Koreya Respublikasi prezidenti ma'muriyati vakilining ma'lum qilishicha, KXDRdan 36 yoshli davlat rahbarining ahvoli og‘irligi haqida hech qanday ma'lumot kelib tushmagan.

Mish-mishlar qanday paydo bo‘ldi?
15 aprel kuni Kim Chen In KXDR asoschisi, o‘z bobosi Kim Ir Senning tug‘ilgan kuni munosabati bilan uyushtirilgan marosimda ishtirok etmadi. Bu mamlakatdagi asosiy bayramlardan biri hisoblanadi.

Kim Chen In bungacha hech qachon ushbu bayramni o‘tkazib yubormagandi, shu tufayli ko‘pchilik davlat rahbari bu tadbirni shunchaki o‘tkazib yubormagan deb hisoblamoqda.

Uning yo‘qligi turli mish-mishlarni keltirib chiqarmoqda, ammo bunday xabarlarning hech birini tasdiqlab bo‘lmaydi.

Kim Chen In so‘nggi marta 12 aprel kuni KXDRning rasmiy yangiliklarida ko‘rinish bergandi. Xabarda u aviatsiya guruhi mashg‘ulotlarini tekshirgani ko‘rsatilgan, ammo bu voqea qachon bo‘lgani keltirilmagan. Fotosuratlarda shimollik koreyslar yetakchisi har doimgi kabi xotirjam ko‘rinadi.

Davlat nashrlarida ham u shu kuni siyosiy yig‘ilishlardan birida rahbarlik qilgani aytiladi. Ammo shundan keyin u matbuotda ko‘rinmay qolgan.

Kim Chen In bobosining tug‘ilgan kuni tadbirlarida ko‘rinmagach mish-mishlar urchidi / EPA

O‘tgan haftada KXDRda navbatdagi yadroviy sinov o‘tkazilgan, ammo davlat rahbarining ishtiroki haqida hech narsa aytilmagan, holbuki u raketalar uchirilishini hech qachon o‘tkazib yubormasdi.

KXDR - dunyodagi eng yopiq davlatlardan biri hisoblanadi; yanvar oyidan buyon mamlakat Covid-19 pandemiyasi tufayli o‘z chegaralarini to‘liq yopib qo‘ygan.

Shimoliy Koreya haqida yozish juda murakkab bo‘lib, shu tufayli bu mamlakat hayoti haqida turli mish-mishlar tarqaladi.

Kasaallik haqidagi ilk xabar
Kim Chen In betobligi haqidagi ilk xabar seshanba kuni KXDRdan qochib ketgan shaxs tomonidan yuritiladigan yangiliklar saytida paydo bo‘ldi.

O‘z shaxsi sir qolishini istagan manba Daily NK nashriga, shimoliy koreyaliklar yetakchisida «haddan ortiq ko‘p chekish, semizlik va toliqish» bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgani, uning ahvoli Pektusan tog‘iga bir necha tashriflardan so‘ng yomonlasha boshlagani, uning yurak-qon tomir tizimiga bog‘liq jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani haqida aytgan.

Bu xabar avvaliga bir anonim manbaga asoslangandi, keyinroq boshqa yangiliklar saytlari va xalqaro nashrlarda tarqaldi.

Xususan, CNN telekanali ismini oshkor qilmagan amerikalik amaldorga tayanib AQSh KXDR yetakchisiga oid razvedka ma'lumotlarini o‘rganayotgani haqida xabar tarqatdi. Amerika nashri sarlavhasida Kim Chen Inning ahvoli jarrohlik amaliyotidan so‘ng yomonlashgani aytiladi. Telekanalning boshqa manbalari ham Shimoliy Koreya yetakchisining sog‘lig‘i yomonlashgani to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tasdiqlagan, biroq Kim Chen Inning sog‘lig‘i qanchalik xavf ostida ekanligini baholash imkonsiz.

Keyin esa Janubiy Koreya va AQSh razvedka xizmatlari bu xabarlarni rad etib chiqdi.

Janubiy Koreya hukumati bu xabarlarni rasman rad etdi. Reuters agentligining Xitoy razvedkasidagi manbalari ham bu xabarlar asosliligiga shubha bildirdi.

Kim Chen Inni oxirgi marta 12 aprel kuni ko‘rsatishgan / REUTERS

Ammo, qayd etish kerakki, Kim Chen Inning yuragida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani to‘g‘risidagi ma'lumotni hozircha hech kim rad etmayapti.

Pekin va Seul faqatgina Shimoliy Koreya rahbari og‘ir ahvolda ekani to‘g‘risidagi ma'lumotlarga raddiya bermoqda.

KXDRda mamlakat aholisiga davlat rahbarining sog‘ligi to‘g‘risida ma'lumot berib borish amaliyoti yo‘q.

Bu Kim birinchi marta g‘oyib bo‘lishi emas
2014 yilda Kim Chen In 40 kun davomida ommaga ko‘rinish bermagan va bu ham mish-mishlar oqimiga yo‘l ochib bergandi. Hatto u davlat to‘ntarishi oqibatida hokimiyatdan chetlatilgani to‘g‘risida ham xabarlar paydo bo‘lgandi.

Kim qaytgan - ammo hassa tayanib olgandi. Davlat nashrlari oliy yetakchi «jismoniy jihatdan o‘zini noqulay his qilayotgani»ni tan olgan, ammo unda podagra (moddalar almashinuvi tufayli yuz beradigan, bo‘g‘inlarni qizishganday zirqiratib og‘ritadigan kasallik) kuzatilgani to‘g‘risidagi xabarlar rad etilgandi.

2014 yildagi qaytishida Kim omma oldida hassa bilan paydo bo‘lgandi / AFP

Kimning vorisi bormi?
Shimoliy Koreya yetakchisi to‘satdan vafot etsa, vorislik tartibi qanday bo‘lishi haqida ma'lum emas. Kim Chen Inning o‘zi otasi tomonidan Kimlar sulolasi davomiyligini ta'minlash uchun yillar davomida davlat rahbari lavozimiga tayyorlab borilgandi.

Davlat rahbarining singlisi Kim Yo Chjon imkoniyati nisbatan yuqori bo‘lgan nomzoddir. U jamoatchilik uchun yaxshi tanish, uning o‘zi ham jamoatchilik ishlarida faol. U akasi bilan birga ko‘plab muhim tadbirlarda ishtirok etadi.

Ammo hozircha rasmiy Pxenyanning davlat raharining ahvoli to‘g‘risidagi rasmiy bayonotini kutish kerak bo‘ladi.

Aytishlaricha, Kim Chen Ir vorisini yillar davomida hokimiyatga tayyorlagan

Mavzuga oid