Qo‘shtepa tumani hokimi va chorvador mojarosi. Maqoladan so‘ng senator va deputat muammoni o‘rgandi
Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida faoliyat yurituvchi «Olimboy hoji» fermer xo‘jaligi rahbari, chorvador Abdumannob Qosimov va Qo‘shtepa tumani hokimi Ilyos Novikov o‘rtasida deyarli ikki yildan beri davom etib kelayotgan nizo haqida Kun.uz sahifalarida yoritib kelinmoqda.
29 aprel kuni sayt orqali chet eldan naslli qoramollar olib kelib boqayotgan fermerning mavjud yerlarini tuman hokimligi tomonidan sud orqali olib qo‘yilgani haqida navbatdagi maqola e'lon qilingan edi.
Chorvador maqoladan so‘ng uning xo‘jaligiga Oliy Majlis Senati a'zosi Ibrohimjon Sultonov va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Begali Qodirov holatni o‘rganish uchun kelishganini bildirdi.
Dastlab senator Ibrohimjon Sultonov bilan bog‘lanib, o‘rganish natijalari haqida so‘radik.
«Holatni batafsil o‘rgandik. Ish hujjatlari viloyat sudiga berilgan. Aslida suddan so‘ng aniq fikr aytish o‘rinli bo‘lardi. Hozirda mazkur masalada fermer yoki hokimdan birini haq deya olmayman. Ikkisining ham o‘ziga yarasha haqiqati bor.
Fermerning haqligi - chorva hayvonlarini boqish uchun yeri yo‘q. Hokimiyat chorvadorga chorva uchun yer berganini ma'lum qilgan. Fermer yerni olmaganini aytyapti. Fermer hokimiyat bergan yerdan foydalanmagani uchun o‘zining paxta-g‘alla uchun berilgan yeridan chorva uchun ozuqa yetishtirishda foydalanyapti. Hokimning haq tomoni – fermerning paxta va g‘alla uchun mo‘ljallangan 57 gektar yer maydonini ozuqa uchun ajratib berish vakolati yo‘qligini aytayotganidadir. Agar hokim bu ish uchun chora ko‘rmasa, javobgar bo‘ladi.
Hokim yer berganini aytib qutulyapti. Lekin fermer u yerdan foydalana olgani yo‘q. O‘zining eski joyidan foydalanmoqda», deydi senator.
U vaziyatni o‘rganish ishlaridan keyin Qo‘shtepa tuman hokimligida bo‘lgani haqida gapirdi.
«Chorvaga ozuqa yetishtirish uchun berilgan yer maydoniga Qonunchilik palatasi deputati, agrar soha mutaxassisi Begali Qodirov bilan birga bordik. Deputat yer maydoni bilan tanishib, yerdan yetarli hosil olib bo‘lmasligini, agar yer yaxshi bo‘lganida chorvador yerdan foydalangan bo‘lishi haqida bildirdi.
Bu haqda tuman hokimi Ilyos Novikovga ham kirib aytdik. Mutasaddiga chorvador hokimlik tomonidan berilgan yerdan foydalanmayotgani, chunki, u yerdan hosil olib, chorva hayvonlarini to‘ydira olmasligini aytdik. Hokim esa paxta va g‘alla uchun ajratilgan joyni chorvadorga berishga vakolati yo‘qligini aytib javob qaytardi.
Fermerning ham aybi bor. Chunki unga o‘sha paytdagi tuman hokimi chet eldan naslli mol olib kelsa, paxta va g‘alla uchun foydalanilayotgan yerni chorvaga ozuqa yetishtirish uchun ajratishini aytib va'da bergan. Chorvador o‘sha va'dani rasmiylashtirib, yozma ravishda olmagan. Hozir qo‘lida asosi yo‘q. Og‘zaki gapga ishongan. Ikkisida ham ayb bor, ikkisi ham haq. Hammasi sudda aniq bo‘ladi», deydi senator.
Senator hokim Novikov sud qarori kuchga kirmay turib qaror chiqarib olishi to‘g‘ri emasligini ta'kidladi.
«Bu noto‘g‘ri, hokimning aybi ham shunda. 30 kun kutishi kerak edi. Ikki tomonni murosaga keltirishga urindik. Hokim qo‘lidan kelmasligi, yerni berishga vakolati yo‘qligini takrorlamoqda. Chorvador esa paxta va g‘alla eksa, qoramollari ochidan o‘lishini aytmoqda.
Kecha tuman hokimi veterinariya bo‘limidan ishchi guruh jo‘natib, chorvadorning qoramollarga yarasha yeri bor yoki yo‘qligini tekshirtirib, o‘lchatibdi. Telefon orqali chorvadorning qoramollar ozuqasiga yetadigan maydonda yeri mavjudligini aytishdi. Ma'lum bo‘lishicha, ular ozuqa yetishtirish uchun nobop bo‘lgan 57 gektar maydonni ham qo‘shishgan. U yerni hisobga olmaslikni, chorvador u yer maydonidan 2 yildan beri foydalanmayotganini aytdim», deydi Senat a'zosi.
Deputat Begali Qodirov chorvadorga hokimlik tomonidan ozuqa yetishtirish uchun berilgan yerga borgani va mazkur maydondan olinadigan hosil 10 sentner ham chiqmasligi, bu orqali qoramollarni to‘ydirib bo‘lmasligini aytdi.
«Biz o‘rganishlarimiz natijasini Qo‘shtepa tumani hokimi Ilyos Novikovga bildirdik. Biroq mutasaddi paxta va g‘alla uchun ajratilgan yerni chorva uchun berishga vakolati yo‘qligini ta'kidlamoqda», deydi deputat.
Mahalliy hokimlik va chorvadorlar o‘rtasida yer bilan bog‘liq muammo yangilik emas. Biroz avvalroq, Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi «Sherzod nasldor chorvador» chorvachilik fermer xo‘jaligi ham aynan shunday muammoga duch kelgan edi. Kun.uz sayti orqali bu haqida tahliliy-tanqidiy maqola e'lon qilingandan so‘ng, bu masala xalq deputatlari Chortoq tumani kengashi sessiyasida ko‘rib chiqilgan va chorvadorga chorvachilik uchun munosib yer ajratilgan edi.
Savol tug‘iladi. Xo‘sh, nega endi paxta-g‘alla maydonini, ya'ni sug‘oriladigan yerni Namanganda chorvachilik uchun ajratish mumkin-u, Farg‘onada mumkin emas? Nahotki, qishloq xo‘jaligida chorvachilikning o‘rni shu bo‘lsa?
Bizningcha, hammasi tuman rahbarining xohishiga bog‘liq.
Mazkur nizoli holat bo‘yicha 12 may kuni Farg‘ona viloyat iqtisodiy sudida ish ko‘riladi. Farg‘ona sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar Oliy sudda sinayotganiga ko‘p guvoh bo‘lmoqdamiz. Umid qilamizki, sud bu safar har tomonlama qonuniy va adolatli qaror chiqaradi.
Elmurod Ermatov
Mavzuga oid
15:35 / 05.11.2024
Rossiya armiyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlik 5 yilga qamaldi
19:18 / 02.11.2024
Archazordan topilgan odam boshi – Qo‘shtepadagi qotillik tafsiloti
16:48 / 31.10.2024
Tepalikka qo‘lbola liftda, baliq oviga qayiqda: qorajiydalik 90 yoshli otaxon hikoyasi
13:44 / 01.05.2024