O‘zbekiston | 17:11 / 23.02.2026
6380
3 daqiqa o‘qiladi

2026 yilda 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 fevral kuni qishloq xo‘jaligini maxsus texnika bilan ta’minlash hamda sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda qayd qilinishicha, so‘nggi yillarda 1756 ta paxta terish mashinasi xarid qilindi va paxta terimining mexanizatsiya darajasi 52 foizga yetdi. O‘tgan mavsumda 2,1 million tonna paxta mashina yordamida yig‘ib olingan. Navbatdagi vazifa – paxtani mashinada terish ulushini kamida 70 foizga yetkazish. Buning uchun 2026 yilda 800 ta paxta terish mashinasi, shuningdek, 6 mingta seyalka, traktor va kombayn xarid qilinishi rejalashtirilgan. Umuman, yil davomida 10 mingta yangi texnika xarid qilinib, qishloq xo‘jaligi texnikalari parki 292 mingtaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi texnikalarni fermerlarga qulay shartlarda lizingga berish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan 400 million dollar jalb qilinadi. Texnikalar milliy valutada 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga 18 foiz stavkada berilib, kredit stavkasining 8 foizi budjet hisobidan qoplab beriladi.

Taqdimotda 2026-2028 yillarda mahalliy ishlab chiqariladigan texnika va agregatlar hajmini 5 barobarga, mahalliylashtirish darajasini qo‘shimcha 10 foizga oshirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, 2026 yilda ishlab chiqarish 6 ming donagacha yetkazilishi, 2028 yilga qadar mahalliylashtirish ko‘rsatkichi o‘ziyurar texnikada 30-35 foizga, osma va tirkamali texnikada 60-65 foizga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Texnika va agregatlarni sotib olishda subsidiyalashning amaldagi tizimini mahalliylashtirish darajasi 25 foizdan yuqori bo‘lgan texnikaga tatbiq etilmoqda. Taqdimotda talab yuqori bo‘lgan 3 turdagi import texnika bo‘yicha ham subsidiya ajratishni yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Umuman, joriy yilda texnika qiymatining 15 foizini qoplash uchun 660 milliard so‘m subsidiya yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda Toshkent traktor zavodi faoliyatini sog‘lomlashtirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi.

Sohada zamonaviy bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni joriy qilish borasidagi ishlar ham taqdimot qilindi.

Bundan tashqari, mijozlarga kompleks qishloq xo‘jaligi xizmatlari ko‘rsatiladi. Bunda har bir hududda bittadan agroxizmat zonalari tashkil etiladi va ularda qishloq xo‘jaligi agenti faoliyat yuritadi. Ushbu zonalarda fermerlar bir joyning o‘zida bank, konsalting, monitoring, tuproq tahlili, ko‘chat yetkazib berish xizmatlari, agronom maslahatidan foydalanishlari, o‘quv kurslari haqida ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi.

Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasini yanada oshirish, mahalliy ishlab chiqarish va servisni rivojlantirish, raqamli platformalar orqali monitoring va moliyaviy xizmatlarni yaxshilash yuzasidan mutasaddilarga bir qator ko‘rsatmalar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid