Jizzaxda klaster fermer xo‘jaligidan bir milliard so‘mdan ortiq qarzdor bo‘lib qoldi. Fermer ayni paytda har tomonlama bosim ostida qolgan - soliq hech narsani eshitishni istamayapti, lizingga olingan texnikalar qo‘ldan ketgan, 80 gektarga ekilgan g‘allaga bir marta ham o‘g‘it berilmadi. Ayni bahor mavsumida dalada bo‘lishi kerak bo‘lgan dehqon shu kunlarda bir litr yoqilg‘iga zor bo‘lib turibdi. 195 ta ijro ishi doirasida 62 milliard so‘m qarzi bor “JIZZAX INDUSTRIAL TO‘QIMA” klasterini kim qo‘llayapti?

Sharof Rashidov tumanidagi “Xumoyun Uralov” fermer xo‘jaligi rahbari Ahror Shermonov “JIZZAX INDUSTRIAL TO‘QIMA” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan haqini ololmay og‘ir moliyaviy holatga tushib qolganini aytmoqda. Fermerning ta’kidlashicha, u yetishtirgan paxta xomashyosi uchun milliardlab so‘m mablag‘ haligacha to‘lanmagan. Bu holat esa faqat bir fermer emas, balki tumandagi yana o‘nlab xo‘jaliklarga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Ahror Shermonovning aytishicha, “Xumoyun Uralov” fermer xo‘jaligida paxta yetishtirish bo‘yicha klaster “JIZZAX INDUSTRIAL TO‘QIMA” MChJ bilan shartnoma tuzilguniga qadar hammasi yaxshi edi.

2023 yilgi paxta shartnomasi bo‘yicha klaster 490 million so‘m qarzdor bo‘lib qolgan. Keyinchalik uning bir qismi mineral o‘g‘itlar bilan hisob-kitob qilingan va hozirda 375 million so‘m qarz qolgan. 2025 yilgi paxta hosili bo‘yicha klaster yana 975 million so‘mni to‘lamagan. Shu tariqa fermerning hisob-kitobiga ko‘ra, umumiy qarzdorlik 1 milliard 350 million so‘mga yetgan.

195:0 - hozircha klaster “oldinda”

Mazkur masala yuzasidan fermer Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo kiritgan. Sud qaroriga ko‘ra, klasterdan fermer foydasiga 786 mln so‘m asosiy qarz, 30 million so‘m penya hamda pochta xarajatlari undirilishi belgilangan. Sud qarori qonuniy kuchga kirgan va ijro uchun Majburiy ijro byurosiga yuborilgan.

Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ijro jarayoni doirasida korxonaning bank hisob raqamlariga band solingan, mulklari xatlangan va aktivlari auksion savdolariga chiqarilgan. Sotuvdan tushgan mablag‘lar “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 78-80-moddalariga muvofiq taqsimlanmoqda.

Ushbu klasterga nisbatan 195 ta ijro hujjati mavjud, umumiy qarzdorligi 62,6 milliard so‘m.