Jahon | 17:08 / 02.02.2026
33984
17 daqiqa o‘qiladi

Grenlandiyaning tub aholisi kimlar va u qanday qilib Daniyaga tegishli bo‘lib qolgan? AQSh nega bu orolga qiziqmoqda?

Foto: Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA

Donald Trampning Grenlandiyani “yutib yuborish”ga urinishi muvaffaqiyatsiz tugadi. Hamkor Daniyaga nisbatan qilingan tahdidlar narxni tushirishga yordam bermadi; aksincha, sherik ranjidi va bitim tuzilishi ehtimoli avvalgidan ham kamaydi. Nizo davomida tomonlar bir-birini ayblashga ham ulgurdi. Daniya va uning YeIdagi ittifoqchilari OAVlari Trampni “yangi imperializm”da aybladi. AQSh prezidenti esa Daniyani eski uslubdagi imperializmda ayblab, “ularning kemalari orolga 500 yil avval kelgani” (garchi Tramp sanada 200 yilga xato qilgan bo‘lsa-da) Daniyaga Grenlandiyaga egalik qilish huquqini bermasligini aytdi. Bu bahsda g‘olibni aniqlash mumkinmi? Umuman olganda, orolning tub aholisi kimlar? Va nega Trampning da’volari ma’nosizdek ko‘rinadi? Bu savollarga Donald Tramp orzu qilayotgan “muz bo‘lagi” tarixidan javob izlaymiz.

Grenlandiya tarixi hayot dunyoni mustamlakachilar va ulardan jabr ko‘rgan mahalliy xalqlarga ajratadigan konsepsiyalarga nisbatan murakkabroq ekanligini ko‘rsatish uchun yaratilgandek go‘yo.

Bugungi kunda orol aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi inuitlarning ajdodlari Grenlandiyaga yevropaliklardan keyinroq kelgan va ehtimol, Grenlandiya janubidagi norveg vikinglari manzilgohlari yo‘qolib ketishida rol o‘ynagan.

Aynan o‘sha, manzilgohlar o‘zining so‘nggi kunlarini boshdan kechirayotgan vaqtda Daniya Grenlandiyani o‘zi uniya orqali egalik qilgan Norvegiya tarkibidan “olgan”. Shundan so‘ng Daniya yana 300 yil davomida bu hududga yetib borolmagan.

XX asr boshlariga kelibgina (Shvetsiyadan) mustaqillikka erishgan Norvegiya 1930-yillarda xalqaro sud orqali 500 yil oldin tashlab ketilgan Grenlandiyadagi mulklarining bir qismini qaytarib olishga uringan, ammo bu urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

AQSh Grenlandiyani Ikkinchi jahon urushi davrida okkupatsiya qilgan (rasman — Grenlandiyaning iltimosiga ko‘ra va Daniya hukumati roziligisiz). Asos sifatida XIX asrda ilgari surilgan, hozir esa Tramp tayanayotgan dalil qo‘llanilgan: Grenlandiya Amerika qit’asida joylashgan, AQSh esa butun qit’a va umuman G‘arbiy yarimshar xavfsizligi uchun javobgarlikni bir tomonlama tarzda o‘z zimmasiga olgan.

Grenlandiya YeI a’zosi emas. U ittifoq Yevropa Hamjamiyati deb atalgan 1985 yildayoq (referendum orqali) undan chiqib ketgan. Orol Yevropa erkin baliq ovlash qoidalariga bo‘ysunishni istamagan. Shu bilan birga, Grenlandiya aholisi YeI fuqarosi pasportiga ega.

Nihoyat, 2009 yilda Daniya bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, Grenlandiya xalqi to‘liq mustaqillik imkoniyatini (referendum orqali) nazarda tutuvchi o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega, Ammo xalqaro huquq nuqtai nazaridan o‘z taqdirini boshqa bir davlat qo‘l ostiga o‘tish orqali belgilash dargumon.

Grenlandiyaning tub aholisi kimlar?

Foto: Getty images

Xalqaro huquq nuqtai nazaridan — orolga taxminan 1000-yillarda, uning janubiga esa XIV asrda kelgan inuitlar (Tule sivilizatsiyasiga mansub xalq). Ammo ulardan oldin ham orolda boshqa jamoalar yashagan: bir necha ming yillar davomida Grenlandiya shimoli va Kanadaning ayrim hududlarini egallagan dorset madaniyati vakillari, shuningdek, X asr oxirida orol janubida paydo bo‘lib, XIII asr o‘rtasida rasman Norvegiya Qirolligi tarkibiga kirgan norveg vikinglari koloniyalari. Inuitlar — Alyaskadan ko‘chib kelgan aholi Grenlandiya (va shimoliy Kanada)ga kelganidan so‘ng har ikki ilk grenland jamiyati yo‘qolib ketgan.

Dorset madaniyatiga mansub odamlar ehtimol inuitlar bilan raqobat oqibatida yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsa, vikinglar koloniyalarining taqdiri va yo‘qolish sabablari oxirigacha aniq emas. Balki ular “ideal bo‘ron”ga - jamiyatning halokatiga olib kelgan omillar majmuasiga duch kelishgandir.

Vikinglarning ilk koloniyasi X asr oxirida Erik Malla (u qotilligi uchun avval Norvegiyadan Islandiyaga, keyin esa Islandiyadan quvg‘in qilingan) va o‘g‘li Leyf Erikson tomonidan barpo etilgan. Erikka Islandiyaga qaytishga ruxsat berilgach, u mahalliy aholining ko‘pchiligini yangi orolga borishga ko‘ndirgan. Arxeologik qazishmalarning ko‘rsatishicha, koloniya tuzishdan asosiy maqsad morj tishlarini eksport qilish bo‘lgan. Morj tishlari o‘sha paytlarda Yevropada bezak buyumlari uchun fil suyagi o‘rnini bosuvchi xomashyo edi.

Leyf Erikson qo‘shni Kanadada (Nyufaundlend orolida) ham koloniyalar tashkil etishga urinib ko‘rgan, ammo bunga “skrelinglar” (qadimgi norveg tilida bu so‘z “badbasharalar” yoki “chala odamlar” ma’nosini anglatgan bo‘lishi mumkin, zamonaviy island tilida esa — “varvarlar”) yo‘l qo‘yishmagan.

Qazishmalardan ma’lum bo‘lishicha, vikinglar XX asr olimlari tasavvur qilganidan farqli o‘laroq, yangi muhitga to‘liq moslasha olishgan: ular faqat norveglarga xos bo‘lgan yirik shoxli qoramol va qo‘y boqishga tayanib qolmasdan, tyulenlarni jamoaviy ovlashni ham o‘rganib olishgan.

Ikkita muqim manzilgoh barpo etilgan — Sharqiy (aslida u Grenlandiyaning janubiy chekkasida) va G‘arbiy (aslida esa shimoli-g‘arbiy; hozir u yerda Grenlandiya poytaxti Nuuk joylashgan). Ular cherkovlarga ega yirik fermer xo‘jaliklari tarmog‘idan iborat bo‘lib, u yerda ham yer egalari, ham ijarachilar yashagan. Manzilgohlarda hayot eng yuqori cho‘qqiga chiqqan davrda aholi soni ikki mingdan besh ming kishigacha yetgan.

Vikinglar oziq-ovqat topish masalasida mahalliy sharoitlarga moslasha olgan bo‘lsalar-da, baribir Norvegiyaga (xuddi Islandiyadagi kabi) qaram bo‘lib qolishgan. Ularga kemalarni ta’mirlash uchun yog‘och va asbob-uskunalar uchun temir kerak edi. Xomashyoni faqat Yevropa metropoliyasidan import hisobiga olish mumkin edi. XIII asr o‘rtalariga kelib, Islandiya va Grenlandiyadagi manzilgohlar zarur xomashyolar olib keladigan muntazam kemalar qatnovi evaziga Norvegiya qirolligi tarkibiga kirgan.

Oradan bir necha o‘n yillar o‘tgach, global sovish boshlangan. Nisbatan iliq iqlim o‘rnini XIX asr o‘rtalarigacha davom etgan Kichik muzlik davri egallagan. Grenlandiyadagi vikinglar yaylovlarining bir qismidan ayrilib, yirik shoxli qoramol boqishdan deyarli voz kechishga majbur bo‘lgan.

Tez orada Yevropa Norvegiya va Islandiya aholisining yarmidan ko‘pining umriga zomin bo‘lgan global vabo pandemiyasi qurboni bo‘ldi. Grenlandiyada epidemiya yuz bermadi, biroq u to‘liq izolyatsiyada qoldi. Nihoyat, 1397 yilda Norvegiya Daniya qiroli qo‘l ostiga o‘tdi (Norvegiya va Shvetsiyani Daniya qiroliga bo‘ysundirgan Kalmar uniyasiga muvofiq). Ehtimolga ko‘ra, shu paytdan boshlab Yevropadan Grenlandiyaga hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan kemalar qatnovi to‘xtagan.

Koloniyalarning iqtisodiy ahamiyati esa bundan ham avvalroq yo‘qolgan edi: Yevropa uchun Afrikadan fil suyagini olish imkoniyati ochildi, shu bilan birga bunday materiallardan tayyorlangan bezaklarga bo‘lgan qiziqish ham pasaydi.

XIV asrda G‘arbiy (shimoliy) manzilgohga “skrelinglar” — tyulen ovlash bilan shug‘ullangan inuitlar yetib kelgan. Sagalarda 1341 yilda hajmi kichik bo‘lgan bu viking manzilgohi evakuatsiya qilingani aytiladi.

Asosiy — Sharqiy (janubiy) manzilgohning taqdiri noma’lum. U yerdan qolgan eng so‘nggi yozuv (nikoh shartnomasi) 1408 yilga taalluqli. Bu koloniyadagi ayrim oilalar keyinchalik Islandiyada yashagani ma’lum. Qolganlari esa, ehtimol, halok bo‘lgan. So‘nggi davr qabrlarida ommaviy qirg‘in yoki janglar asorati ko‘rinmaydi. Fermalardagi inshootlar vayron qilinmagan, talon-taroj etilmagan yoki yoqib yuborilmagan. Nima bo‘lgan taqdirda ham, hudud inuitlar qo‘liga o‘tgan.

Grenlandiya qanday qilib Daniyaniki bo‘lib qolgan?

Foto: Reuters

Daniya qirolligi Islandiya va Grenlandiyadagi viking manzilgohlarini (Norvegiya bilan uniya orqali meros bo‘lib qolgan hudud sifatida) o‘z yerlari deb hisoblashda davom etgan. Kichik muzlik davrining eng avj pallasida dengizda yuqori kengliklarda suzish imkoni bo‘lmagani sababli uzoq vaqt davomida Daniya qiroliga qarashli aholining taqdirini aniqlashga urinishlar bo‘lmagan. Tordesilyas shartnomasiga muvofiq, Atlantikaning Grenlandiya joylashgan qismidagi har qanday quruqlikka egalik qilish huquqini olgan portugallar esa muzli oroldan ko‘ra hozirgi shimoliy Kanadaning orollari orasidan Tinch okeaniga olib chiquvchi dengiz yo‘lini qidirishga ko‘proq qiziqishgan.

Grenlandiyani Daniya hokimiyati nazoratiga qaytarishga qaratilgan ilk (omadsiz) urinishlar XVII asrga to‘g‘ri keladi. Faqat XVIII asr boshlaridagina Daniya ma’qullovi bilan faoliyat yuritgan Moraviya cherkovi missionerlari (ya’ni “chex birodarlari” — Chexiyadagi guschilar harakati izdoshlaridan tashkil topgan protestant yo‘nalishi) orolda muqim manzilgoh barpo etishga muvaffaq bo‘lishdi. Shundan so‘ng Grenlandiyaning g‘arbiy hududlari amalda Daniya nazorati ostiga o‘tdi. Daniya inuitlarni cho‘qintirish va yevropaliklar yashashi mumkin bo‘lgan hududlarni egallash bilan shug‘ullandi.

XIX asr boshlarida Daniya qiroliga bir vaqtning o‘zida Norvegiya qiroli mavqeini bergan Kalmar uniyasi bekor qilindi. Yangi shaxsiy uniyaga muvofiq, Shvetsiya qiroli Norvegiya qiroli etib tayinlandi. Ammo merosni taqsimlash jarayonida Islandiya va Grenlandiya Daniya yerlari sifatida qoldirildi.

1905 yilda Norvegiya Shvetsiyadan mustaqillikka erishdi. Shundan so‘ng mamlakatda “azaliy” dengizorti hududlarini qaytarib olish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Bu harakat 1930-yillarda avjiga chiqdi: o‘sha paytda Norvegiya Jahon sudi (rasmiy nomi — Xalqaro adliya doimiy palatasi; Birinchi jahon urushidan so‘ng Millatlar Ligasi doirasida xalqaro nizolarni hal etish uchun tuzilgan) orqali sharqiy Grenlandiyaning hech qachon norveg vikinglariga tegishli bo‘lmagan hududlarini qaytarib olishga urindi. Norveglar fikricha, koloniya huquqiga ko‘ra, daniyaliklar faqat o‘zlari jismonan yashagan joylargagina egalik qilish huquqiga ega bo‘lib, Grenlandiyaning og‘ir iqlimli muzli sharqiy qismida esa ularning manzilgohlari bo‘lmagan. Biroq Jahon sudi 1933 yilda butun Grenlandiyani Daniyaga tegishli deb topdi.

Grenlandiyada Amerika harbiy bazalari qanday paydo bo‘lgan?

Foto: AP

1940 yil 9 aprelda Daniya Ikkinchi jahon urushi davomida Buyuk Britaniya va Fransiyaga qarshi kurashda shimoliy flangini xavfsizlashtirishni maqsad qilgan natsistlar Germaniyasi tomonidan bosib olindi. O‘sha kuniyoq Germaniyaning Norvegiyaga murakkab va qonli bosqini ham boshlandi. Daniya hukumati qirol boshchiligida tezda taslim bo‘ldi.

Daniyaning Grenlandiyadagi fuqarolari orolni urushda ishtirok etayotgan tomonlardan biri bosib olishidan xavotirda edi. Ularni nemislar emas, balki britaniyaliklar, aniqrog‘i, ularning dominioni bo‘lgan Kanada, yanada aniqrog‘i, Yevropadan Kanadaga evakuatsiya qilingan norveg qo‘shinlari ko‘proq xavotirga solardi. Norveglarning orolni Erik Mallaning ming yil avval qilgan ishlariga tayanib sud orqali tortib olishga urinishgani Grenlandiyadagi daniyaliklarning hali esidan chiqmagandi. Buyuk Britaniyaning niyatlari borasida esa umuman shubha yo‘q edi: bu paytga kelib “qo‘shni” Islandiya natsistlar tahdidi bahonasida britan qo‘shinlari tomonidan bosib olingan edi.

1941 yil bahorida “Grenlandiya xalqi” vakillari Yevropadagi urushdan orol xavfsizligini ta’minlashni so‘rab betaraf davlat — AQShga murojaat qildi. Daniya nemislar tomonidan bosib olinganidan roppa-rosa bir yil o‘tib, Vashington Yevropada tinchlik o‘rnatilmagunicha Grenlandiyaga qo‘shin kiritish majburiyatini oldi.

Ittifoqchilar tomonidan okkupatsiya qilingan Islandiya va Grenlandiya taqdiri turlicha kechdi: Islandiya mustaqillikka erishdi, Grenlandiya ustidan suverenitet Daniyaga qaytarildi. Amerika qo‘shinlari esa Grenlandiyani tark etmadi; Daniyaning NATOga kirish bo‘yicha uzoq davom etgan muzokaralari natijasida AQSh orolda harbiy bazalar barpo etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Ammo shu ondan boshlab Vashington Grenlandiyadagi harbiy ishtirokini kengaytirmadi, aksincha, qisqartirib bordi. Sovuq urush yakuniga kelib, uchta yirik bazadan faqat bittasi — orolning shimoli-g‘arbida joylashgan Tule bazasi qoldi. Uning o‘zi ham kichraydi: Sovuq urush avjida u SSSRga zarba berishga mo‘ljallangan B-52 strategik bombardimonchilari joylashgan muhim aerodrom bo‘lgan bo‘lsa, 2000-yillarga kelib bu yerda AQSh kosmik qo‘shinlarining Rossiya tomonidan beriladigan raketa zarbasi haqida ogohlantiruvchi radar ishini ta’minlovchi bo‘linmasi qoldi xolos. Muzli orolda boshqa harbiy aktivlarni saqlab turish haddan ziyod qimmatga tushishi ma’lum bo‘ldi.

O‘zi Trampga Grenlandiya nima uchun kerak?

Foto: Getty images

Bu savolga mantiqiy javob yo‘q. Hech qanday harbiy sabab ham mavjud emas: hech kim (Rossiya va Xitoy ham) Grenlandiyani bosib olish bilan tahdid qilayotgani yo‘q; AQSh esa bunday murakkab iqlim sharoitida doimiy harbiy ishtirokni kengaytirish imkoniyatiga ega emas. Aslida, kengaytirishga ehtiyoj ham yo‘q. Ammo nazariy jihatdan yangi bazalar tashkil etish imkoniyati mavjud — bu AQSh va Daniya o‘rtasidagi shartnomalarda qayd etilgan.

Grenlandiya Daniyadan farqli o‘laroq, Yevroittifoq a’zosi emas: 1980-yillar boshida o‘tkazilgan referendumda orol aholisi umumevropa tuzilmalarida qatnashishni rad etgan (bu Grenlandiya sohillarida baliq ovlash huquqi bilan bog‘liq edi). Natijada Grenlandiya YeI qonunlari amal qilmaydigan hududga aylangan. Xususan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orolni tashqi hujumlardan himoya qilishga majbur emas (agar xohlashsa, bunday yordamni ixtiyoriy ravishda ko‘rsatishlari mumkin). Shu bilan birga, agar AQSh orolni kuch bilan egallashni istasa, Grenlandiya bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra uning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha vakolatlarga ega bo‘lgan Daniya armiyasi bilan to‘qnashishiga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, AQSh va Daniya armiyalarining kuchlarini taqqoslab bo‘lmaydi; ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvini tasavvur qilishning iloji yo‘q. Shu bois Daniya va Yevropa Ittifoqi Tramp tahdidlarini shunchaki po‘pisa deb hisobladi.

Shu bilan birga, “geosiyosiy” nuqtai nazardan asosiy xavf Xitoy yoki Rossiya armiyalaridan emas, balki ularning biznesidan kelib chiqadi. 2009 yildagi shartnomaga ko‘ra, Grenlandiya hukumati o‘z tabiiy resurslari, jumladan, Vashingtonni juda qiziqtirayotgan nodir metallar konlari ustidan to‘liq nazoratga ega. Bundan tashqari, Grenlandiya Daniyadan mustaqil bo‘lish huquqiga ham ega. Mustaqillikka bo‘lgan uzoq yillik intilishlarga qaramasdan, Grenlandiya rahbariyati ayni paytda Kopengagen hokimiyati ostida qolishni ma’qul ko‘rmoqda — aynan AQSh nazorati ostiga o‘tishni istamagani uchun.

Trampning Grenlandiyani tajovuzkorlik bilan “yutib yuborish”ga urinishi barbod bo‘ldi. Endi esa, Bloomberg agentligi xabar berishicha, unga tasalli sifatida AQShning oroldagi harbiy ishtirokini kengaytirish huquqi berilishi mumkin (garchi bu avval ham deyarli cheklanmagan bo‘lsa-da). AQSh ma’muriyati shuni yodda tutishi lozimki, orolga kiritilgan sarmoyalar odatda o‘zini oqlamaydi: bunday shafqatsiz tabiiy sharoitda begonalar uchun yashash xarajatlari haddan tashqari yuqori.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid