O‘zbekiston | 19:08 / 30.01.2017
12755
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tibbiyot muassasalari deyarli 84 million dollarlik asbob-uskunalar bilan jihozlanadi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot muassasalarini zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar bilan jihozlashda davom etmoqda, deb yozadi Uzbekistan Today nashri.   

Joriy yilda asbob-uskunalarni olishi rejalashtirilgan muassasalar ro‘yxatiga shahar, tuman tibbiyot birlashmalari va oilaviy poliklinikalar, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari qoshida joylashgan klinikalar, respublika klinikalari kiritildi.

Onkologiya muassasalari yangi radioterapiya asbob-uskunalari va onkologiya kasalliklarini o‘ta aniq topishga imkon beruvchi gistokimyo laboratoriyalari uchun jihozlarni qabul qilib oladi. Shuningdek, tez tibbiy yordam Respublika ilmiy markazi ham tegishli jihozlar bilan ta'minlanadi. Bundan tashqari, Toshkentda qurilayotgan to‘rtinchi avlod ko‘p sohali bolalar markazi ham tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ushbu barcha loyihalari xalqaro moliya institutlari – Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot fondi, Xalqaro taraqqiyot agentligi, Kuvayt arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi va Janubiy Koreya Eskimbanki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid