Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Grenlandiya uning xalqiga tegishli» – Yevropa Ittifoqi yetakchilari Daniyani qo‘llab-quvvatladi
Yevropaning eng yirik davlatlari yetakchilari AQSh prezidenti Donald Tramp Daniyaga tegishli Grenlandiyani egallab olish bilan yana bir bor tahdid qilganidan keyin uni himoya qilib chiqdi.
Foto: Getty images
«Grenlandiya o‘z xalqiga tegishli va faqat Daniya va Grenlandiya o‘zaro munosabatlar bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin», deb ta’kidladi Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya va Daniya yetakchilari qo‘shma bayonotda. BBC nashri undan iqtiboslar keltirdi.
«Hech bir [NATO] a’zosi Shimoliy Atlantika alyansining boshqa a’zosiga hujum qilmasligi yoki tahdid solmasligi kerak. Aks holda, alyans ichida ziddiyatlar yoki o‘zaro qarama-qarshiliklar yuzaga kelsa, NATO o‘z ma’nosini yo‘qotadi», dedi jurnalistlarga Polsha bosh vaziri Donald Tusk.
Niderlandiya bosh vaziri Dik Sxof o‘z mamlakati bu bayonotni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
4 yanvar kuni Donald Tramp jurnalistlarga Grenlandiyani «milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan» Qo‘shma Shtatlarga kerakligini aytib, uni anneksiya qilishni yana bir bor taklif etdi.
AQSh prezidenti Arktikadagi orol ustidan nazorat o‘rnatish uchun kuch ishlatish imkoniyatini istisno qilishdan bosh tortdi, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen esa 5 yanvar kuni AQSh hujumi NATO tugashini anglatishi haqida ogohlantirdi.
Grenlandiya kelajagi masalasi Venesueladagi AQSh harbiy operatsiyasi fonida yana paydo bo‘ldi, uning davomida elita qo‘shinlari mamlakat prezidenti Nikolas Maduroni giyohvandlik, qurol-yarog‘ saqlash va giyohvand moddalar kontrabandasi bo‘yicha ayblovlar qo‘yish uchun qo‘lga olib, Nyu-Yorkka yetkazgan edi.
AQSh harbiy operatsiyasining ertasi kuni Trampning yuqori martabali yordamchilaridan birining rafiqasi Keti Miller ijtimoiy tarmoqlarda Amerika bayrog‘i ranglaridagi «Tez orada» yozuvi tushirilgan Grenlandiya xaritasini e’lon qildi. So‘ngra uning turmush o‘rtog‘i Stiven Miller AQSh hukumatining rasmiy pozitsiyasini tushuntirib, «Grenlandiya AQSh bir qismiga aylanishi kerakligini» aytdi.
«AQSh – NATO qudrati. AQSh Arktika mintaqasi xavfsizligini ta’minlashi, NATO manfaatlarini himoya qilishi uchun, shubhasiz, Grenlandiya AQSh bir qismi bo‘lishi kerak», dedi Miller CNN telekanaliga bergan intervyusida.
AQSh hududni kuch bilan egallab olish imkoniyatini istisno qiladimi, degan savolga Miller shunday javob berdi: «Hech kim Grenlandiya kelajagi uchun AQSh bilan urushmaydi».
Bunga javoban 6 yanvar kuni qo‘shma bayonot imzolagan Yevropa davlatlari Arktikadagi xavfsizlik NATO bo‘yicha ittifoqchilar, jumladan, AQSh bilan birgalikda ta’minlanishi kerakligini ta’kidladi.
«NATO Arktika mintaqasi ustuvor yo‘nalish ekanini va Yevropa ittifoqchilari sa’y-harakatlarni kuchaytirayotganini aniq ko‘rsatdi», deyiladi bayonotda. - Biz va boshqa ko‘plab ittifoqchilar Arktika xavfsizligini saqlash va dushmanlarni tiyib turish uchun [u yerda] mavjudligimiz, faoliyatimiz va sarmoyamizni kuchaytirdik».
Grenlandiya bosh vaziri Yyens-Frederik Nilsen Yevropa yetakchilarining birdamligini olqishladi va AQShni yana bir bor «hurmatli muloqotga» chaqirdi.
«Muloqotni Grenlandiya maqomi xalqaro huquq va hududiy yaxlitlik tamoyiliga asoslanganini hurmat qilgan holda olib borish kerak», dedi u.
Tramp so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiyaning AQSh tarkibiga kiritilishi Amerika xavfsizligi manfaatlariga javob beradi, chunki bu orol strategik jihatdan muhim joyda joylashgan va yuqori texnologiyali sohalar uchun zarur bo‘lgan foydali qazilmalarning boy zaxiralariga ega.
Yevropa va Shimoliy Amerika o‘rtasida joylashgan Grenlandiya AQSh raketaga qarshi mudofaa tizimi uchun muhim strategik obekt bo‘lib, uning mineral resurslari Vashingtonga Xitoy eksportiga qaramlikni kamaytirishga yordam berishi mumkin.
Aholisi 57 ming kishi bo‘lgan Grenlandiya 1979 yildan buyon keng ko‘lamli o‘zini o‘zi boshqarish vakolatiga ega, garchi uning mudofaa va tashqi siyosat masalalari bilan hamon Daniya shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da.
Grenlandiyaliklarning aksariyati Daniyadan uzil-kesil mustaqil bo‘lish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, ular AQSh tarkibiga qo‘shilishga mutlaqo qarshi.
Mavzuga oid
23:32 / 02.04.2026
AQSh bosh prokurori Pem Bondi iste’foga chiqadi
23:13 / 02.04.2026
Erondagi eng katta ko‘prik AQSh va Isroil zarbasi oqibatida vayron bo‘ldi
21:32 / 02.04.2026
AQShda 51 yil avvalgi qotillik DNK texnologiyasi yordamida fosh etildi
21:19 / 02.04.2026