Texnologiya | 17:26 / 24.08.2016
15569
2 daqiqa o‘qiladi

Lada o‘zining yangi krossoveri prototipini namoyish etdi

Rossiyaning «AvtoVAZ» kompaniyasi yangi yo‘ltanlamas kontsept-kari XCODE modelini namoyish etdi. Krossover prototipi Moskvada ish boshlagan avtoko‘rgazmada omma e'tiboriga havola etildi. Umuman, avtozavod ushbu motorshouga 6ta kontsept-kar, jumladan Vesta sedani va Xray xetchbekining yo‘ltanlamas namunalarini olib kelgan.

Avtomobilsozlik kompaniyasining qayd etishicha, XCODE «Lada» dizaynerlik uslubining o‘zgarishini namoyon etadi. Bu ilk bor XRay hamda Vesta modellarida ko‘ringan edi.

«Avtomobil konsepsiyasi bir qator istiqbolli yechimlarni o‘zida mujassam etgan. Turbomotor va barcha g‘ildiraklarining yetakchilik xususiyati, mashinani smartfon yordamida boshqarish imkonini beruvchi Lada Connect telematik platformasi shular jumlasidan», — deb qayd etishgan «AvtoVAZ»da.

Hozircha kompaniya Lada XCODE modeli seriyali tarzda ishlab chiqarilishi borasida rejalarini oshkor qilmagan. Biroq, «AvtoVAZ»ning bosh dizayneri Stiv Mattin so‘zlariga ko‘ra, prototipni seriyali rusumga aylantirish uchun o‘rtacha 4 yil vaqt ketadi.

 

Mavzuga oid