Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Erondan «juda yaxshi bayonot» olgan Tramp, G‘azoda sulhning ikkinchi bosqichi va Ukrainada yana korrupsion mojaro – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Eron havo hududini yopib, qayta ochdi
14 yanvar kuni ehtimoliy harbiy harakatlar haqidagi xavotirlar fonida Tehron qariyb besh soatga yaqin o‘z havo hududini yopdi, keyin qayta ochdi. Yopilish o‘nlab aviakompaniyalar reyslarini bekor qilishga, yo‘nalishini o‘zgartirishga yoki kechiktirishga majbur qilgan.
Vaqtinchalik yopilish – prezident Donald Tramp Eron bilan bog‘liq vaziyatga qanday javob berish haqida o‘ylab turgan bir paytda sodir bo‘ldi. Eron esa so‘nggi yillardagi eng yirik hukumatga qarshi norozilik namoyishlarini boshdan kechirmoqda.
Oq uydagi manbalar esa Tramp vaziyatga nisbatan kutish va kuzatish pozitsiyasini tutayotganini bildirdi. Tramp o‘zi ham jurnalistlarga noroziliklarni bostirish jarayonida «o‘ldirishlar kamayib borayotgani» haqida ma’lumot olganini aytgan.
U ehtimoliy AQSh harbiy aralashuvini inkor etmadi va «jarayon qanday kechishini kuzatamiz», dedi. Tramp ma’muriyati Erondan «juda yaxshi bayonot» olganini qo‘shimcha qildi.
Isroil va yevropalik rasmiylar esa AQSh harbiy aralashuvi yaqin vaqtlarda sodir bo‘lishi mumkin, demoqda.
AQSh rasmiysining aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqdagi bazalaridan ayrim xodimlarini olib chiqmoqda. Bundan oldin Eronning yuqori martabali rasmiysi agar Vashington zarba bersa, Tehron AQSh, Saudiya va BAAdagi bazalariga hujum qilishidan ogohlantirgan edi.
Tramp: tinchlik kelishuviga Kiyev to‘sqinlik qilmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp Reuters agentligiga bergan intervyusida Ukrainada tinchlik bitimining tuzilishiga Moskva emas, balki Kiyev to‘sqinlik qilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin urushni yakunlashga tayyor, Ukraina esa «kelishuvga kamroq tayyor».
AQSh yetakchiligidagi muzokaralar nega Yevropadagi eng yirik mojaroni to‘xtata olmaganiga doir savolga Tramp shunchaki «Zelenskiy» deb javob berdi va tafsilot keltirmadi.
Aslida esa 2025 yildagi AQSh razvedkasi bahosida Vladimir Putin hamon butun Ukraina hududi ustidan nazorat o‘rnatishga intilayotgani aytilgandi. Bundan tashqari, AQSh razvedkasi xulosalari ko‘p jihatdan Yevropa maxsus xizmatlarining baholari bilan mos keladi.
Dekabr oyida Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohan Vadeyful ham Rossiya prezidenti tinchlik muzokaralarini boshlamaslik uchun bahonalar izlayotganini aytgan edi.
G‘azo sulhining ikkinchi bosqichi boshlanmoqda
AQSh 14 yanvar kuni G‘azo urushini tugatish bo‘yicha rejaning ikkinchi bosqichini ishga tushirayotganini ma’lum qildi. Lekin hozirda birinchi bosqichning asosiy elementlari, jumladan, Isroil va Hamas o‘rtasidagi to‘liq sulh hamon bajarilmagan.
Xususan, birinchi bosqich — Isroilning G‘azoda yuzlab odamlarni o‘ldirishi, oxirgi isroillik garovga olingan shaxs jasadining qaytarilmagani, Misr bilan chegaradagi Rafah o‘tish punktini ochilmagani sabab izdan chiqqan.
Ikkinchi bosqichga o‘tilishi bilan AQSh va uning hamkorlari bundan ham murakkab masalalar — Hamasni qurolsizlantirish va xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirishni hal qilishiga to‘g‘ri keladi.
Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bu bosqich G‘azoda o‘tish davri uchun texnokratik Falastin ma’muriyati tashkil etilishini aytgan. Shuningdek, qurolsizlantirish hamda qayta qurish jarayoni boshlanadi.
Misr, Qatar va Turkiya qo‘shma bayonotiga ko‘ra, Falastin organi 15 a’zodan iborat bo‘ladi. Unga Falastin ma’muriyatida sobiq vazir o‘rinbosari bo‘lgan, sanoat zonalarini rivojlantirish bilan shug‘ullangan Ali Shaat rahbarlik qiladi.
Shaatning aytishicha, qo‘mita avvalo G‘azo vayronalari orasida chodir shaharchalarda yashayotgan ko‘chirilgan falastinliklar uchun uy-joy bilan ta’minlashga e’tibor qaratadi.
Texnokratlar organi xalqaro «Tinchlik kengashi» tomonidan nazorat qilinadi. Uni esa BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq maxsus vakili Nikolay Mladenov boshqarishi kutilmoqda.
Ukrainada yana korrupsion mojaro
Ukrainaning sobiq bosh vaziri Yuliya Timoshenko o‘zining «Batkivshchina» partiyasi ofisida tintuvlar bo‘lib o‘tganini tasdiqladi. U chorshanba ertalab butun tun davom etgan tergov harakatlari haqida yozdi.
«Ular hech narsa topishmadi, shuning uchun shunchaki mening ish telefonlarimni, parlament hujjatlarimni va rasmiy deklaratsiyada to‘liq ko‘rsatilgan shaxsiy jamg‘armalarimni olib ketishdi», deb yozdi u. Timoshenko korrupsiya ayblovlarini rad etdi.
Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuratura Timoshenkoga gumon haqida rasmiy bildirishnoma topshirgan. U Rada deputatlarini sotib olishda ayblanmoqda. Yuliya Timoshenkoga mansabdor shaxslarga noqonuniy manfaat taklif qilish aybi qo‘yilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, tergov «mazkur shaxsga gumon e’lon qilish uchun yetarli dalillar» to‘plagan va bu ish siyosiy ta’qib emas. Shuningdek, boshqa fraksiyalardan qariyb 20 nafar deputat muayyan qonun loyihalari uchun ovoz berish evaziga pul olgani ehtimoli tekshirilmoqda.
Yuliya Timoshenko 2005 yilda hamda 2007-2010 yillarda Ukraina bosh vaziri bo‘lgan.
AQSh 75 davlat fuqarolari uchun immigratsion vizalarni berishni to‘xtatdi
AQSh prezidenti ma’muriyati 75 ta davlat fuqarolari uchun immigratsion vizalar bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqishni to‘xtatmoqda. Bu – Vashingtonning immigratsiyaga qarshi choralarini kuchaytirishining bir qismi hisoblanadi.
Bu haqda bayonot bergan AQSh Davlat departamenti matbuot kotibining aytishicha, bu tanaffus – Lotin Amerikasi va Bolqonning ayrim davlatlari, Pokiston va Bangladesh kabi Janubiy Osiyo mamlakatlari, O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi Markaziy Osiyo davlatlari hamda Afrika, Yaqin Sharq va Karib havzasidagi ko‘plab davlatlar fuqarolariga ta’sir qiladi. Tanaffus joriy yil 21 yanvardan boshlanadi.
Reuters ko‘rgan rasmiy xabarnomaga ko‘ra, departament AQSh vizasiga ariza topshirayotgan barcha shaxslar uchun «eng yuqori darajadagi tekshiruv»ni ta’minlash maqsadida barcha qoidalar va ko‘rsatmalarni «to‘liq qayta ko‘rib chiqish» jarayonidan o‘tkazmoqda.
AQSh elchixonalari va konsulliklariga yuborilgan xabarda «ushbu mamlakatlardan bo‘lgan arizachilar AQShda davlat uchun moliyaviy yuk bo‘lish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar hisoblanishi va yordam so‘rashi» haqida aytilgan.
Xabarnomada AQSh konsullik xodimlariga – chop etishga ruxsat berilgan, ammo hali chop etilmagan vizalarni ham, chop etilgan, ammo konsullik bo‘limidan chiqib ketmagan vizalarni ham rad etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Bu qaror AQShga tashrif buyurish (visitor) vizalariga ta’sir qilmaydi. Bu turdagi vizalar 2026 yilgi Jahon chempionati va 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlariga AQSh mezbonlik qilishi sabab e’tibor markazida turibdi.
Mavzuga oid
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026
Isroilda falastinliklarni kamsituvchi qonun, Ho‘rmuzda yoqib yuborilgan Kuvayt tankeri va Germaniyaga kelgan Ash-Shar’a – kun dayjesti
15:30 / 30.03.2026