Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namanganda mashinada megafondan foydalangan haydovchi “prava”sidan ayrildi
U Malibu mashinasida harakatlanib, megafon orqali boshqa haydovchilardan yo‘lni bo‘shatishni talab qilgan. Bu harakat yo‘l bezoriligi sifatida baholangan va huquqbuzar 1,5 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etilgan.
Foto: Videodan kadr
Namangan shahrida mashina boshqarib borayotib, megafondan foydalangan haydovchiga chora ko‘rildi. Bu haqda YHXX axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Namangan shahrida “qonuniy qoidabuzarlik” qilishini aytgan yigit Malibu mashinasida harakatlanib, megafon orqali boshqa haydovchilardan yo‘lni bo‘shatishni talab qilgan. U bu harakatini tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruv ishlarida bu shaxs Abbos Yusupov ekani, u jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgani aniqlangan. Uning harakati boshqa haydovchilarning e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Abbos Yusupov qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. U agar ovoz kuchaytirgich qurilmasi mashinaga o‘rnatilmagan bo‘lsa, bu qoidabuzarlik hisoblanmaydi deb o‘ylaganini aytgan.
Huquqbuzar boshqaruvida bo‘lgan Malibu jarima maydoniga qo‘yilgan. U foydalangan megafon esa daliliy ashyo sifatida olingan.
Shuningdek, Abbos Yusupov JIB Namangan shahar sudining qarori bilan yo‘l bezoriligi huquqbuzarligini sodir etgan deb topilib, 1,5 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etilgan.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-10-moddasiga ko‘ra yo‘l bezoriligi, ya’ni yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishiga tahdid soluvchi yoxud transport vositasida yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlikda ifodalangan boshqa xatti-harakatlarni namoyishkorona sodir etishi transport vositalarini boshqarish huquqidan 1 yildan 2 yilgacha mahrum qilib, BHMning 25 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mavzuga oid
18:00 / 31.03.2026
Namangan viloyati salohiyati sun’iy intellekt asosida chuqur tahlil qilinadi
14:34 / 30.03.2026
Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olindi
11:02 / 28.03.2026
Namanganda sof oltin, Toshkentda kumush savdosi to‘xtatildi
09:23 / 26.03.2026