O‘zbekiston | 16:48 / 29.05.2026
3090
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev YeOII bilan hamkorlikni rivojlantirishning 5 ustuvor yo‘nalishini sanadi

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish O‘zbekiston «tashqi iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri» bo‘lib qolmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

29 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashida kuzatuvchi davlat rahbari sifatida qatnashib, nutq so‘zladi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston uchun YeOII mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish «tashqi iqtisodiy siyosatning eng muhim yo‘nalishlaridan biri» bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

«Bugungi kunda bizning YeOII davlatlari bilan o‘zaro hamkorligimiz kompleks iqtisodiy sheriklik tusini oldi. O‘zaro savdo hajmi o‘smoqda, sanoat kooperatsiyasi chuqurlashmoqda, logistik aloqalar mustahkamlanmoqda, raqamli iqtisodiyot, energetika va xizmatlar sohasida yangi yo‘nalishlar shakllanmoqda» deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda uning matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston kuzda Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan yangi Hamkorlik rejasini qabul qilish uchun Qo‘shma ishchi guruhi yig‘ilishini o‘tkazadi.

Shuningdek, yaqinda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Toshkent shahrida Yevrosiyo taraqqiyot bankining ofisi ochilib, muayyan loyihalar portfeli shakllantirildi.

Davlat rahbari xalqaro sammit doirasida YeOII bilan O‘zbekiston hamkorligini rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishlarini sanadi:

Birinchidan, O‘zbekiston va YeOII davlatlari o‘rtasida to‘siqlarsiz savdoning yagona raqamli makonini shakllantirishga kirishish muhimligi qayd etildi.

Bu yerda so‘z elektron tijoratni rivojlantirish va uni tartibga solish borasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya nazorati sohalarida raqamli ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlash, shuningdek, elektron hujjatlarni bosqichma-bosqich o‘zaro tan olish haqida bormoqda.

Ikkinchidan, sanoat kooperatsiyasi rivojiga yangi turtki berish muhimdir. Chunki biznesning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologik sheriklik va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga qiziqishi ortib bormoqda. Bu joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan oltinchi «INNOPROM. Markaziy Osiyo» ko‘rgazmasida ham o‘z tasdig‘ini topdi.

O‘zbekiston «yagona darcha» formatida Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda sheriklarni tanlaydigan, erkin sanoat zonalar negizida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydigan, moliyalashtirishni jalb etishga ko‘maklashadigan qo‘shma loyiha ofisini tashkil etishga tayyor.

Shuningdek, O‘zbekiston YeOII davlatlaridan keladigan yuqori texnologiyali rezidentlar uchun qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi sharoitlarni ishlab chiqishga tayyor.

Uchinchidan, energiya samaradorligini oshirish, toza texnologiyalarni joriy etish va mahsulotlarning uglerod sig‘imini kamaytirishga qaratilgan «Sanoatni «yashil» transformatsiya qilish qo‘shma dasturi»ni qabul qilishni taklif etildi.

Bu endilikda nafaqat ekologik kun tartibidagi masala, balki sanoatning uzoq muddatli raqobatdoshligini ta’minlaydigan muhim omilga aylanmoqda.

To‘rtinchidan, bandlik bo‘yicha milliy elektron xizmatlarni o‘zaro bog‘lash orqali tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarur.

Bu yerda so‘z - ishonchli bo‘sh ish o‘rinlari, ishga joylashish shartlari hamda migratsiya qonunchiligi normalarini o‘z ichiga olgan ma’lumotlardan fuqarolar foydalana oladigan - qulay va yaxlit raqamli muhitni shakllantirish haqida bormoqda. Bu bir paytning o‘zida mehnat bozorlari ehtiyojlarini hisobga olish, xodimlarning malakasini oshirish, fuqarolar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va norasmiy bandlik xavflarini kamaytirish imkonini beradi.

Beshinchidan, bugungi kunda turizm madaniy-humanitar sohadagi hamkorlikning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

O‘zbekiston «Markaziy Osiyo turistik halqasi» tashabbusini ilgari surdi. Davlat rahbari YeOII mamlakatlarini unda ishtirok etish va mazkur turistik yo‘nalishni ommabop raqamli platformalarda birgalikda targ‘ib qilishga taklif etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqi yakunida O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishga intilishini yana bir bor tasdiqladi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi rasman 2014 yilda tuzilgan. Unga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya a’zo davlatlar hisoblanadi. O‘zbekiston, Kuba va Moldova kuzatuvchi davlat maqomida.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid