Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Metan zapravkalar faoliyatiga yana cheklov kiritiladi
10 mart kuni soat 16:00 dan boshlanadigan navbatdagi cheklovlar qachongacha amal qilishiga aniqlik kiritilmagan.
Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda havo harorati pasayishi sababli 10 mart kuni soat 16:00 dan boshlab metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qildi.
Vazirlik sovuq va nam havo massalari kirib kelishi oqibatida tabiiy gazga bo‘lgan talab ortgani, shu sababli magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilayotganini qayd etgan.
«Mazkur chora-tadbirlar, avvalo, aholi va ijtimoiy soha obektlarini barqaror gaz ta’minoti bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy soha obektlariga xizmat ko‘rsatuvchi hamda jamoat transport vositalari uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda davom ettiriladi», – deyiladi vairlik xabarida.
Navbatdagi cheklovlar qachongacha amal qilishiga aniqlik kiritilmagan.
O‘tgan yil dekabridan buyon havo harorati pasayishi fonida metan gaz quyish shoxobchalarida qisman yoki to‘liq cheklovlar joriy etib kelinmoqda. Shu bilan birga, propan gaz quyish shoxobchalari qish davomida yopilmadi, ammo ularda ham uzun navbatlar haydovchilarga noqulaylik tug‘dirdi.
9 mart kuni O‘zbekiston hududiga sovuq va nam havo massalari kirib keldi hamda yomg‘ir va qor yog‘di.
Prognozlarga ko‘ra, joriy hafta o‘rtalarida ham shimoldan mintaqaga sovuq arktik havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda.