Jamiyat | 20:06 / 13.05.2017
14224
3 daqiqa o‘qiladi

Soliq organlari «Ishonch telefon»lariga bir haftada 200 dan ortiq murojaat kelib tushdi

Davlat soliq xizmati organlarida o‘rnatilgan «Ishonch telefonlari» orqali o‘tgan hafta davomida (2 maydan 9 mayga qadar) jami 238 ta, shundan 5 ta yuridik shaxslar va 233 ta jismoniy shaxslarning murojaatlari qabul qilingan. Bu haqda Kun.uz'ga Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Murojaatlarning aksariyatida tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan noqonuniy faoliyat yuritish, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida savdo qoidalarining buzilganligi hamda to‘lovlarni bank plastik kartochkalari orqali amalga oshirishda hisob-kitob «Terminal» apparatlari ishlatilmayotganligi, xarid cheki bermaslik holatlari qayd etilgan.

Jumladan, fuqarolar murojaati asosida o‘tkazilgan nazorat tadbirida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.Z. amaldagi qonunchilikka zid ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan «tadbirkorlik» faoliyatni amalga oshganligi aniqlandi. Natijada undan 5 turdagi 3 million 640 ming so‘mlik nooziq-ovqat mahsulotlari daliliy ashyo sifatida olindi. 

Shu tumanda istiqomat qiluvchi fuqaro Q.M. ham tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan soliqlardan qochib noqonuniy faoliyat yuritayotganligi ma'lum bo‘ldi. Nazorat tadbiri davomida undan 8 turdagi 13 million 370 ming so‘mlik nooziq-ovqat mahsulotlari daliliy ashyo sifatida olindi. Angor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro B.V. tegishli hujjat rasmiylashtirmasdan «tadbirkorlik» faoliyatni amalga oshirgan. Natijada undan jami 14 million 545 ming so‘mlik nooziq-ovqat mahsulotlari daliliy ashyo sifatidan olindi. 

Buxoro viloyati Vobkent tuman Imom Buxoriy ko‘chasida faoliyat ko‘rsatuvchi «VOBKENT YO’LOVCI SERVIS» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli avtoturargoh xizmati ko‘rsatish shoxobchasida o‘tkazilgan nazorat tadbirida shoxobcha xodimi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 17 noyabrdagi 306-sonli qarori talablarini qo‘pol tarzda buzib, avtoturargohdan foydalanuvchilarga xarid cheki bermagan va bu bilan daromadini yashirishga uringan. Shuningdek xizmat ko‘rsatish shoxobchasi g‘aznasida nazorat kassa mashinasi xotirasiga qayd qilinmagan naqd pullarning borligi ham aniqlangan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. 

Vobkent tumanida tuman davlat soliq inspeksiyasi hamda Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasining viloyat bo‘limi xodimlari tomonidan «Vobkent markaziy bozori»da o‘tkazilgan nazorat tadbirida 11 nafar fuqaroning hujjatsiz ravishda faoliyat yuritayotganligi aniqlangan.

Olib borilgan tushuntirish va profilaktik ishlar natijasida ushbu fuqarolarning barchasi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, faoliyatini qonuniy yo‘lga qo‘ydi.

Mavzuga oid