O‘zbekiston | 12:15 / 10.04.2026
12794
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda 7 ming so‘mdan palov sotgan tadbirkor jarimaga tortildi

Urganch tumanida oshxonasi bo‘lgan tadbirkor 2-4 fevral kunlari 7 ming so‘mdan palov sotishini aytib, ijtimoiy tarmoqqa e’lon joylashtirgan. Sud uning bu harakatini ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish deb baholadi.

Foto: Milliy statistika qo‘mitasi

Urganch tumanida mijoz jalb qilish uchun arzon narxda palov sotgan tadbirkor ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud qaroriga ko‘ra, Shohruhxon Qodirov tuman hududida umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. U ijtimoiy tarmoqda 2026 yil 2 fevraldan 4 fevralga qadar Xorazm suzma palovini 7 ming so‘mdan sotishi haqida e’lon joylashtirgan.

Sud hujjatida tadbirkor “Xorazm suzma palovini haddan tashqari arzonlashtirilgan narxda 7 ming so‘mdan sotishi to‘g‘risida tegishli tartibda ruxsat olmagan”i keltirilgan. Biroq buning uchun qanday huquqiy asosga ko‘ra qaysi tashkilotdan ruxsat olinishi kerakligi qayd etilmagan.

Mijoz chaqirish uchun 2 kun arzon sotdim. 7 ming so‘m ichida non, choy va salati ham bor edi. Biror janjal yoki boshqa holat bo‘lmadi. Bunday tadbir qilish uchun biror tashkilotdan ruxsat olinishi kerakligini bilmagandim”, deydi Kun.uz’ga Shohruhxon Qodirov.

JIB Urganch tuman sudining 17 martdagi qarori bilan Shohruhxon Qodirov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200-1-moddasida nazarda tutilgan ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish huquqbuzarligini sodir qilgan deb topildi. Unga BHMning 5 baravari, ya’ni 2 mln 60 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Avvalroq Xorazmda haykalni o‘pgan ayol jarimaga tortilgandi.  

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid