Jamiyat | 13:41 / 25.02.2026
17114
3 daqiqa o‘qiladi

Peterburg gubernatori Xayrullo Ibodullayevni ko‘krak nishoni bilan mukofotladi

Gubernator 7-qavatdan tushib ketgan bolani ushlab qolgan o‘zbekistonlikka butun shahar nomidan rahmat aytgan.

Foto: Aleksandr Beglovning telegram-kanali

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov Petrograd rayonidagi uyning yettinchi qavatidan tushib ketgan bolani qutqarib qolgan o‘zbekistonlik Xayrullo Ibodullayevni taqdirladi. Bu haqda shahar ma’muriyati matbuot xizmati xabar qildi.

Gubernator Ibodullayevga bolani qutqarish chog‘ida ko‘rsatgan jasorat va fidoyiligi uchun «Qutqarishdagi jasorat uchun» ko‘krak nishonini topshirgan. Unga esdalik soati ham sovg‘a qilingan.

«Bu ishingiz uchun minnatdorchilik bildiraman – bu chinakam mardonalik. Siz o‘zingiz haqingizda o‘ylamadingiz. O‘zingiz jarohat oldingiz, ammo yetti yoshli bolaning hayotini saqlab qoldingiz. Butun shahrimiz sizga katta rahmat aytadi. Bunday ezgulik hech qachon unutilmaydi. Oilangiz siz bilan faxrlanishi mumkin», – degan gubernator marosimda.

Beglov Ibodullayev bilan uchrashuvi haqida o‘zining telegram-kanalida ham post qoldirgan.

«Qahramonlar turlicha bo‘ladi. Ba’zan ular qutqaruvchilar formasida, shifokorlar xalatida, ba’zan – ishchilar maxsus kiyimida. Bugun Xayrullo Ibodullayev bilan uchrashdim. Uning jasorati haqida butun shahar biladi. U ish vaqtida o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, derazadan qulagan 7 yoshli bolani ushlab qolgan. O‘zi jarohat oldi, ammo bolani qo‘yib yubormadi. Xayrullo klining kompaniyasida ishlaydi, o‘zi – to‘rt farzandning otasi. Unga befarq bo‘lmagani, yordamga tayyorligi va insoniyligi uchun „Qutqarishdagi jasorat uchun“ ko‘krak nishonini topshirdim», – deb yozdi u.

Kanalda taqdirlash marosimidan olingan suratlar e’lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 22 fevral kuni Rossiyadagi telegram-kanallarda pastda turgan ishchi yettinchi qavatdan tushib ketgan bolani tutib qolgani aks etgan videolar keng tarqalgandi. Bu vaqtda bolaning onasi boshqa xonada bo‘lgan, derazalarga esa maxsus himoya moslamalari o‘rnatilmagan.

Keyinroq bolani qutqarib qolgan shaxs o‘zbekistonlik Xayrullo Ibodullayev ekani ma’lum bo‘ldi.

23 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev uni «Jasorat» medali bilan taqdirladi. Shuningdek, u rossiyalik propagandachi Tigran Keosayan nomidagi bir million rubllik mukofotga sazovor bo‘lgan.

Migratsiya agentligi esa unga o‘ziga qulay paytda O‘zbekistonga parvoz qilish uchun sertifikat sovg‘a qilgan.

Rossiya Davlat dumasi deputati Nikolay Novichkov Xayrullo Ibodullayevning qahramonligi mukofot va hurmatga loyiqligini bildirib, agar istasa unga Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda berish kerakligini aytgani xabar qilingan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid