Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nigeriyada IShIDga zarba bergan AQSh, ukrainaliklarning Putinga «tilagi» va Kilimanjaroda qulagan vertolyot – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh Nigeriyadagi IShID jangarilariga zarba berdi
AQSh Nigeriya shimoli-g‘arbidagi «IShID» jangarilariga qarshi zarba berdi. Bu haqda 25 dekabr kuni prezident Donald Tramp va AQSh harbiylari ma’lum qildi.
«Bugun kechqurun mening ko‘rsatmam bilan AQSh — Shimoli-G‘arbiy Nigeriyada asosan begunoh nasroniylarni nishonga olib, vahshiyona o‘ldirib kelgan IShID terrorchilariga qarshi kuchli va halokatli zarba berdi», — dedi Tramp.
AQSh Harbiy-havo kuchlarining Afrika bo‘yicha qo‘mondonligiga ko‘ra, zarba Sokoto shtatida Nigeriya rasmiylari bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilgan. Reutersʼning yozishicha, qo‘mondonlik dastlab zarba Nigeriya rasmiylari iltimosiga binoan amalga oshirilganini yozgan, biroq keyin bu bayonotini o‘chirib yuborgan.
AQSh noyabr oxiridan beri Nigeriyaning katta hududlari ustida razvedka ma’lumotlarini yig‘ib kelgan. AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset esa bu amaliyotlarning «davomi bo‘lishini» aytdi.
Nigeriya Tashqi ishlar vazirligi zarba AQSh bilan davom etayotgan xavfsizlik hamkorligi doirasida amalga oshirilganini tasdiqladi.
Nigeriya hukumati qurollangan guruhlar — musulmonlarni ham, nasroniylarni ham nishonga olishini aytgan. Shuningdek, hukumat AQShning Nigeriyada nasroniylar ta’qib qilinayotgani haqidagi da’volariga qo‘shilmaydi. Shu sababli, Nigeriya jangari guruhlarga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgani aytilmoqda.
Putinga tilangan o‘lim
Yil yakunida ukrainaliklarga an’anaviy murojaat qilgan prezident Volodimir Zelenskiy hamma bu kecha bitta tilakka ega ekanini — Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘limini tilashayotganini aytdi.
«Rojdestvo kechasida orzungizni aytsangiz, u albatta, amalga oshadi deb ishonamiz. Bugun barchamiz bitta orzuni bo‘lishamiz. «U yo‘q bo‘lsin» har birimiz ichimizda shunday o‘ylashimiz mumkin», — dedi Zelenskiy Putinning ismini tilga olmasdan unga ishora qilib.
Zelenskiy ukrainaliklar mustaqillik uchun urushning ketma-ket to‘rtinchi yilida ham o‘z yeri va oilalarini himoya qilishda davom etayotganini aytgan.
Zelenskiyning murojaati AQSh yetakchiligidagi tinchlik kelishuvi tafsilotlari oshkor qilingan kunga to‘g‘ri keldi. Uning aytishicha, urushini tugatishga qaratilgan bir nechta asosiy masalalar bo‘yicha kelishuv mavjud. Biroq Rossiya maksimal talablarini davom ettirmoqda.
Shu bilan birga frontda urush ham davom etmoqda. Shu kechada Ukraina harbiylari Rostov oblastidagi «Novoshaxtinskiy» neftni qayta ishlash zavodiga Storm Shadow raketalari bilan zarba bergan. Natijada zavodda bir nechta portlashlar yuz berdi. Ukraina tomoniga ko‘ra, bu zavod Rossiya armiyasining yirik ta’minotchilaridan biri hisoblanadi.
Kats: Isroil «hech qachon» G‘azoni tark etmaydi
Payshanba kuni mudofaa vaziri Israel Kats Isroil davlati G‘azo sektorini «hech qachon tark etmasligi» haqidagi va’dasini takrorladi. Ta’lim konferensiyasida so‘zlagan Kats Isroil G‘azoda doimiy ravishda qolishini va anklav atrofida keng xavfsizlik bufer zonasi yaratishini bildirgan.
Katsning aytishicha, «vaqti kelganda» G‘azo shimolida Nahal punktlarini «tartibli tarzda» tashkil etish mumkin bo‘ladi. Isroil armiyasi bosh qo‘mondoni Eyol Zamir ham Katsning qarashlarini qo‘llab-quvvatladi.
Isroil OAVlariga ko‘ra, bu bayonotlar Donald Tramp ma’muriyatini g‘azablantirgan va Netanyahuning AQShga rejalashtirgan tashrifini murakkablashtirishi mumkin.
Netanyahu 29 dekabr kuni Tramp bilan uchrashadi. Uchrashuv G‘azo, Eron, Livan va Suriya masalalariga bag‘ishlanishi kutilmoqda.
G‘azoda Tramp ilgari surgan taklif asosidagi sulh 10 oktyabrda kuchga kirgan. Biroq Isroil uni har kuni buzib kelmoqda, buning oqibatida sulhdan keyin ham 411 nafar falastinlik halok bo‘ldi.
Isroil o‘nlab yillardan beri Falastin hududlarini, Suriya va Livanning ayrim qismlarini bosib olgan. Tel-Aviv 1967 yilgacha bo‘lgan chegaralar doirasida mustaqil Falastin davlatini barpo etishni rad etib keladi.
Kilimanjaro tog‘ida vertolyot quladi
25 dekabrga o‘tar kechasi Tanzaniyada – Afrikaning eng baland cho‘qqisi hisoblangan Kilimanjaro tog‘ida vertolyot qulashi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, bu tog‘dagi bemorlarni olib chiqish uchun amalga oshirilayotgan qutqaruv parvozi bo‘lgan.
Hodisa tog‘dagi Barafu lageri bilan Kibo cho‘qqisi oralig‘ida, dengiz sathidan 4 ming metrdan ortiq balandlikda yuz bergan. Halok bo‘lganlar orasida tibbiy evakuatsiya doirasida olib chiqilayotgan: ikki nafar chet ellik sayyoh, mahalliy shifokor, bir nafar gid va uchuvchi bor.
Payshanba kuni Tanzaniya Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi hodisa yuzasidan «voqea sharoitlari va ehtimoliy sabablarini aniqlash uchun» tergov boshlanganini ma’lum qildi.
Kilimanjaro tog‘ida havo kemalari bilan bog‘liq hodisalar kam uchraydi – oxirgi qayd etilgan voqea 2008 yilda sodir bo‘lgan bo‘lib, o‘shanda to‘rt kishi halok bo‘lgandi.
Turkiyada IShIDga aloqador ko‘rilgan 115 kishi ushlandi
Turkiya rasmiylari mamlakat bo‘ylab Yangi yil tadbirlari davomida rejalashtirilgan hujumlar oldi olinganini ma’lum qildi.
Prokuror bayonotiga ko‘ra, Istanbul bo‘ylab 124 ta manzilda keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilib, o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar va «tashkiliy hujjatlar» musodara qilingan.
Rasmiy bayonotda aytilishicha, politsiya IShIDga aloqadorlikda gumonlangan 115 kishini hibsga olgan, yana 22 kishini aniqlash va topish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Prokuratura gumonlanuvchilar Turkiya tashqarisidagi IShID jangarilari bilan aloqada bo‘lganini bildirdi.
BBC’ning yozishicha, bu e’lon – Turkiya razvedkasi ikki kun oldin Afg‘oniston–Pokiston chegarasida guruhga qarshi reyd o‘tkazganidan so‘ng yangramoqda. O‘sha amaliyotda IShID bo‘linmasida yuqori lavozim egallaganlikda gumon qilingan Turkiya fuqarosi qo‘lga olingan edi.
Mavzuga oid
14:59 / 25.12.2025
Isroilga qarshi da’voga qo‘shilgan Belgiya, Kimning atom suvosti kemasi va Moskva osmonidagi dronlar – kun dayjesti
14:02 / 24.12.2025
G‘azoda ta’mirlangan shifoxona, aviahalokatga uchragan Liviya harbiy qo‘mondoni, BMTda bahslashgan AQSh va Eron – kun dayjesti
16:08 / 23.12.2025
Grenlandiyaga ko‘z tikkan Tramp, Xitoyning yadroviy ambitsiyalari va Moskvada portlatilgan general – kun dayjesti
15:47 / 22.12.2025