Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oq uy: Tramp ham Rossiyadan, ham Ukrainadan «juda norozi»
AQSh prezidenti Donald Tramp «faqat uchrashuv uchun uchrashuvlardan charchagan», u aniq harakatlarni istayapti, deb bayonot berdi uning matbuot kotibi. Uning ta’kidlashicha, Vashington har ikki tomon bilan ishlashni davom ettiradi.
Foto: REUTERS
AQSh prezidenti Donald Tramp ham Rossiya, ham Ukrainadan «juda norozi» va ular orasidagi urushning imkoni boricha tezroq tugashini istaydi, deb bildirdi payshanba, 11 dekabr kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt.
«U faqat uchrashuv uchun o‘tkaziladigan uchrashuvlardan bezor bo‘ldi. Endi u gap-so‘zlarni emas, harakatlarni istaydi, bu urushning tugashini xohlaydi. Faqat so‘nggi bir necha hafta ichida AQSh ma’muriyati rossiyaliklar, ukrainaliklar va yevropaliklar bilan uchrashuvlar va muloqotlar uchun 30 soatdan ortiq vaqt sarfladi», — dedi Livitt.
Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh hokimiyati har ikki jang qilayotgan tomon bilan ishlashni davom ettiradi.
13 dekabr kuni Parijda Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Ukraina vakillari o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvda AQSh ishtirok etadimi-yo‘qmi, degan savolga javob berib, Oq uy matbuot kotibi bu masalani ochiq qoldirdi:
«Agar tinchlik kelishuvini imzolash uchun real imkoniyat paydo bo‘lsa, agar bu uchrashuvlar Qo‘shma Shtatlar uchun shu dam olish kunlarida sarflangan vaqtga arziydi, deb his qilsak, unda biz o‘z vakilimizni yuboramiz», — dedi u.
Bundan oldin Germaniya kansleri Fridrix Mers AQSh prezidentiga «Ukraina qaysi hududiy imtiyozlarga borishga tayyor» ekani haqida takliflar yetkazilganini aytgan edi. Bu takliflar uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbatidan so‘ng tayyorlangan — unda Mers va Trampdan tashqari, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham ishtirok etgan.
Mers mazkur suhbatni «konstruktiv» deb atadi. Uning ta’riflashicha, AQSh prezidenti Ukrainada tinchlikka yevropaliklar bilan birgalikda erishishni istaydi. Trampning o‘zi esa bu muloqotda «keskin so‘zlar» bo‘lganini aytgan.
«Biz qarorni ular qaysi natija bilan qaytib kelishiga qarab qabul qilamiz. Biz vaqtni bejizga sarf qilmoqchi emasmiz», — dedi AQSh prezidenti 13 dekabr kuni Ukraina bo‘yicha Parijda o‘tadigan uchrashuvga taklif haqida izoh berar ekan.
O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 11 dekabr kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda AQSh bilan muzokaralarda hamon tortishuvli bo‘lib qolaëtgan ikki bandni sanab o‘tdi — bu «Donetsk viloyati hududi va u bilan bog‘liq barcha masalalar», shuningdek Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasining kelajakdagi maqomi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukraina Qurolli kuchlariga ular nazoratida qolib turgan Donetsk viloyati qismidagi pozitsiyalardan chiqishni va mamlakat sharqida demilitarizatsiya qilingan maxsus iqtisodiy zona yaratishni taklif qilmoqda.
Shu bilan birga, Zelenskiy ta’kidlashicha, AQSh loyihasiga ko‘ra, Rossiyaga Donetsk, Xerson va Zaporijjya viloyatlarida qo‘shin qoldirishga ruxsat beriladi, ammo Dnipropetrovsk, Xarkiv va Summi viloyatlarini tark etish majburiyati yuklanadi.
Ukraina prezidenti ta’kidlashicha, mamlakat hududiga tegishli har qanday imtiyozlar masalasi butun xalq muhokamasiga qo‘yilishi kerak:
«Menimcha, bu savolga ukrain xalqi javob berishi lozim. Bu saylov orqali bo‘ladimi yoki referendum orqalimi — baribir, bu holda ukrain xalqining pozitsiyasi ifoda etilishi kerak», — dedi Volodimir Zelenskiy.
Mavzuga oid
18:11
“Gospitalga borish uchun qo‘limda granata portlatdim” – Rossiya armiyasiga yollangan shaxs qamaldi
14:18
ZAES yaqinida ta’mirlash davomida o‘t ochish vaqtincha to‘xtatildi
14:10
Rossiyada yangi tartib: Putin amaldorlar deklaratsiyasini o‘zgartirdi
13:25