Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Magistrlar ilmiy-pedagogik faoliyatga qay darajada jalb etilmoqda? - tahlil va munosabat
Oliy ta'lim muassasalarida qabul sonining o‘sib borishi professor-o‘qituvchilarga bo‘lgan talabning ham oshishiga olib kelmoqda. Bu esa bitiruvchi magistrlarning ilmiy-pedagogik faoliyatga jalb etilishini ham kengaytirishni taqozo etadi.
Biz mavzu yuzasidan soha rasmiylari va mutaxassislar fikrlari bilan qiziqdik.
«OTM vakant ish o‘rni haqida e'lon berishi kerak»
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Tashkiliy-kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Bobiromon Qodirov:
– Har yilgi qabul kvotalari ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, ular bergan taklif va tavsiyalar asosida shakllantiriladi. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlaridagi mavjud ish o‘rinlari ham inobatga olinadi.
Bevosita OTMlardagi ish o‘rniga to‘xtalsak, har 14 talabaga bir o‘qituvchi to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, qabul kvotasi oshgani sari OTMlarga dars beruvchi o‘qituvchilar soni ham oshib boradi.
OTMga ishga qabul qilishda aniq me'yor belgilanmagan. Buni OTMlar o‘zlari belgilaydi, ya'ni ilmiy unvonga ega tajribali yoki magistraturani bitirgan yosh mutaxassis bo‘ladimi, buni universitet rahbarlari hal etadi. Salohiyatli kadrlar qancha oshsa, universitet uchun shuncha yaxshi bo‘ladi.
Hozirda pandemiya tufayli davlat univesitetlarida professor-o‘qituvchi ish o‘rinlari qisqartirilgani yo‘q, bunga zarurat ham yo‘q.
Agar vakant ish o‘rni paydo bo‘lsa, OTM bu haqda vaqtli nashrlarda e'lon berishi kerak. Bu gazeta, OTM veb-sayti yoki OAVning boshqa turlari bo‘lishi mumkin. Bir oy davomida qabul qilingan arizalar universitet kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Undan avval nomzod OTM huzuridagi Jamoatchilik kengashi oldida ochiq dars o‘tib beradi, bu – prezidentning 2018 yilgi qarori bilan belgilangan. Lekin magistraturani bitirgan nomzodlar, davlat grantida ta'lim olgan bo‘lsa, 3 yilgacha bu tanlovdan ozod etiladi va to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilinadi.
2020 yil 26 avgustda prezident yangi o‘quv yiliga tayyorgarlikka bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida magistraturada 2-kursda o‘qiyotgan talabalarni, istisno tariqasida, OTM kengashi qarori bilan 0,5 shtat o‘rniga pedagogik faoliyatga jalb etishga ruxsat berdi. Bu albatta majburiy emas, ehtiyojdan kelib chiqqan holda qilinadi. Bu narsa tizim uchun yangilik hisoblanadi.
Lekin tizimda ayrim muammolar borligini yosh mutaxassislar oliy ta'lim muassasalariga ishga kira olmay, ilmiy faoliyatdan to‘silib qolayotganini aytishayotganidan bilish mumkin.
«Magistrni oliy ta'limda sinab ko‘rishdan qo‘rqmaslik kerak»
O‘rol Normatov, O‘zFA doktoranti:
– Magistr darajasini olgan mutaxassis o‘z imkoniyatlaridan foydalanmas ekan, uning bakalavr bitiruvchisidan farqi qolmaydi. O‘zbekistonda magistrlarga imtiyozlar borligini e'tirof etish kerak. Lekin shu bilan birga magistrlarga ishonch bildirish kam, ayniqsa, yetakchi universitetlarda ilmiy darajasi yuqori ustozlarning ko‘pligi bunga sabab bo‘ladi.
Magistrlar keyingi ilmiy faoliyati uchun OTMlarda dars berishi yoki Fanlar akademiyasi tizimidagi institutlarda ishlashi lozim.
Oliy ta'limga nomzodlarni saralab olishda muammolarni bir tomonlama ko‘rmaslik kerak. Chunki aynan ayrim magistrlarning bilimsizligi ham, ba'zi universitetlarda esa sub'yektiv sabablar bilan ishga olmaslik ham bor gap.
«Onlayn darslar uchun bir o‘qituvchi yetadi, deyishdi»
Nilufar Rahimova, 2014 yilda FarDU magistraturasini matematika ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan:
– O‘tgan yili Qo‘qonda xususiy universitet ochilganda o‘qituvchi bo‘lib ishga kirdim. Bir yillik shartnoma tuzilgan edi. Yangi o‘quv yilida yangi shartnoma tuziladi, deyishdi. O‘quv yili boshlanishi oldidan murojaat qilganimizda onlayn darsda bir o‘qituvchi yetadi, deb bizni ishga olishmadi. Keyin FarDU, Qo‘qon pedagogika instituti, Toshkent texnika universitetining Qo‘qon filiali, Farg‘ona malaka oshirish markaziga ishga kirish uchun murojaat qilganman, ammo ijobiy natija olmadim.
Biz kabi yoshlar ilmiy faoliyatimizni izga tushirib olishimiz kerak-ku. Mavjud kadrlarga ish bo‘lmasa, ustiga ustak yana davlat granti asosida magistrlar tayyorlashning mantig‘i nima?
Nodavlat OTMlarda ta'lim sifati qanday nazorat qilinadi?
Darhaqiqat, ayrim xususiy universitetlarda ta'lim onlayn shaklga o‘tgani munosabati bilan o‘qituvchi shtatlari qisqartirilmoqda. Bu esa ta'lim sifatiga ta'sir etishi mumkinligi ehtimoldan xoli emas. Ayni masalada Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash bo‘limi boshlig‘i Sardor Maxsudovga murojaat qildik.
– Nodavlat OTMlarda ta'lim sifati 4 xil shaklda nazorat qilinadi.
1. Nodavlat OTMlar faoliyatini litsenziyalashda sifatli ta'limni tashkil etish sharoitlari, imkoniyatlari va OTMda faoliyat yuritadigan professor-o‘qituvchilarning salohiyati ekspertlar tomonidan o‘rganiladi va oliygoh moddiy-texnik bazasi belgilangan mezonlarga javob berishi tekshiriladi.
2. Lisenziya talab va shartlarining bajarilishi reja-grafik asosida nazorat qilinadi, tahliliy o‘rganishlar olib boriladi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda tadbirkorga amaliy yordam ko‘rsatiladi.
3. Har 5 yilda oliy ta'lim tashkilotlarining har bir ta'lim yo‘nalishi alohida akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
4. Shuningdek, fuqarolar murojaati, monitoring natijalari, so‘rovnomalar va ijtimoiy tarmoqlardagi ma'lumotlar asosida «xavfni tahlil etish» yuli bilan ta'lim sifati yomonlashish xavfi mavjud OTMlar aniqlanib, ulardagi ta'lim sifati holati o‘rganiladi.
Nazorat tizimi doimiy bo‘lib, ularning barchasi ta'lim sifatini ta'minlashga, muammolarni yuzaga kelishidan oldin bartaraf qilishga va ta'lim oluvchilarning huquqini himoya qilishga qaratilgan. Bunda Ta'lim inspeksiyasi nodavlat ta'lim tashkilotlarini tekshiruvchi emas, balki amaliy va metodik jihatdan yordam beruvchi organ sifatida namoyon bo‘lmoqda.
– Ayrim nodavlat OTMlarda ta'lim onlayn rejimda olib borilayotgani sababli, shtatlar soni qisqartirilayotgani haqida murojaat qilishmoqda. Bu qisqartirish ta'lim sifatiga ta'sir qilmaydimi?
– OTMlarga pedagog xodimlarni ishga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta'lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizom bilan tartibga solinadi.
Hozirgi kunda aksariyat OTMlar bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar sonini kunduzgi ta'lim shakli uchun 1:14 nisbatda qabul qilgan. Boshqacha holatlar ham mavjud.
OTMlardagi o‘qituvchilar shtati soni an'anaviy yoki onlayn ta'lim olib borishdan qat'i nazar ushbu o‘quv yili uchun bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbati asosida shakllantiriladi.
Respublikada o‘qituvchi-talaba nisbati normativi 1:14 deb belgilangan va OTMga kadrlar tayyorlash xususiyatidan kelib chiqqan holda kengash qarori asosida 50 foizgacha o‘zgartirish xuquqi berilgan.
Ushbu huquqdan foydalanish ta'lim sifatiga salbiy ta'sir qilmasligi lozim, shuning uchun kengash tomonidan qaror qabul qilishda ta'lim sifati eng asosiy me'yor sifatida qaralishi lozim. Masalan, AQShda ham bu ko‘rsatkich o‘rtacha 1:14 nisbatda ta'minlanmoqda. Xususan, Florida universitetida 1:13, Penn davlat universitetida 1:12, Michigan davlat universitetida 1:16 bo‘lsa, Indiana universitetida 1:26 nisbat.
Bu nisbatlar farq qilishining asosiy sabablari – kadrlar tayyorlash yo‘lga quyilgan mutaxassisliklarning xususiyatlari, talabalarning tayyorgarlik darajasi, o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlarining mavjudligi (masalan, topshiriqlarni baholashda o‘qituvchiga assistent biriktirilgan), mashg‘ulotni olib borish usullari (masalan, leksiya ko‘p sonli talabalarga mo‘ljallangan bo‘lsa, laboratoriya mashg‘uloti kam sonli talabaga mo‘ljallangan) va baholash turlariga (test, loyiha ishi, keyslar, taqdimotlar va boshqalar) bog‘liq.
«OTMlarda ilmiy salohiyat ko‘rsatkichini oshirish urfga kirgan»
Erkinjon Karimov, fizika-matematika fanlari doktori:
– Hozir davlat OTMlarida ilmiy salohiyat ko‘rsatkichini oshirish uchun ilmiy darajali kadrlarni ishga olish urfga kirgan. Lekin kadrlar yetishmovchiligi ularni magistrlar bilan ishlashga yana majbur qiladi.
Magistraturani davlat grantlarida o‘qitishdan asosiy maqsad – OTMlar uchun kadrlar tayyorlashga kuchli asos yaratish, aslida. Ayni paytda matematika yo‘nalishida kadrlar tanqisligi kuzatilyapti. Yaqin yillarda tabiiy avlodlar almashinuvi natijasida bu ehtiyoj yanada ortadi.
Hozirgi xususiy OTMlar imkon qadar o‘qituvchilarga sarflanadigan mablag‘ni tejash hisobiga foydani ko‘paytirmoqchi. Aks holda bir mutaxassislik bo‘yicha bitta o‘qituvchini qoldirishdek qaltis qadamga bormasdi. O‘qish turi onlayn bo‘lganda ham, bir o‘qituvchi sifatli ta'lim berolmaydi. Aslida oddiy va onlayn ta'limda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli o‘zgarmasligi kerak.
Bizdagi sharoitlarda faoliyat ko‘rsatayotgan bunday OTMlar haqiqiy raqobat muhitida bu kabi ish qilishga yuragi betlamasdi. Aynan matematika sohasida magistraturani tamomlayotgan talabalarga maslahatim – ilmiy daraja olishni maqsad qilishi va OTMlarda faoliyat ko‘rsatishga yetarli asoslar yaratishlari maqsadga muvofiq.
«Doktoranturaga qabul va unda o‘qishni o‘quv yiliga moslashtirish kerak»
G‘olibjon Botirov, O‘zFA Matematika instituti direktorining yosh matematiklar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari:
– Ilmiy tekshirish muassasasiga ishga kirishda, ixtiyoriy bitiruvchi bu yerga ishga kirolmaydi. Chunki ilmiy tekshirish institutlariga ishga kirish u yerda aynan talabgor tanlagan yo‘nalishda ilmiy tadqiqot olib borayotgan ilmiy guruhning mavjud bo‘lishiga bog‘liq. Shuningdek, ilmiy tekshirish institutlariga ustoz-shogird tizimida yoshlar ishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Doktoranturada o‘qishga kelsak, magistr bitiruvchida keyingi bosqichni davom ettirishda tizimli muammo mavjud. Bu ko‘pchilik ilm ahlini qiynab kelayotgan narsa. Ma'lumki, tayanch doktoranturada kalendar yil bo‘yicha ish yuritiladi, ya'ni imtihonlar dekabrda o‘tkazilib, yanvardan doktorant hisoblanadi, magistr esa o‘qishni iyun oyida bitiradi. Oraliq 6 oyda boshqa joyda ishlashga yoki ishsiz yurishiga to‘g‘ri keladi. Shunda ham kamida 2 oy ishsiz qoladi, nega deganda, ta'lim sohasida ishlayman desa, avgustdan ishga qabul qilinadi.
Endi ishga kirdi ham deylik, doktorantura imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgandan keyin o‘sha ish joyini tashlashga to‘g‘ri keladi. Ishni ham, o‘qishni ham davom ettirish ilmiy faoliyati susayishiga olib kelishi mumkin. Bu tizimli muammo, yechim topish ham oson emas, to‘g‘ri. Lekin 6 oy – oz muddat emas. Xoh ish bo‘lsin, xoh ilmiy faoliyatning keyingi bosqichi – uzluksizlik ta'minlanishi kerak, deb hisoblayman.
Eng yomoni, doktoranturani tugatgandan keyin ham ahvol shu. Doktorantura dekabrda tugasa, yanvardan ish izlaydi. Bu paytda ayniqsa oliy ta'limdan ish topish muammo, vakant o‘rinlarni yoki yangi o‘quv yilini kutishga majbur.
Yosh mutaxassislarning OTMlarga ishga kirishiga to‘xtalsam, masalan, matematika mutaxassisligini bitirgan magistrlarga OTMlarda ehtiyoj yuqori. Chunki bir tomondan qabul kvotalarining muntazam oshib borayotgani, ikkinchi tomondan, OTMda nomutaxassis fanlar: kimyo, fizika, biologiya kabi yo‘nalishlarda matematika dars soatlari ko‘paytirilgani professor-o‘qituvchilarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Ayni paytda OTM rus tilli guruhlarida dars o‘tadigan matematiklarga ehtiyoj bor.
Yigitali Mahmudov tayyorladi.
Mavzuga oid
20:59 / 22.08.2025
Oliygoh va litseylarda darslar qachon boshlanishi ma’lum qilindi
16:51 / 21.09.2024
Ilm-fanni moliyalashtirish: taklif qilinayotgan yangi tizim samara beradimi?
18:02 / 17.04.2024
Xususiy oliy ta’lim: tijoriy manfaat va sifatli ta’lim muvozanati qanday topiladi?
08:09 / 16.11.2020