O‘zbekiston | 21:03 / 21.08.2025
8026
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva Qirg‘izistonda o‘tgan “Zakovat” turniri g‘oliblarini tabrikladi

Mirziyoyeva qirg‘izistonliklarga samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun tashakkur bildirdi.

Foto: Telegram/Saida Mirziyoyeva

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston terma jamoasini Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Zakovat Asian Cup II musobaqasi g‘olibi bo‘lganligi bilan tabrikladi.

“Kecha Bishkekda Zakovat Asian Cup II turniri yakunlandi. Unda O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari intellektual kurashda o‘zaro kuch sinashdi. Raqibimizning munosib o‘yini barcha muxlislarni bir oz hayajon va xavotirga solgan bo‘lsa-da, jamoamiz uyga g‘alaba bilan qaytdi. Tabriklayman”, deb yozdi u.

Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, bu o‘yin ikki xalqni birlashtirdi, ko‘tarinki kayfiyat in’om etdi va chegaraning ikki tarafidan jamlangan ko‘plab odamlarni do‘stlashtirdi.

U qirg‘izistonliklarga samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun tashakkur bildirdi.

Avvalroq Saida Mirziyoyeva Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida prezident Sadir Japarov va Qirg‘iziston prezidenti administratsiyasi rahbari Adilbek Qasimaliyev bilan uchrashgandi.

Mavzuga oid