O‘zbekiston | 11:54 / 10.04.2021
7095
7 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi: Aholining yer va uy-joyga bo‘lgan huquqlari poymol etilishda davom etmoqda

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mulk huquqini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan qat'iy choralarga qaramasdan, 2021 yilning dastlabki 3 oyida vazirlikka aholidan yer va uy-joylariga bo‘lgan huquqlari poymol etilishi to‘g‘risida 50ga yaqin murojaat kelib tushgan.

Murojaatlar asosan quyidagi mazmunda:

  • qonun normalarini o‘xshashlik asosida qo‘llab, investitsiya loyihalari bo‘yicha fuqarolarni xususiy uy-joylaridan majburiy ko‘chirilishi, uy-joy qurilgan yerlarni belgilangan tartibda yerga bo‘lgan huquqlar bekor qilinmasdan turib, bu yer uchastkalari tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘p qavatli uylar qurish uchun berilishi yoki “rezerv” qilinishi;
  • mulkdor yerining unga teng bo‘lgan yer uchastkasi bermasdan olib qo‘yilishi;
  • dehqon va fermer xo‘jaliklari egalarining yerga bo‘lgan huquqlari bekor qilinmasdan ushbu yerlar boshqa shaxslarga berib yuborilishi.

Yagona davlat huquqiy siyosatini yuritishga mas'ul organ sifatida Adliya vazirligi ushbu salbiy holatlarga qat'iy munosabatini bildirdi.

Qonun normalarini o‘xshashlik asosida qo‘llab, fuqarolarning xususiy uy-joylaridan majburiy ko‘chirilishi masalasida Fuqarolik kodeksi 5-moddasida fuqarolik huquqlarini cheklaydigan va javobgarlik belgilaydigan normalarni o‘xshashlik bo‘yicha qo‘llanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, xususiy mulk bo‘lgan mol-mulkni olib qo‘yish, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, mulkdorga uning bozor qiymati, shuningdek, bunday olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘la qoplanishi sharti bilangina amalga oshiriladi. Shu bois, fuqarolarning xususiy uy-joylarini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish belgilangan qat'iy talablar asosida tegishli zararlar qoplangach amalga oshirilishi lozim.

Shuningdek, investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida yer uchastkalari bir jismoniy va yuridik shaxsdan ikkinchi shaxsga berilgani davlat va jamoat ehtiyoji hisoblanmaydi.

Yer kodeksining 37-moddasiga ko‘ra, yer uchastkasini yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish faqat quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:

  • mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berish;
  • O‘zbekiston xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
  • foydali qazilma konlarini aniqlash va qazib olish;
  • avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellar, energetika tizimi obektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
  • aholi punktlari bosh rejalarining davlat budjeti mablag‘lari hisobidan obektlarni qurishga oid qismini ijro etish maqsadida, shuningdek, qonunlarda va prezident qarorlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining 1993/77-son rezolyutsiyasiga asosan, majburiy ko‘chirish amaliyoti inson huquqlari, xususan, yetarli uy-joyga ega bo‘lish huquqining jiddiy buzilishi sifatida ko‘rsatilgan.

Yer kodeksi talablariga muvofiq, yer uchastkalarini tadbirkorlik sub'yektlari uchun ularning manfaatlari yo‘lida olib qo‘yish davlat va jamoat ehtiyoji hisoblanmaydi va bunday yondashuv huquqiy asosga ega emas.

Bundan tashqari, yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi va uy-joylar buzib tashlanishi natijasida quyidagi zararlar qoplab beriladi:

  • olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlari bozor qiymati;
  • olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati;
  •  ko‘chirish, shu jumladan, boshqa ko‘chmas mulk obektini vaqtinchalik olish bilan bog‘liq xarajatlar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning boy berilgan foydasi;
  • qonun hujjatlarida yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlar va zararlar.

Bunda, kompensatsiya quyidagi shakllarda beriladi:

  • pul mablag‘lari;
  • boshqa ko‘chmas mulk obektini mulk qilib berish;
  • yer uchastkasi;
  • kelishuvda nazarda tutilgan kompensatsiya boshqa turlari.

Shuningdek, mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha va taraflar kelishuviga ko‘ra, uy-joy maydoni ijtimoiy normasidan (16 m2) kam bo‘lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo‘lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlar bozor qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati to‘liq hajmda to‘lanadi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilayotganda unga faqatgina yer uchastkasini berish bilan kifoyalanmasdan, balki unga yerdan foydalanishning bozor qiymatidan kelib chiqib, shu jumladan fuqaro tomonidan qilingan sarf-xarajatlarni inobatga olgan holda olib qo‘yilgan yer va berilayotgan yer bozor qiymatidagi mavjud farq ham kompensatsiya sifatida to‘lab berilishi lozim.

Bundan tashqari, Yer kodeksi 23-moddasiga asosan, egalikdagi, foydalanishdagi, ijaradagi va mulk qilib berilgan yer uchastkasini boshqa shaxslarga berish (realizatsiya qilish) faqat shu uchastka belgilangan tartibda olib qo‘yilganidan (sotib olinganidan) keyin amalga oshiriladi. Mazkur munosabatlarda aynan ushbu belgilangan asoslarda va tartibga amal qilinishi shart.

Mazkur kodeksning 37- (davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish) va 38-moddalarida (yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganda yer uchastkasini olib qo‘yish) davlat va jamoat ehtiyojlari uchun va yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilganda yer uchastkasini olib qo‘yish asoslari va tartibi belgilangan.

Shuningdek, prezidentning 2019 yil 13 avgustdagi PF–5780-son farmoniga muvofiq qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish vakolatlari tegishli xalq deputatlari kengashlariga berilgan.

Shu bilan birgalikda, xalq deputatlari kengashlari qarorlari qonuniyligi masalasi ma'muriy sudlarda ko‘rib chiqilishi va haqiqiy emas, deb topilishi mumkin.

Yer uchastkasini noqonuniy olib qo‘yish qonunchilikka muvofiq ma'muriy va jinoiy javobgarliklarga sabab bo‘ladi. Barcha noqonuniy qarorlar va xatti-harakatlarga qonunga asosan baho berilishi hamda sudlarda ko‘rib chiqilishi mumkin.

Mavzuga oid