Jamiyat | 18:52 / 12.05.2026
5567
7 daqiqa o‘qiladi

 “Ko‘p narsadan yutqazdim”: avtosalon sxemasiga aralashgan mahkuma hikoyasi

“Leviy” mashinalar, “shapka” pullari, qo‘lma-qo‘l to‘lovlar va vayron bo‘lgan taqdir — qamoqdagi ayol avtosalondagi noqonuniy sxemalar qanday ishlashini gapirib berdi.

O‘zbekistonda avtomobilni tezroq olib berish va’dasi bilan bog‘liq noqonuniy sxemalar hali ham dolzarbligicha qolmoqda. Navbatsiz mashina chiqarish, “shapka” pullari va qo‘lma-qo‘l to‘lovlar ortida esa nafaqat aldangan mijozlar, balki hayoti izdan chiqqan odamlar ham bor.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti va Kun.uz taqdim etadi. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan 5 yil-u 1 oyga ozodlikdan mahrum etilgan Malika Akbarova qamoqdan turib avtosalonda qanday tizim ishlaganini gapirib berdi.

Uning aytishicha, avtosalonda “leviy mashina” deb atalgan noqonuniy sxema mavjud bo‘lgan. Mijozlar mashinani tezroq olish uchun rasmiy kassaga emas, xodimlarga naqd pul bergan. Keyin bu mablag‘lar rahbarlarga yetkazilgan.

Leviy mashina”lar badali

“Men ishlagan avtosalonda tanishlarga oldindan mashinani chiqarib berishlar bo‘lgan. Har doim chiqib turgan mashinalar birdan chiqmay qoldi. Ular bilan meni rahbarlarimiz tanishtirishgan, mana shu kliyentlar olib keladigan 50 foiz to‘lovlarni biz rahbarlarimizga naqd beramiz. “Leviy mashina” hisoblanadi bular, oldindan chiqariladigan mashinalar. Boshliqlarimiz uni olib, pulini berishmadi. Shuning orqasidan 2024 yil iyun oyidan menga tergov boshlandi. 1 milliard 775 million 617 ming 500 so‘m qarzdorlikni mening bo‘ynimga qo‘yib berishdi.

Mijozlar kelib mashinani oldinroq chiqarishni iltimos qilardi. Mashinalar uch, olti, sakkiz oyda chiqishini aytardim. Ular keyin to‘lov qilgani kelishardi. Faqat to‘lovni kassaga emas, bizga naqdiga berishardi. Men uni olib, boshliqlarimning qo‘liga topshirganman. Keyin ularga biz kvitansiya berganmiz. Hamma pullar yig‘ilgandan keyin boshliqlar o‘rtasida bo‘linardi.

Bizga ham ulush berishardi, juda kam olganmiz. Shapka pullari avtomobil rusumiga qarab bo‘lardi. Cobalt, Lacettiʼlar 800-900 dollardan, Damasʼlar 500-600 dollardan hisoblangan. Mendan boshqa menejerlar ham bizning avtosalonda hammasi shu “leviy” ishlar bilan shug‘ullanardi. Buxgalterimizdan tortib hamma shunaqa ishlar bilan shug‘ullanishgan”.

Hammasi yaxshi ketayotgan bir paytda jabrlanuvchilarning arizalari qizning hayotini ostin-ustun qiladi. Chunki u mijozlardan pullarni qabul qilgan va bundan oz bo‘lsa-da, ulush olgan edi. Buni Malika umrining eng go‘zal yillari bilan to‘layapti. Uning aybi uchun yaqinlari ham azob chekayotgani qiz uchun yanada og‘ir.

Ozodlikda yurganlarga havasimiz keladi”

“Men onamga yordam berishim kerak edi. Ishlaganman. Keyin ukam bor bitta. Uni o‘qitish uchun ishlashim kerak edi, keyin bunaqa narsa umuman xayolimga kelmagan. Yaxshi joyda ishlayapman, hozir qanaqa qilib ish topaman ko‘chaga chiqib deb o‘ylardim.

Birinchi marta meni Toshkent shahar IIBBga olib ketishganda, tergovdan qaytib kelayotganimizda ukam avtobus orqasidan yugurgan. “Eshikni ochinglar, opamni chiqazib beringlar”, deb. O‘sha payt ko‘zimning oldidan haligacha ketmaydi. Oyim mening orqamdan diabetga chalindi.

12 yarim oy o‘yladim turmada. Juda ko‘p vaqtim bo‘ldi. Kitob o‘qishga ham, mana shu narsalar bo‘yicha o‘ylashga ham. Qayerda xato qildim deb o‘ylashga ham. Do‘st-u dushmanning qanaqaligini bildim. Keyin odamlar bilan gaplashib turib, odamlarning xarakterini o‘rganadigan bo‘ldim. Juda ko‘p narsani o‘rgandim. Asosiysi, onam, ukam, buvijonimning qadriga yetdim. Ko‘rishib bo‘lgandan keyin, har gal ketishganda yig‘lashadi. Shunaqa ketgim keladi ular bilan birga, lekin keta olmayman.

Oilamni azobda qoldirganim, o‘zimning umrimni xazon qilganim, qarindosh-urug‘larning oldida oilamni yerga urganimdan afsusdaman. Meni deb onam kasal bo‘ldilar. 72 ga kirgan buvijonimni qiynab qo‘ydim. Ukamni o‘rtoqlari, oshna-og‘aynilarining oldida boshini egganim, ularni kulgiga, gap-so‘zga qoldirganim. Men mayli, qilgan gunohimga o‘zim javob beraman, lekin ularning aybi yo‘q.

Eng yaxshi ko‘rgan insonim dadam bo‘lganlar. 9 yoshimda dunyodan o‘tganlar. Ularni sog‘inaman, “dada” deb chaqirishga zorman. Maktabda ham sinfdosh qizlarimiz “dada, dada” deb gapirsa, tomog‘imga nimadir tiqilardi. Ota mehriga to‘ymadim. Balki tirik bo‘lganlarida men bunaqa bo‘lmasdim, balki ishlamasdim deb o‘ylayman. O‘qishga topshirib, o‘qib, turmushga chiqqan bo‘lardim. Ularni yaxshi ko‘rishimni aytgan bo‘lardim.

Bu yerda ham prezidentimiz qarorlari bilan o‘qish, institutlarga topshirish mumkinligini aytishdi. Undan oldin Fizkultura universitetida kanselyariya bo‘limida ishlaganman. O‘sha yerdan ketib, meni bu ishga chaqirishgan. Undan ko‘ra o‘sha ishda ishlasam bo‘lardi. Bizlar ishlagan paytimizda rektoratdagi qizlarga ham ishlash, ham o‘qishga ruxsat berilgan. Qizlar chaqirib, telefon qilib: “kel, Malika, o‘qishga kiramiz”, deb aytishgan. O‘sha kunlarni ko‘p eslayman. Bekor qilgan ekanman u yerdan ketib, ishlasam, o‘qisam bo‘larkan o‘sha paytda. Hozir oliy ma’lumotli bo‘lardim, hayotim o‘zgargan bo‘lardi. Ko‘p narsadan yutqazdim. Ko‘p narsadan yutqazdim: oiladan, turmushdan, farzanddan. Mening tengdoshlarim, kursdoshlarim, hammasi bolalari maktabga chiqyapti.

Ozodlikda yurgan insonlarga bizning havasimiz keladi. Ozodlikka chiqadigan mahkumalarga havasimiz keladi. “Bugun uyda ko‘zlarini ochishdi” deb xursand bo‘lib havas qilamiz. Ozodlikda yuradigan, ko‘chada ozod bo‘lib yurgan har bitta qizlar-ayollar, opa-singillarimiz, aka-ukalarimiz ozodlikning qadriga yetishsin. Har qadamlarini o‘ylashsin. Qadamlarini bosayotganda orqasini o‘ylasin, orqasidagi yaqinlarini, jigarlarini o‘ylasin”.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid