O‘zbekiston | 10:19 / 03.11.2025
14979
3 daqiqa o‘qiladi

Sovuq havo va birinchi qor prognozi: noyabr boshi qanday keladi?

Noyabr oyining birinchi yarmida O‘zbekiston hududiga shimoldan sovuq antitsiklon kirib kelishi tufayli havo harorati keskin pasayishi kutilmoqda. Bu davrda respublikaning aksariyat hududlarida yog‘ingarchilik, jumladan, birinchi qor yog‘ishi prognoz qilinmoqda. Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning aytishicha, kutilmalar qishloq xo‘jaligi xodimlari va keng jamoatchilik uchun muhim ahamiyatga ega.

Mavsumning ilk sovuq to‘lqini

Mavsum uchun xos bo‘lgan ilk jiddiy sovuq antitsiklon kirib keladi, buning natijasida havo harorati nol darajaga yaqinlashadi. Ayrim hududlarda kechalari harorat minus ko‘rsatkichlargacha pasayishi kutilmoqda.

“Haroratning manfiy ko‘rsatkichga tushishi asosan shimoliy hududlarda kuzatiladi. O‘zgidromet prognozlariga ko‘ra, 3–4 noyabr kunlari shimolda havo harorati -3 darajagacha sovishi kutilmoqda", — deydi iqlimshunos.

Ushbu sovuq havo oqimi, ayniqsa, respublikaning shimoliy va tog‘li hududlarida yaqqol seziladi.

Buxoro, Navoiy viloyatlari, Qizilqum cho‘li hamda Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 3 noyabrdan 4 noyabrga o‘tar kechasi havo harorati -3 darajagacha, tog‘li hududlarda esa -7 darajagacha pasayishi prognoz qilingan.

15 kunlik yog‘ingarchilik prognozi

Yevropaning o‘rta muddatli ob-havo prognozlari markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 noyabrdan 15 noyabrgacha respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmoqda. Yog‘in miqdori hududlar kesimida turlicha bo‘lishi bashorat qilingan.

“Tog‘li hududlarda 15–20 mm, boshqa ayrim joylarda esa 7–10 mm atrofida yog‘in tushishi mumkin”, — deydi Abdulahatov.

Bu yog‘ingarchiliklar, ayniqsa, lalmi dehqonchilik uchun juda foydalidir

Jizzaxning lalmi yerlarida ham 10–15 mm yog‘in kutilayotgani quvonarli hol. Bu har bir gektar maydonga 150 tonnadan suv tushadi degani.

Biroq respublikaning ayrim hududlarida yog‘ingarchilik deyarli kuzatilmasligi ham mumkin.

“Afsuski, Farg‘ona vodiysining janubiy tumanlarida yaqin 15 kun ichida yog‘ingarchilik deyarli kutilmayapti”, — qayd etadi Abdulahatov.

Birinchi qor qachon kutiladi?

Noyabr oyining birinchi o‘n kunligida ilk qor asosan tog‘li va shimoliy hududlarda kuzatilishi ehtimoli bor.

Iqlimshunosning aytishicha, dastlabki qor, ya’ni yerni qoplaydigan 2-3 sm qalinlikdagi qor Orol dengizi atroflarida hamda Hisor tog‘ tizmasi etaklarida yog‘ishi mumkin. Aholi zich yashaydigan yirik shaharlar aholisi esa birinchi qorni 15 noyabrdan keyin kirib keladigan navbatdagi sovuq havo oqimi paytida kutishlari mumkin.

Xulosa qilib aytganda, noyabrning birinchi yarmi O‘zbekistonga mavsumiy sovuq havo to‘lqinini olib keladi. Shimoliy va tog‘li hududlarda harorat manfiy darajaga tushishi, ayrim joylarda ilk qor yog‘ishi kutilmoqda. Yog‘ingarchilik miqdori hududlar bo‘ylab notekis taqsimlanadi: tog‘li va lalmi yerlar uchun namgarchilik me’yorida bo‘lsa, cho‘l hududlari va vodiylarning ba’zi qismlarida yog‘in kam bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Mamlakatning yirik shaharlarida esa haqiqiy qish manzaralari noyabr oyining ikkinchi yarmidan boshlanishi ehtimoli yuqori.

Mavzuga oid