14:42 / 12.08.2020
18856

Magistratura imtihonlari maxsus joylarda onlayn o‘tkaziladi - vazirlik

Magistraturaga hujjat topshirgan abituriyentlar qaysi OTMni tanlaganidan qat'i nazar har bir viloyatda tashkil qilingan maxsus joyda kompyuter orqali onlayn tarzda test topshirig‘ini bajaradi.

Bugun, 12 avgust kuni Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasida Oliy ta'lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov magistraturaga qay tartibda imtihon olinishi haqida ma'lumot berdi.

«Magistraturaga hujjat topshirgan talabgorlar har bir viloyatda tashkil qilinadigan maxsus hududlarda onlayn imtihon topshirishi mumkin bo‘ladi.

Bunda abituriyentning Toshkent shahriga kelishi shart bo‘lmaydi», dedi vazirlik rasmiysi magistratura imtihonlari haqida.

Kun.uz muxbiri Mazkur ma'lumot bo‘yicha qo‘shimcha izoh olish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati xodimi Bahriddin Shayvaliyev bilan bog‘landi. Uning qayd etishicha, magistraturaga hujjat topshirgan abituriyentlar qaysi OTMni tanlaganidan qat'i nazar har bir viloyatda tashkil qilingan maxsus joyda kompyuter orqali onlayn tarzda test topshirig‘ini bajaradi.

Maxsus tashkil qilingan joylarda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinadi.

«Bunda yo‘nalishlar bo‘yicha tayanch OTM testni ishlab chiqadi va testlarning maxfiyligi ta'minlanadi. O‘sha yo‘nalish bo‘yicha hujjat topshirgan talabgorlar qaysi oliy ta'lim muassasasini tanlaganidan qat'i nazar bir xil testni ishlaydi. Masalan, pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha turli OTM talabalari uchun testlar bir xil bo‘ladi.

Ko‘pchilik odamlar magistratura imtihonlari onlayn bo‘lishi haqidagi ma'lumotni noto‘g‘ri tushunib, hamma o‘zi xohlagan joyda test sinovlarini bajarishi mumkin, deb o‘yladi. Lekin bunday qilinsa, shaffoflikni ta'minlashning imkoni bo‘lmaydi. Shuning uchun imtihon uchun maxsus joy tashkil qilinadi», dedi Bahriddin Shayvaliyev.

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top