Jahon | 19:11 / 25.02.2026
5099
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh Ukrainada tinchlikni saqlash to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilishda betaraf qoldi

Hujjatda aytilishicha, BMT Bosh Assambleyasi Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralari, jumladan, hududiy suvlari doirasida suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligiga qat’iy sodiqligini tasdiqlaydi. Rezolyutsiya mualliflari AQSh va Yevropa davlatlarining harbiy qarama-qarshilikni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishlaydi.

Foto: Reuters

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi ko‘pchilik ovoz bilan Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiya loyihasini qabul qildi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston betaraf qoldi, Turkmaniston esa ovoz berishda umuman ishtirok etmadi.

Yakunda hujjatni 107 davlat yoqlab, 12 davlat (Rossiya, Belarus, Kuba, Nikaragua, Eron, Shimoliy Koreya va Afrikaning bir necha vakillari) qarshi ovoz berdi. Yana 51 davlat, jumladan, Markaziy Osiyoning aksariyat respublikalari betaraf qoldi.

AQSh ham Ukrainaga yordam berayotgani va mojaro ishtirokchilarini Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilib, jangovar harakatlarni to‘xtatishga faol chaqirganiga qaramay, betaraf qolganlar qatorida.

Rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilgan yig‘ilish Ukraina tashabbusi bilan Daniya, Latviya, Gretsiya, Buyuk Britaniya va Fransiya ko‘magida bo‘ldi. U Rossiyaning qo‘shni davlat hududida urush boshlaganining to‘rt yilligiga to‘g‘ri keldi.

Hujjatda aytilishicha, BMT Bosh Assambleyasi Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralari, jumladan, hududiy suvlari doirasida suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligiga qat’iy sodiqligini tasdiqlaydi. Rezolyutsiya mualliflari AQSh va Yevropa davlatlarining harbiy qarama-qarshilikni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishlaydi.

Shu bilan birga, Ukraina va Rossiya o‘rtasida zudlik bilan, to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish, xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq mustahkam tinchlik o‘rnatish, harbiy asirlarni to‘liq almashish va noqonuniy hibsga olinganlarni ozod qilish, shuningdek, zo‘ravonlik bilan ko‘chirilgan yoki deportatsiya qilingan fuqarolarni, shu jumladan bolalarni qaytarish bo‘yicha takroriy chaqiriqlar mavjud.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid