Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Retsidivist” haydovchining bir yil ichidagi 45-qoidabuzarligi 5 kishining o‘limi bilan tugadi
Joriy yil 21 noyabr kuni “Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tgan qismida dahshatli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Lacetti yo‘lni kesib o‘tayotgan Isuzu yuk mashinasiga kelib urilgan. Lacetti haydovchisi va to‘rt yo‘lovchisi voqea joyida halok bo‘lgan. Isuzu haydovchisi yil davomida 44 marta qoidabuzarlik sodir etgani ma’lum qilingan.
Kun.uz muxbiri Jizzax viloyatida bo‘lib, hodisa joyidan maxsus reportaj tayyorladi.
Voqea guvohlaridan biri – Rahmatulla Eraliyevning aytishicha, Lacetti yuk mashinasiga kelib urilgach, qisqa vaqt ichida yong‘in chiqqan. Shu sababli hududda bo‘lgan odamlar yordam ko‘rsatishning imkonini topa olmagan. Natijada mashina ichidagi barcha insonlar nobud bo‘lgan.



Guvohning ta’kidlashicha, bu nuqtada avval ham odam o‘limi bilan bog‘liq avariyalar sodir bo‘lgan. Chunki avtoyoqilg‘i quyish shoxobchasidan chiqqan ko‘plab avtomobillar vaqtdan yutish maqsadida qaltis harakat qilib, belgilanmagan nuqtadan qayrilib olishga uringan. 21 noyabrdagi falokat ham mana shunday holatlardan biri bo‘lishi mumkin.
IIBga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Isuzu haydovchisi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Biz hodisa joyini ko‘zdan kechirganimizda, o‘sha qayrilib olish nuqtasi haqiqatan ham ancha noqulay hududda joylashgani e’tiborimizni tortdi. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchasidan chiqqan ko‘plab transport vositalari belgilangan nuqtadan aylanib kelish o‘rniga qoidani buzib, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib olishga harakat qilmoqda.


“O‘zyo‘lko‘prik” klasteri davlat muassasasi Jizzax filiali direktori Temur Erbo‘tayevga ko‘ra, ushbu hududda so‘nggi yillarda ko‘plab aholiga xizmat ko‘rsatuvchi obektlar ishga tushgan.
“Qayrilib olish nuqtasi ochilgan vaqtda yo‘lning ikki tomoni ham bo‘sh yerlar edi. Buni viloyat Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasining 2018 yilda tasdiqlangan maxsus pasportida ham aks etgan. Hozirgi kunga kelib hududda harakat ancha ortganini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, avtoyoqilg‘i quyish shoxobchasidan chiqqan transport vositalarini tartibga solish maqsadida bu nuqtada qayrilib olish mumkin emasligini ko‘rsatuvchi belgilar o‘rnatilgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, Isuzu yuk mashinasi noto‘g‘ri harakat qilgan. Vaholanki, bir kilometr masofada “zapravka”dan chiqqan mashinalar uchun maxsus qayrilib olish joyi bor”, - deydi Erbo‘tayev.


Temur Erbo‘tayev hududda harakat so‘nggi yillarda keskin ortgani va yuqoridagi kabi holatlarga sabab bo‘layotganini hisobga olib, qayrilib olish nuqtasini ko‘chirish yoki umuman yopish taklif qilinishini bildirdi.
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
19:02
“Texpasport”ning amal qilish muddati 2026 yil 1 apreldan keyin olingan guvohnomalarga taalluqli bo‘ladi
12:16
“Texpasport”ni har 5 yilda yangilash talabi kiritildi
10:55
Qoidabuzarlik uchun kim javobgar bo‘lishini belgilab qo‘yish narxi – 41 ming so‘m
16:30 / 30.03.2026