O‘zbekiston | 12:16 / 01.04.2026
33036
2 daqiqa o‘qiladi

“Texpasport”ni har 5 yilda yangilash talabi kiritildi

Foto: YHXBB

O‘zbekistonda avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi guvohnoma endi 5 yil muddatga beriladi. Bu – 30 mart kuni imzolangan hukumat qarorida ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, amaldagi “texpasport”larda berilgan sanasi ko‘rsatilgan, lekin amal qilish muddati ko‘rsatilmagan.

Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomani berish uchun to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi (hozirda 288 400 so‘m) deb belgilangan. Ushbu to‘lov amal qilish muddati tugagan guvohnomani yangilashga nisbatan ham tatbiq etiladimi, bu haqda ma’lumot berilmadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2024 yil 1 aprelga qadar avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi bo‘lgan. 2024 yil 1 apreldan e’tiboran bu stavka 68 barobargacha oshirilgan: elektromobillar, mototsikllar va tirkamalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun BHMning 1,5 barobari, qolgan barcha avtotransport vositalari uchun esa BHMning 6,84 barobari deb belgilangan.

2024 yil 6 maydan boshlab esa, avtotransport vositalari, elektromobillar, mototsikllar va tirkamalarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi avvalgi darajasiga qaytarilgan: BHMning 10 foizi deb belgilangan. Ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi esa (aksariyat avtomobillar uchun 6,84 BHM, elektromobil va mototsikllar uchun 1,5 BHM) oshirilganicha qolgan.

Ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan to‘lovlar – yangi “texpasport” va davlat raqami belgilarini berishni o‘z ichiga olmaydi. “Texpasport” uchun yuqorida aytilganidek 0,7 BHM, avtoraqam uchun esa kamida 3,5 BHM to‘lov undiriladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid