O‘zbekiston | 10:55
4683
2 daqiqa o‘qiladi

Qoidabuzarlik uchun kim javobgar bo‘lishini belgilab qo‘yish narxi – 41 ming so‘m

Mashina egasi mashinasini boshqarish uchun yaqin qarindoshiga yoki ishonchnoma asosida kimgadir bergan bo‘lsa, mashina kelgusida radarga tushgan taqdirda ma’muriy jarima va jarima balli o‘sha shaxsning nomiga yozilishini belgilab qo‘yishi mumkin.

Foto: YHXX

Hukumat qarori bilan, transport vositalarini boshqarishga huquqini olgan shaxslarga yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun javobgarlik o‘tkazilgani haqida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini xabardor qilish tartibi belgilandi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan tegishli transportni fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida boshqarish va undan foydalanish huquqini olgan shaxslarga nisbatan yo‘l qoidabuzarligi uchun javobgarlikni o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Tasdiqlangan nizomga muvofiq, xabardor qilish xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Bu xizmatdan foydalanish uchun transport egasi my.gov.uz yoki mobil ilovada shaxsiy kabinet ochib, so‘rovnoma to‘ldiradi va unda transportni boshqarish huquqi beriladigan muddatni ko‘rsatadi.

Boshqarish huquqini olgan shaxs esa ushbu so‘rovnomani tasdiqlash orqali kelgusida unga nisbatan jarima solish to‘g‘risida qaror rasmiylashtirilishiga rozilik beradi. Bu rozilik elektron raqamli imzo, Mobile-ID yoki Face-ID orqali tasdiqlanadi.

Mazkur xabardor qilish xizmati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi (hozirda 41 200 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid