Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mbappe Ronalduning rekordini takrorladi, Holand yangiladi. Kun o‘yinlari
«Siti» navbatdagi marta yirik g‘alabaga erishdi, Husanov ikkinchi bo‘limda tushirildi; «Liverpul» to‘qqiz kishi bo‘lib qolgan «Tottenhem»ga qarshi qiynaldi; «Arsenal» hamon birinchi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Arsenal» yana birinchi
«Nyukasl Yunayted» – «Chelsi» 2:2
Gollar: Voltemade, 4 (1:0). Voltemade, 20 (2:0). Jyeyms, 49 (2:1). Joao Pedro, 66 (2:2)
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Sher, Tshau, Holl, Mayli, Tonali, Remsi (Uillok, 89), Gimarayns, Gordon (Vissa, 73), Myorfi (Barns, 73), Voltemade (Elanga, 73)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana, Kukurelya, Gyusto (Fernandes, 54), Jyeyms, Kaysedo, Palmer (Santos, 79), Garnacho, Pedru Netu, Joao Pedro
Ogohlantirishlar: Sher, 61. Vissa, 77. Holl, 86 – Sanches, 7. Garnacho, 27. Gyusto, 45. Kaysedo, 70. Santos, 82. Joao Pedro, 83
«Sent-Jyeyms Park»da bundan oldingi qatorasiga uch o‘yinni boy bergan «Chelsi» bu safar ham birinchi bo‘limni o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi. Avvaliga Gordon tomonidan tashkillashtirilgan tezkor gol mehmonlarni karaxt holatga tushirib qo‘ydi. «Nyukasl» yetakchisi maydon markazida to‘pni olib qo‘yib hujum boshlab berdi va raqib jarima maydoni tomon yetib borib, olis ustun tomon zarba berdi, ustundan qaytgan to‘pni esa Voltemade darvoza to‘riga kiritib yubordi. Germaniyalik hujumchi bo‘lim davomida Gordon yordamida dublni rasmiylashtirdi va o‘tgan turda «Sanderlend»ga qarshi o‘yindagi avtogol uchun aybini yuvdi. Bu ikki gol oralig‘ida Entonining o‘zi ham darvozani ishg‘ol etishi mumkin edi, ammo londonliklar posboni Sanches to‘sin ostidan kirib ketayotgan to‘pni qaytarib qoldi.
Dastlabki 45 daqiqalikda «Chelsi» hujumda hech narsa yarata olmadi, ammo jamoa ikkinchi bo‘limga butunlay boshqacha kayfiyatda qaytdi va Ris Jyeyms ijrosidagi jarima zarbasi o‘yinni butkul o‘zgartirib yubordi. Bu vaziyatda darvozabon Ramsdeyl pozitsiya tanlashda xatoga yo‘l qo‘ygandi. Biroz o‘tib ushbu darvozabon Pedru Netuning xavfli zarbasini qaytardi, ammo londonliklarni endi to‘xtatib bo‘lmasdi. Ketma-ket hujumlar Joau Pedru hisobni tenglashtirishi bilan yakunlandi. Londonliklar darvozaboni Sanches o‘z uzatmasi bilan uni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, braziliyalik hujumchi bu imkoniyatdan foydalandi. «Chelsi» kiperi APLda darvozabonlar o‘rtasida yaratilgan vaziyatlar bo‘yicha yaqqol yetakchi (5), ammo u endigina ilk assistentlik ballini olishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin o‘yin ikki tomonni ham qoniqtirmaydigan durang natija bilan yakunlandi. «Nyukasl» turnir jadvalining ikkinchi qismida qoldi, ko‘klar jamoasida esa top-4 ni tark etish xavfi mavjud.
«Manchester Siti» – «Vest Hem» 3:0
Gollar: Holand, 5 (1:0). Reynders, 38 (2:0). Holand, 69 (3:0)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Mateus Nunes, Gonsales (Husanov, 67), Reynders (Lyuis, 67), Bernardu Silva (Mukasa, 75), Sherki (Savio, 67), Foden, Holand
«Vest Hem»: Areola, Kilman, Todibo, Uoker-Piters, Magassa, Pots (Mavropanos, 79), Skarlz (Mayyers, 64), Fernandesh (Rodriges, 79), Sammervill (Uilson, 79), Lukas Paketa (Souchek, 78), Bouen
Ogohlantirishlar: Gonsales, 28 – Bouen, 41
«Manchester Siti» «Vest Hem» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi va layv rejimda turnir jadvalida birinchi o‘ringa chiqib oldi. O‘yin debyutidayoq Foden Holandni zarba berish nuqtasiga chiqardi, darvozabon to‘pni qaytargandi, ammo to‘p aynan norvegiyalik hujumchining o‘ziga qaytib keldi. Erling bu mavsumda o‘ninchi bor hisobni ochuvchi gol muallifiga aylandi. Bu raqam APLdagi istalgan boshqa futbolchining ko‘rsatkichidan kamida ikki barobarga yaxshiroq.
Bo‘lim oxirlarida esa Sherki raqibdan to‘pni olib qo‘ydi va undan to‘pni qabul qilgan Holand Reyndersga golli uzatma berdi.
«Bolg‘achilar»ning o‘yinni o‘zgartirishga harakatlari besamar ketdi, ikkinchi bo‘limda Gvardiola Gonsales va Reynders o‘rniga zaxiradan Husanov va Lyuisni tushirdi. Ikki daqiqa o‘tib Holand ikkinchi golini urganidan keyin mehmonlar uzil-kesil taslim bo‘lishdi. Ushbu to‘purar futbolchi keyingi epizodda olis burchakni nishonga olishda xatoga yo‘l qo‘ymaganida, katoliklarning Rojdestvo bayramigacha sermahsullik ko‘rsatish bo‘yicha rekordni yangilagan bo‘lardi. Ammo 1993 yilda Endi Koul tomonidan o‘rnatilgan natija o‘zgarmay qoldi. Erling Kevin Fillips va Luis Suares bilan birgalikda uning hammualliflari bo‘lib qoladi.
Shu bilan birga, norvegiyalik hujumchining APLda urgan gollari soni 104 taga yetdi va bu Krishtianu Ronalduning natijasidan bittaga yaxshiroq. Holbuki Holand bu natijaga chempionatdagi 114 o‘yinda erishdi, portugaliyalik yulduzga esa 236 o‘yin kerak bo‘lgandi. Lekin u golli uzatmalar soni bo‘yicha Ronaldudan ancha ortda – hozircha unda faqat 21 ta golli pas bor (Ronalduda 47).
«Tottenhem» – «Liverpul» 1:2
Gollar: Isak, 56 (0:1). Ekitike, 66 (0:2). Risharlison, 83 (1:2)
«Tottenhem»: Vikario, Romero, van de Ven, Spens, Porro, Grey (Palinya, 71), Bentankur, Bergvall (Odober, 71), Simons, Quddus (Jonson, 58), Kolo Muani (Risharlison, 80)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez, Bredli (Isak, 46, Frimpong, 60, Kiyeza, 90), Jons, Gravenberh, Makallister, Virs (Nioni, 90+10), Soboslai, Ekitike (Roberson, 90+9)
Ogohlantirishlar: Romero, 66. van de Ven, 85. Bentankur, 90. Risharlison, 90 – Konate, 76. Soboslai, 83. Makallister, 90
Chetlatish: Simons, 33. Romero, 90 (ikkinchi sariq)
Turning markaziy o‘yinida dastlabki yarim soat teng kurashlar ostida kechdi, keyin esa «Tottenhem» bir kishi kam bo‘lib qoldi. VAR aralashuvidan keyin arbitr monitor qarshisiga bordi va maydonning raqib jarima maydoniga yaqin qismida van Deykka qo‘pollik ishlatgan Simonsga ko‘rsatilgan sariq kartochka qizilga aylandi.

Arne Slot esa son jihatdan ustunlikdan foydalanish uchun tanaffusda o‘yinga o‘zgartirishlar kiritdi. Himoyachi Bredli o‘rniga ikkinchi markaziy hujumchi sifatida Isak tushirildi, Soboslai esa yana bir bor himoyaning o‘ng qanotiga o‘tdi.
Bu qaror ish berdi, Romero to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘ydi va Virs APLdagi ilk golli uzatmasini amalga oshirdi. Ammo hisobni ochgan Isak zarba berayotganida jarohat oldi va maydonni shifokorlar ko‘magida tark etdi.

U katta ehtimol bilan bir necha hafta jamoaga yordam bera olmaydi.

«Liverpul» esa yana bir bor sxemani o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi, Isak o‘rniga o‘ng qanot himoyachisi Frimpong tushirildi. Lekin Soboslai o‘zining yangi pozitsiyasida qoldi, jarohat tufayli oktyabr oyidan buyon ilk bor maydonga qaytgan niderlandiyalik himoyachi esa o‘ng qanot vingeri sifatida harakat qildi. Va bu qaror ham ish berdi, uning uzatmasidan keyin Ekitike hisobdagi farqni oshirdi. Bu fransuz uchun so‘nggi uch turdagi beshinchi golga aylandi.
Ammo 2:0 hisobi va son jihatdan ustunlik ham mehmonlarni xotirjam qila olmadi. Kolo Muanining zarbasidan keyin to‘p rikoshet bo‘lib, to‘singa bordi. Biroz o‘tib esa Risharlison hisobni qisqartirdi. U dublni rasmiylashtirishi ham mumkin edi, ammo Konate oxirgi pallada zarba yo‘liga oyoq qo‘yishga ulgurdi.
Bu orada Risharlison Frimpongning yuziga tirsak bilan urib, qonatdi, ammo jazosiz qoldi, ikkinchi bo‘lim davomida tushgan himoyachi esa o‘rnini Kiyezaga bo‘shatib berdi.

Shu tariqa, birinchi bo‘limda jarohatlangan Bredli o‘rniga tushirilgan ikki futbolchi ham ikkinchi bo‘lim davomida qaytadan zaxiraga olindi.
«Tottenhem»ning yakuniy shturmiga esa Romero xalal berdi, birinchi golda aybdor bo‘lgan argentinalik himoyachi keraksiz vaziyatda ikkinchi sariq kartochkani olib, jamoasini yanada qiyin ahvolda qoldirib ketdi. Lekin londonliklar to‘qqiz kishi bo‘lib qolganiga qaramay qo‘shimcha daqiqalarni to‘liq hujumda o‘tkazdi va hisobni tenglashtirish uchun vaziyatlarga ega bo‘ldi. Arne Slot esa hisobni ushlash uchun hujumchi Ekitike o‘rniga himoyachi Robersonni tushirdi. Yakunda «Liverpul» g‘alabali hisobni saqlab qoldi va turnir jadvalida beshinchi o‘ringa ko‘tarildi.
«Everton» – «Arsenal» 0:1
Gol: Yokeresh, 27 – penalti (0:1)
«Everton»: Pikford, Kin, Tarkovski, Mikolenko, O`Brayyen, Garner, Iroegbunam, Alkaras (Rel, 76), Grilish, Makneyl (Dibling, 75), Barri (Betu, 66)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Inkapiye, Kalafiori, Timber, Subimendi, Rays, Edegor (Merino, 88), Trossar (Martinelli, 80), Saka, Yoyekeresh (Gabriel Jyezus, 65)
Ogohlantirishlar: Mikolenko, 26. Tarkovski, 39 – Yokeresh, 56. Martinelli, 89
«Arsenal» birinchi bo‘limda «Everton»ga birorta zarba berishga imkon qoldirmadi. Bunaqasi mersisaydliklarda 2003-04 yillar mavsumidan buyon ikkinchi bor kuzatilishi. «Kanonirlar»ning o‘zi esa penaltidan hisobni ochdi, jamoaning shvetsiyalik hujumchisi Yokeresh nuqtadan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi, bu uning 1 noyabrdan buyon ilk goli bo‘ldi. O‘shanda u «Byornli»ga qarshi o‘yinda hisobni ochgan, ammo jarohat olib, tanaffusda almashtirilgandi. Bir oydan ortiq vaqt maydonda bo‘lmagan futbolchi asta-sekinlik bilan formasini tiklamoqda.
Tanaffusda Angliyadagilar ikkita vaziyatga e’tibor qaratishdi. Birinchidan, londonliklar APLda qatorasiga 34 marta birinchi bo‘limni g‘olib holda yakunlaganida yutqazmagan. Ikkinchidan, bu boradagi oxirgi qoqilish aynan «Everton»ga qarshi 2022 yil yanvarida o‘tgan o‘yinda ro‘y bergandi. Faqat shundan buyon juda ko‘p vaqt o‘tdi. Hozir «Arsenal» hisobni ochganidan keyin o‘yinni quritib, g‘alabani saqlab qolishni o‘rgangan. «Kanonirlar» APL tarixida beshinchi bor Rojdestvoga turnir jadvali peshqadami sifatida kirishmoqda. Paradoks shundaki, oldingi to‘rt holatda ular baribir chempion bo‘la olishmagan: uch marta ikkinchi, bir marta uchinchi o‘rinni egallashgan.

Ispaniya: «Real» «Barsa»ni ta’qib etmoqda
«Real» — «Sevilya» 2:0
Gollar: Bellinghem (38), Mbappe (86, penalti).
«Real»: Kurtua, Asensio (Ximenes, 90+3), Ryudiger, Hausen, Fran Garsiya, Chuameni, Guler (Kamavinga, 72), Bellinghem, Vinisius (Gonsalo Garsiya, 83), Rodrigo, Mbappe.
«Sevilya»: Vlaxodimos, Xuanlu Sanches, Karmona (Salas, 84), Gudel, Markan, Suazo (Oso, 60), Agume (Yanuzay, 84), Sou, Mendi (Gonsales, 84), Romero (Peke, 70), Aleksis Sanches.
Ogohlantirishlar: Karmona (34), Markan (37), Rodrigo (41), Asensio (60), Agume (70), Sou (90+2).
Chetlatish: Markan (68).
Bu mavsumda «Barselona»ni yirik hisobda (4:1) mag‘lub etgan «Sevilya» «Santyago Bernabeu»da ham dadil harakat qildi. Birinchi bo‘limda Fran Garsiya va Mbappening hujumlariga Isak Romeroning undanda xavfliroq chiqqan hujumi bilan javob qaytarildi. Bo‘lim yakunida esa Bellinghem Rodrigoning uzatmasidan keyin bosh bilan hisobni ochdi. Braziliyalik vinger so‘nggi vaqtlarda yorqin o‘yin ko‘rsatmoqda va aytish kerakki, u Xabi Alonsoni o‘zining jamoa uchun muhim ekaniga ishontira olmoqda.
Murabbiy avvaliga uni butunlay zaxiraga mixlab qo‘ygandi, keyin Vinisius Junior o‘rniga zaxiradan chap qanot hujumiga tushira boshladi, hozir esa Rodrigo boshlang‘ich tarkibda o‘ng qanot hujumida harakat qilmoqda. Ikkinchi bo‘limda esa u Vini zaxiraga olingach, chap qanotga o‘tdi va o‘sha qanotdan jarima maydoniga yorib kirib, penalti ishladi. Bu nafaqat o‘yin masalasini hal qildi, balki Mbappega Krishtianu Ronalduning bir kalendar yilida urilgan gollar soni bo‘yicha klub rekordini takrorlashga (59) imkon berdi.
Kilianda o‘yindan urish uchun ham vaziyatlar yetarli bo‘lgandi, ammo u maqsadiga 11 metrlik jarima zarbasi orqali erishdi va golni Ronaldu uslubida nishonladi.
U bu rekordni yangilashi ham mumkin edi, ammo qolgan vaqt davomida VAR ikki bor «Real»ni penalti tepish huquqidan mahrum qildi. Birinchi holatda Bellinghemga fol ishlatilmagan deb topildi, ikkinchisida fol jarima maydoni tashqarisida ishlatilgani qayd etildi. Hujumchi standart vaziyatdan urinib ko‘rdi, ammo to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi. Natijada Ronalduning rekordi saqlanib qoldi, turnir jadvalida esa madridliklar «Barsa»ga bir ochkolik masofada yaqinlashib oldi.

Mavzuga oid
12:27 / 22.12.2025
«Barsa» qishki chempion, «MYu» yana yutqazdi. Kun o‘yinlari
11:25 / 16.12.2025
«MYu» va «Bornmut» o‘yini gollar shousiga aylandi
14:40 / 15.12.2025
«Siti»da yirik g‘alaba, brazillar Alonsoni qutqardi
18:16 / 14.12.2025