Jahon | 12:04 / 09.07.2025
9521
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putindan noroziligini bildirdi va «kichik syurpriz» va’da qildi

«Putindan faqat behuda gap eshityapmiz. U juda xushmuomala, ammo bundan hech qanday naf yo‘q», – degan AQSh rahbari.

Foto: Doug Mills/The New York Times

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha harakatlari kontekstida RF prezidenti Vladimir Putinni keskin tanqid qildi.

«Ko‘p odam o‘lmoqda va bu to‘xtatilishi kerak. To‘g‘risini aytganda, biz Putindan faqat behuda gaplarni eshityapmiz. U doimo juda xushmuomala, ammo oxir-oqibat bundan hech qanday foyda bo‘lmadi»,  degan u.

Tramp Putin bilan muloqot qilishga tayyorligini aytgan, ammo RF prezidentidan «norozi» ekanini qayd etgan.

Tramp, shuningdek, senator Lindsi Grem tomonidan taklif qilingan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini «juda jiddiy» ko‘rib chiqayotganini ta’kidladi. U tegishli savolga batafsil javob berishdan bosh tortdi: «Xo‘sh, men buni sizga aytmagan bo‘lardim. Kichik syurpriz qilmaymizmi?»

So‘nggi haftalarda Tramp Putin haqida tobora ko‘proq salbiy fikrlar bildirmoqda. 3 iyul kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi telefon muloqotidan keyin u Rossiya-Ukraina masalasida oldinga siljish yo‘qligidan «hafsalasi pir bo‘lgani»ni aytgan va Rossiya prezidenti urushni to‘xtatishga «tayyor» ekaniga shubha bildirgandi.

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi ilk bor aprel oyida e’lon qilingan di, shundan beri 100 nafar senatordan 80 nafardan ortig‘i uni qo‘llab-quvvatladi. Hujjat Rossiya bilan savdo qiluvchi va shu bilan birga Ukrainaga yordam bermaydigan mamlakatlarning barcha mahsulotlariga 500 foiz miqdorida Amerika bojlarini joriy etishni nazarda tutadi.

Mavzuga oid