Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yordam allaqachon yo‘lda». Tramp eronliklarga murojaat qildi
Mamlakatda 100 soatdan beri internet o‘chiq. Reuters Erondagi rasmiylardan biriga tayanib, qurbonlar soni 2 mingga yetganini xabar qildi. Tramp namoyishlarni davom ettirib, davlat muassasalarini egallab olishga chaqirmoqda. Eronda namoyishlarning 17-kunida nimalar bo‘ldi?
Foto: ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Eronda 28 dekabr kuni boshlangan norozilik namoyishlari 17 kundirki davom etmoqda. Shu bilan birga, 13 yanvar kun davomidagi aksiyalar soni eng kam bo‘lgan kunga aylandi – sharqshunos Nikita Smaginning ma’lumotiga ko‘ra, oltita viloyatda jami 14 joyda kichik namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Uning kuzatuvlariga ko‘ra, 13 yanvardagi yirik aksiyalar haqida hech qanday dalil paydo bo‘lmadi va faqat ikki joyda namoyishga yig‘ilganlar soni 100 nafardan oshgan. Bu norozilikning so‘nishi bilan bog‘liqmi yoki eronliklar bir-biri bilan ham, tashqi dunyo bilan ham aloqaga chiqa olmayotgani bilanmi – bunisi noma’lum.
NetBlocks loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda internet ishlamayotganiga 100 soatdan oshdi. Aftidan, eronliklar endi Starlink tizimlaridan ham foydalana olmayapti, so‘nggi kunlarda sun’iy yo‘ldosh interneti mamlakatdagi vaziyatni tashqi dunyoga yetkazish uchun yagona vosita bo‘lib turgandi. Telefon aloqasi ham cheklangan: Associated Press xabariga ko‘ra, Tehrondan bir necha kishi ularning Dubaydagi muxbiri bilan aloqaga chiqishgan, biroq keyin ularga qayta ulanib bo‘lmagan. Agentlik suhbatdoshlari Eron poytaxtida bir nechta hukumat binolari yoqib yuborilgani, shahar markazi xavfsizlik kuchlari bilan to‘lgani, ular yo‘lovchilarni to‘xtatib so‘roqqa tutayotgani, shuningdek, uylarga bostirib kirib, Starlink terminallarini qidirishayotganini aytib berishgan.
Eronda namoyishlarning oldingi 16 kuni davomida kamida 646 kishi halok bo‘lgan. Xorijda faoliyat olib boruvchi eronlik huquqshunoslarning HRANA guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlarning 505 nafari namoyishchilar (shu jumladan, to‘qqiz nafari voyaga yetmagan bolalar), 133 nafari huquq-tartibot idoralari xodimlari va harbiylardir, shuningdek bir nafar prokuror hamda namoyishlar ishtirokchisi bo‘lmagan yana yetti fuqaro o‘ldirilgan. Namoyishlar boshlanganidan beri 10 700 dan ortiq odam hibsga olingan. O‘z navbatida, Eron hukumati vakili anonim tarzda Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar soni allaqachon 2000 kishiga yetgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Tehron viloyatining Qahrizoq shahridagi o‘likxonada jasadlar solingan qoplardagi o‘nlab jasadlar aks etgan kadrlar tarqalgan.
Namoyishlar fonida birinchi o‘lim hukmi e’lon qilingani ma’lum bo‘ldi. Kurdlarning Hengaw inson huquqlari tashkiloti Fardis shahrida yashovchi 26 yoshli Efron Soltaniyni qatl etishmoqchiligini ma’lum qildi. U 8 yanvar kuni hibsga olingan, 12 yanvar kuni esa uning oilasi Efranga o‘lim jazosi tayinlanganidan xabar topgan. Hukm ijrosi 14 yanvarga belgilangan. Soltaniyning yaqinlari unga qanday ayb qo‘yilgani va sud qachon bo‘lib o‘tganini bilishmaydi. «Biz ilgari hech qachon sud ishi bunchalik tez bo‘lib ketganini ko‘rmaganmiz. Hukumat odamlarni taslim qilish va qo‘rquv uyg‘otish uchun barcha usullarni qo‘llamoqda», – deya ta’kidlanadi Hengaw bayonotida.
AQSh Eron bilan hamkorlik qilayotgan davlatlar uchun 25 foizlik bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Oyatulloh rejimi bilan savdo qiladigan har qanday davlat «AQSh bilan amalga oshiriladigan barcha biznes operatsiyalarida» 25 foiz miqdorida boj to‘laydi, dedi Amerika prezidenti Donald Tramp. Bunday qaror shusiz ham jiddiy iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan Eronga qo‘shimcha bosim o‘tkazadi (aynan iqtisodiy vaziyat noroziliklarga turtki bo‘lgandi). Shu bilan birga, bu qaror AQShning Eron neftining asosiy xaridori bo‘lgan Xitoy bilan savdo sulhini ham xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
AQSh o‘z fuqarolarini zudlik bilan Eronni tark etishga chaqirdi. Bundan oldingi shu kabi murojaat 2025 yil iyunida, AQShning Erondagi yadroviy obektlarga raketalar va bombalar bilan zarba berishidan bir hafta oldin kuzatilgandi. Vashington hozir ham zarba berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda – Donald Tramp Eron rejimi namoyishchilarni o‘ldirayotgani tufayli bir necha bor vaziyatga aralashuv bilan tahdid qilgandi. Shu bilan birga, G‘arb ommaviy axborot vositalarining manbalariga ko‘ra, aralashuv (qanday bo‘lishi va umuman bo‘lishi) bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy Eronda sodir bo‘layotgan voqealarga ta’sir o‘tkazishning bir necha variantini ko‘rib chiqmoqda – rejim yetakchilariga «psixologik ta’sir ko‘rsatish» va yangi sanksiyalardan tortib, noroziliklarni bostirish bilan shug‘ullanadigan ichki xavfsizlik apparatiga kiberhujumlar hamda yadroviy obektlar va raketa omborlariga zarbalar berishgacha.
Tehron muzokaralarga tayyor. «Agar Vashington harbiy variantni sinab ko‘rmoqchi bo‘lsa, biz bunga tayyormiz», – degan Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi. Shu bilan birga, u AQSh muloqotning «oqilona varianti»ni afzal ko‘rishiga umid bildirgan. «Biz yadroviy masala bo‘yicha muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyormiz – faqat tahdidlar va buyruqlarsiz», – deya qo‘shimcha qiladi vazir.
Donald Tramp eronliklarni norozilik namoyishlarini davom ettirishga chaqirdi. «Eron vatanparvarlari, norozilik bildirishda davom eting, [davlat] muassasalarini egallab oling. Qotillar va zo‘ravonlarning ismlarini yozib oling. Ular og‘ir badal to‘lashadi. Men namoyishchilarni o‘ldirish to‘xtamaguncha Eron rasmiylari bilan barcha uchrashuvlarni bekor qildim. Yordam allaqachon yo‘lda. MIGA!» - deb yozdi AQSh prezidenti 13 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda. Germaniya kansleri Fridrix Mers esa dunyo oyatulloh rejimining «so‘nggi kunlarini» kuzatayotganini aytgan.
Mavzuga oid
21:00 / 13.01.2026
Erondagi namoyishlar: qurbonlar soni minglab bo‘lishi mumkin
17:05 / 13.01.2026
AQShda Federal zaxira tizimi raisi Jyerom Pauellga nisbatan tergov boshlandi
13:55 / 13.01.2026
AQSh o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirdi
13:14 / 13.01.2026