Jahon | 13:55
3664
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirdi

Oxirgi bor shunday e’lon berilganidan ko‘p o‘tmay Eron hududi AQSh harbiylari tomonidan bombardimon qilingandi.

Foto: Atta Kenare/AFP/Getty Images

Qo‘shma Shtatlar o‘z fuqarolarini mamlakatdagi norozilik namoyishlari va Vashingtonning ehtimoliy zarbalari fonida Eronni «zudlik bilan» tark etishga chaqirdi. Bunday xabar AQShning Tehrondagi virtual elchixonasi saytida e’lon qilindi.

«AQSh fuqarolari internetdagi uzilishlar davom etishini hisobga olib, muqobil aloqa vositalarini rejalashtirishlari va agar bu xavfsiz bo‘lsa, Erondan quruqlik orqali Armaniston yoki Turkiyaga chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqishlari kerak. <...> Erondan chiqib ketishning AQSh hukumatining yordamiga bog‘liq bo‘lmagan rejasini ishlab chiqing», – deyiladi xabarda.

Agar AQSh fuqarolari Erondan chiqib keta olmasa, unda ular o‘z uylarida qolishi, namoyishlardan chetda turishi, shuningdek, oziq-ovqat, suv, dori-darmon va boshqa zarur narsalarni g‘amlab qo‘yishi kerak, deyiladi xabarda.

2025 yil 15 iyunda ham AQShning Tehrondagi virtual elchixonasi saytida Erondagi amerikaliklarga qaratilgan xuddi shunday xabar e’lon qilingandi. 22 iyunga o‘tar kechasi Vashington Erondagi yadroviy obektlar bo‘ylab zarbalar yo‘lladi.

2025 yil dekabr oyi oxiridan buyon Eronda hukumatga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. OAV va huquq faollariga ko‘ra, Eron hukumati namoyishlarni kuch bilan bostirishga harakat qilmoqda, politsiya bilan to‘qnashuvlarda yuzlab kishilar halok bo‘lgani va minglab kishilar hibsga olingani haqida xabarlar kelmoqda. Eronda ro‘y berayotgan voqealar bo‘yicha tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘q, mamlakatda bir necha kundan buyon internet o‘chirib qo‘yilgan.

Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh namoyishchilarga kuch ishlatayotgani tufayli Eron bilan munosabatlarda qanday yo‘l tutish bo‘yicha bir necha «o‘ta qattiq» variantlarni ko‘rib chiqmoqda. The New York Times nashri yozishicha, bu variantlar orasida – Eron bo‘ylab zarbalar ham ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid