O‘zbekiston | 21:17 / 21.11.2019
32511
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda iste'mol savati va yashash minimumi haligacha joriy etilmagani tanqid qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 noyabr kuni aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«So‘nggi ikki yilda ijtimoiy nafaqa oladiganlar soni 1,3 baravarga, nafaqa miqdori 2 baravarga oshirilgani, ishlayotgan pensionerlarga pensiyani to‘liq to‘lash tartibi joriy qilingani qayd etildi.

Lekin tizim bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda. Joriy yilning 9 oyida Xalq qabulxonalariga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bilan bog‘liq 36 mingta shikoyat bo‘lgani ham shundan dalolat beradi.

Masalan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamini aniqlash, hisobga olishning yagona mezoni yo‘q. Pensiya va nafaqalar miqdorini belgilashda muhim omil bo‘lgan iste'mol savati va yashash minimumi joriy qilinmagan. Ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar bo‘yicha bepul davolanish uchun beriladigan orderlar har doim ham ehtiyojmand fuqarolarga yetib bormayapti.

Bunday holatlar aholining yordamga muhtoj qismiga uy-joy ajratish, maktabgacha ta'lim muassasalarida ota-onalar badalidan ozod qilish kabi masalalarda ham uchraydi. Mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarni uy va ish bilan ta'minlash, yolg‘iz keksalarni parvarishlash, doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish borasida ham kamchiliklar bor.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi ishlarni koordinatsiya qiladigan yaxlit tizim yo‘q, bu masalalar bilan o‘ttizga yaqin davlat idoralari, tashkilotlar va komissiyalar shug‘ullanmoqda.

Yig‘ilishda xalqaro tajriba asosida bu sohada butunlay yangi tizimni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Buning uchun, avvalo, ijtimoiy ko‘makka muhtojlarni aniqlash va ularni hisobga olish, to‘lovlarning manzilliligini ta'minlash zarurligi ta'kidlandi. 

Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasiga xalqaro tashkilotlar ekspertlarini jalb etib, iste'mol savati va yashash minimumini hisoblash tartibi hamda iste'mol me'yorlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Uni avval muayyan shahar va viloyatlarda tajribadan o‘tkazib, keyin amalga kiritish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Iste'mol savatchasi qiymati 1 dekabrgacha belgilanishi kerak

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev «iste'mol savatchasi» tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda ta'minlash mexanizmlarini yaratish kerakligi haqida 2017 yil dekabrdagi parlamentga murojaatnomasida aytgan edi.

2018 yilgi davlat dasturiga asosan, 2018 yil 1 iyuligacha «iste'mol savatchasi» tushunchasi va uni aniqlash mezonlari aks etgan normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi belgilangandi.

Shuningdek, 2018 yil may oyidagi prezident qarori bilan, eng kam iste'mol savatchasi hamda tirikchilik uchun eng kam miqdor hisob-kitobini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutiga yuklatilgan.

2019 yil apreldagi prezident qaroriga ko‘ra esa, 2019 yil 1 dekabrgacha Iqtisodiyot va sanoat vazirligi iste'mol savatchasi va tirikchilik uchun eng kam miqdorning aniq qiymati va tarkibini aniqlashi zarur.

Joriy yil iyul oyida Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev O‘zbekistonda iste'mol savatchasining taxminiy miqdori 650 ming so‘m ekanini aytgan edi.

Mavzuga oid