Jamiyat | 12:01 / 24.09.2025
24187
1 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkor savdo do‘konida kaltaklandi: jabrlanuvchida tutqanoq kuzatilgan

Ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumanida tadbirkor savdo do‘koni ichida ayovsiz kaltaklanayotgan videolavha tarqaldi. Samarqand viloyati IIB axborot xizmati holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Kadrlarda jabrlanuvchi yerga qulagani, tutqanoq tutib, qaltiroq holatiga tushgani ko‘rinadi. Uni ajratib qolishga uringan odamlarga ham zo‘ravon shaxsning sheriklari qarshilik qilgani tasvirda aks etgan.

IIB ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 22 sentabr kuni soat 18:30 larda Urgut tumani Mergancha mahallasida joylashgan do‘konlardan birida 1993 yilda tug‘ilgan X.M. uch nafar tanishi bilan birga kelib, bir kun oldin ukasi va do‘konda savdo qilayotgan, 1996 yilda tug‘ilgan S.Sh. o‘rtasidagi kelishmovchilikni bahona qilib, uni urgan.

Holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid